“Alhadaya”ga nisbatan ish qo`zg`atilib, unga jarima qo`llandi

13.02.2026 12:12

Bu haqda Raqobat xabar bermoqda. Unga ko`ra, “Alhadaya” biologik faol qo`shimchasi reklamasi yuzasidan o`rganish ishlari olib borilganda, mazkur reklamada ta`sir xususiyatiga ega bo`lmagan iboralardan foydalanilgan. 
BFQ to`g`risida to`liq ma`lumot berilmagan, uning terapevtik samaradorligi va kasalliklarni engillashtirishi haqida ma`lumotlar berilgan. Bu esa, iste`molchilarda biologik faol qo`shimchani dori vositasi sifatida tushunishga sabab bo`lishi mumkin.

"Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasining “Reklama to`g`risida”gi qonuni 35-moddasiga muvofiq, ovqatga qo`shiladigan biologik faol qo`shimchalar hamda oziq-ovqat qo`shimchalarini reklamasiga nisbatan qator majburiy talablar belgilangan.

Jumladan, bunday reklama:
Ular dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega degan taassurotni uyg`otmasligi;

Ularni qo`llash natijasida odamlar davolanganligiga, ularning ahvoli yaxshilanganligiga doir muayyan hollarga havolalarni o`z ichiga olmasligi;

Ularning qo`llanilganligi munosabati bilan jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorchilik izhorini o`z ichiga olmasligi;

Sog`lom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;

Ovqatga qo`shiladigan biologik faol qo`shimchalarning va oziq-ovqat qo`shimchalarining tadqiqotlar o`tkazilganligi, davlat ro`yxatiga olinganligi to`g`risidagi faktlarga havolalar qilish, shuningdek boshqa tadqiqotlar natijalaridan ularni qo`llash uchun to`g`ridan-to`g`ri tavsiya shaklida foydalanish orqali dori vositalariga nisbatan afzalliklari haqidagi taassurotni yuzaga keltirmasligi;

Voyaga etmaganlar olishi yoki iste`mol qilishi taqiqlangan ovqatga qo`shiladigan biologik faol qo`shimchalar va oziq-ovqat qo`shimchalari reklamasida bolalar tasviridan foydalanilmasligi kerak.

Ovqatga qo`shiladigan biologik faol qo`shimchalar va oziq-ovqat qo`shimchalari reklamasi har bir holda reklama ob`ekti dori vositasi emasligi to`g`risidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerak.

Ovqatga qo`shiladigan biologik faol qo`shimchalar va oziq-ovqat qo`shimchalari reklamasi bo`yicha rag`batlantiruvchi aksiyalar o`tkazish taqiqlanadi", deyiladi Qo`mita xabarida.

Yuqorida keltirilgan holatlarga asosan, Qo`mita Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama to`g`risida”gi qonun talablari buzilishi  alomatlari bilan “ALHADAYA NEW” MChJga nisbatan ish qo`zg`atilib, ishni ko`rib chiqish yakunlari yuzasidan moliyaviy jarima qo`llash yuzasidan qaror qabul qilingan.

Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida yo`l qo`ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo`lgan ko`rsatma berildi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар