Abdulaziz Komilov Tinchlik kengashiga qo`shilish maqsadlari haqida gapirdi

23.01.2026 13:46

Unga ko`ra, Kengashga qo`shilish xavfsizlik nuqtai nazaridan qilingan harakat. Prezident maslahatchisi, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O`zbekistonning Tinchlik kengashiga qo`shilishi va undagi manfaatlari haqida fikr bildirib, bu kengashga qo`shilish, avvalo, xavfsizlik nuqtai nazaridan kelib chiqqanini aytdi. Shuningdek, uning vazifalari O`zbekistonning tashqi siyosat manfaatlariga mos keladi.
Komilovning ma`lum qilishicha, iqtisodiy forum kun tartibida ko`p siyosiy masalalar bor. Bulardan bittasi G`azo mintaqasidagi harbiy iqtisodiy inqiroz va bu inqirozni hal qilish uchun yo`lini topish. Shunday maqsad qo`yilgan va yaqinda Donald Tramp Tinchlik kengashini tashkil etish taklifini kiritgan. Tinchlik kengashining oldida turgan vazifa, avvalambor, G`azo inqirozini hal qilish.

“Prezident Shavkat Mirziyoev Donald Trampning taklifini qabul qilib, rozilik berdilar. Savol tug`iladi: biz nima uchun bu tashabbusni qo`llab-quvvatladik? Birinchidan, xavfsizlik nuqtayi nazaridan, albatta, bizning manfaatlarimiz bor. Ikkinchidan, kengashni oldida turgan vazifalar, maqsadlar bizning tashqi siyosatimizning asosiy tamoyillariga to`liq javob beradi va mos keladi. Uchinchidan, haqiqatdan ham bu mintaqada biz juda jiddiy hayotiy manfaatlarimiz bor”, — degan Komilov.

Maslahatchiga ko`ra, O`zbekiston fuqarolari mintaqadagi ekstremist oqimlarga, tashkilotlarga, guruhlarga qo`shilib, keyin mamlakatga qaytib kelib, muammo tug`dirishga harakat qilmoqchi ham bo`lgan. Lekin davlat tomonidan ular mamlakatga qaytarilib, ijtimoiy yangi hayotga kiritish uchun sharoitlar yaratib berilgan. Bu holat Birlashgan Millatlar Tashkilotining rahbariyatining tomonidan juda yuqori baholangan. O`zbekistonning ham shu mintaqada, boshqa davlatlar bilan birga, manfaatlari bor va bu manfaatdorlik avvalambor, o`zimizning xavfsizligimizni ta`minlash bilan bog`liq.

“Ikkinchi sabab nima uchun biz bunga juda katta e`tibor beryapmiz? Afg`oniston qo`shnimizni olsak. Afg`oniston qo`shnimizga hujum boshlanishidan oldin, u erda hech qanday ekstremist, terrorist tashkilotlar bo`lmagan. Lekin urush boshlangandan keyin ko`pincha mana shunaqa tashkilotlar, guruhlar qaerdan keldi? Yaqin Sharqdan keldi. Albatta, Yaqin Sharq muammosini hal qilish oson masala emas. XX asrda Yaqin Sharqning boshi urushdan chiqmagan. Shuning uchun bu masalani hal qilish uchun butun xalqaro hamjamiyat birlashib, nafaqat AQSh, arab davlatlari, musulmon davlatlari, balki mana shu Markaziy Osiyo davlatlari birgalikda harakat qilish kerak. Har bitta qadamni o`ylab qo`yib, tinchlik o`rnatilsa, barqarorlik o`rnatilsa, bu juda muhim qadam bo`ladi”, — dedi prezident maslahatchisi.

Shuningdek, Komilov O`zbekistonning sammitda ishtirok etishi mamlakatning xalqaro maydonda jiddiy ishtirokchiligini tan olish ekanligini ta`kidlagan.

Eslatib o`tamiz, Shavkat Mirziyoev 22 yanvar kuni Davos shahrida AQSh prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tashkil etilayotgan Tinchlik kengashi nizomini imzolash marosimida ishtirok etdi. Shuningdek, bir qator davlatlar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o`tkazib qaytdi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар