Jabrlanuvchi: kredit chiqqanidan bexabarman
Rost24.uz tahririyatiga Surxondaryo viloyati Sho`rchi tumanida yashovchi fuqaro G`ayrat Dusbekovdan murojaat keldi.
Murojaatda aytilishicha, G`.Dusbekov 2019 yil boshida Agrobank ATB Sho`rchi tuman filialiga “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasida kredit so`rab murojaat qilgan.
Hujjatlarni olib qolgan bank xodimlari mijozning ishtirokisiz 2019 yilning 6 fevral kuni ta`minotchi ishtirokida 25 million so`m kredit rasmiylashtirishgan.
Jabrlanuvchi G`.Dusbekovning bildirishicha, u hech qanday kredit shartnomasi imzolamagan, unga chiqarilgan kredit mablag`laridan ham bexabar bo`lgan.
Xabar topgan jabrlanuvchi Agrobank ATB Sho`rchi tuman filialiga muammoni bartaraf etish bo`yicha bir necha bor murojaat qiladi. Bank xodimlari G`.Dusbekovni 3 yil mobaynida og`zaki va`dalar bilan aldab kelib, 2022 yilning mart oyida G`.Dusbekovning plastik kartasidan 4 567 000 so`mni echib oladi. Shundan so`ng jabrlanuvchi Agrobank ATB Sho`rchi tuman filiali asossiz echib olgan mablag`ni undirib berishni so`rab Fuqarolik ishlari bo`yicha Denov tumanlararo sudiga murojaat qiladi.
Sudda G`.Dusbekov yutib chiqqach bank xodimlari ayblari oshkor bo`lmasligi uchun G`.Dusbekovni Mediativ shartnoma bitimini tuzishga ko`ndirishadi. Hattoki, Mediativ shartnomaning 7 bandiga “Taraflar mediasiya jarayonida ma`lum bo`lib qolgan ma`lumotlarni mediasiya taraflarning roziligisiz oshkor qilmaslik majburiyatini oladi” degan jumlani ham qo`shib ketishadi. Bu jumlalar Agrobankning o`ziga xos “uslublari” oshkor bo`lishining oldini olish hisoblanmaydimi?
Shuningdek, Mediativ shartnoma bitimini imzolashda jabrlanuvchi advokatsiz ishtirok etganidan foydalangan bank huquqshunoslari shartnomaga quyidagi jumlani kiritishadi: “...Abdul nosir Agrofirma” MChJ rahbari o`zlashtirib ketgan 28 058 350 so`m mablag`ni MIB Dusbekov G`ayrat foydasiga unirib berganda ATB “Agrobank” Sho`rchi tuman filialiga kreditni so`ndirish uchun to`lab berish majburiyatini olganligi munosabati bilan ATB “Agrobank” Sho`rchi tuman filiali kredit mablag`ini G`ayrat Dusbekovdan talab qilishdan tiyilish majburiyatini oladi”.
Ushbu jumlada bank xodimlari (jabrlanuvchining aytishicha, bank xodimlari o`zlari topgan) ta`minotchidan olgandagina mablag`ni qaytarishni va`da qilishadi. Shuningdek, jabrlanuvchini bezovta qilmaslikni ham zimmasiga olishadi. Bank hattoki rasmiy kafolat xati ham beradi.
Biroq, Mediativ shartnoma bitimining 3-bandida “Mediativ kelishuv bitimi nomuayyan muddatga tuzildi” deyilgan bo`lsa-da, Agrobank jabrlanuvchining plastik kartasidan pul echishda davom etadi.
Agrobank ATB Sho`rchi tuman filiali shu kungacha G`ayrat Dusbekovga tegishli plastik kartadan jami 18 868 048 so`m mablag`ni echib olgan.
Murojaatchining aytishicha, mijoz ishtirokisiz hujjatlarni qalbakilashtirib o`zlari topgan ta`minotchi bilan shartnoma qilib, 25 million so`mni chiqarib yuborgan Agrobank ATB Sho`rchi tuman filiali xodimlari hamon ishlashda davom etmoqda ekan. Kredit shartnomasida o`zi ishtirok etmagan jabrlanuvchi esa adolat izlab haligacha sudlar ostonasida sarson-sargardon.
Mazkur murojaatdagi yana bir ajablanarli holat shuki, Agrobank ATB Sho`rchi tuman filiali Bu kabi holat bitta emasligi ham qayd etilgan.
Sud hujjatlarida keltirilishicha, ayni shu ta`minotchiga yana boshqa o`nlab fuqarolarga issiqxona qurib berishi uchun 20–30 million so`m atrofida kreditlar ajratilgan. Ammo issiqxonalar qurib berilmagan. Ayrim holatlarda fuqarolarga 13–30 million so`mgacha moddiy zarar etkazilgani qayd etilgan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Oltinsoy sudining 2021 yil 16 mart kungi hukmi bilan ta`minotchi – “Abdul nosir Agrofirma” MChJ rahbari ozodlikdan mahrum etilgan.
«Pulni olgan shaxs jinoyatchi deb topildi. Men kredit olmaganman, tergovda ham ishtirok etmaganman. Ammo bank bu holatlarga befarq qarab, himoya qilish o`rniga meni qarzdor sifatida ko`rishda davom etmoqda. Sud esa shartnomadagi qalbaki imzolarning ekspertizasini talab qilmayapti», – deydi murojaatchi.
Murojaatda qayd etilishicha, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilgan ta`minotchida qolib ketgan mablag`larni bank shartnomaga imzo chekmagan shaxsdan undirmoqda ekan.
Mediativ kelishuv bitimi va rasmiy kafolat xati mavjud bo`lsa-da, nega bu ish bankning yuqori boshqaruv tizimlariga etib bormagani yoki etib borgan bo`lsa-da, nega unga munosib huquqiy baho berilmagan?
Ushbu masala Agrobank ATB rahbariyati tomonidan oddiy holat sifatida emas, balki bir necha fuqaro manfaatlariga daxl qilayotgan muammo sifatida ko`rib chiqilishi lozim.
Mazkur murojaat bo`yicha bank mas`ullariga murojaat qilindi. Ammo javob bo`lmadi. Rost24.uz tahririyati mazkur holat bo`yicha Agrobank ATBga ham minbar berishga tayyor.