Maktabgacha va maktab ta`limi vazir o`rinbosari T.Komilov tomonidan 2005 yil 4 noyabrda imzolangan 05-19-7511-sonli buyrug`iga asosan 2026 yil 1 yanvardan boshlab vazirlikka qarashli barcha tizim “Edo.ijro.uz” moduli orqali elektron hujjat aylanish tizimiga to`liq o`tilishi belgilangan.
Qog`ozsiz ish yuritishga o`tish jarayonini jadallashtirish maqsadida 2023 yil chiqarilgan 76-son Prezident Farmoni asos qilib ko`rsatilgan buyruqda shunday deyiladi:
“Unicon-Soft” MChJning 2025 yil 22 oktyabrdagi xati bilan 2026 yil 1 yanvardan:
– “Ijro.gov.uz” – ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimini texnik qo`llab-quvvatlash xizmati uchun: har bir foydalanuvchi uchun oyiga (QQSsiz) 74 500 so`m;
– “E-HUQUQSHUNOS” elektron tizimini texnik qo`llab-quvvatlash xizmati uchun: bir oyga (QQSsiz) 375 000 so`m etib belgilanganligini ma`lum qilgan.
Buyruqqa asosan, har bir foydalanuvchi 449 500 so`m har oyga, bir yilga 5 394 000 so`m “Unicon-Soft” hisobiga o`tkazishi kerak.
Shu erda raqamlarni kalkulyatorga solib ko`ramiz.
“Tasarrufingizdagi tashkilotlarni (umumiy o`rta ta`lim maktablari va maktabgacha ta`lim tashkilotlari, shu jumladan alohida ta`lim ehtiyojlari bo`lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktabinternatlar, ko`p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta`lim tashkilotlari hamda qo`shma turdagi maktabgacha ta`lim tashkilotlari) ushbu yangi belgilangan tariflardan xabardor qilishingiz so`raladi”, – Buyruq vazirlik tasarrufidagi barcha tashkilotlarga yo`naltirilgan.
Vazirlik tasarrufidagi tashkilotlar soni (31 000 ta nodavlat maktabgacha ta`lim tashkiloti qo`shilmaganda) jami 18 mingtani tashkil etmoqda. Shunda birgina buyruq bilan Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligiga byudjetdan ajratilgan 97 mlrd 092 mln so`m “Unicon-Soft” hisobiga o`tib ketmoqda.
Odatda raqamlashtirishdan ko`zlangan maqsad – operasion xarajatlarni (qog`oz, pochta, transport, vaqt) kamaytirish hisobiga tejamkorlikka erishishdir. Ammo Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligining raqamlashtirishga o`tishi bir yillik xarajati 97 milliard so`mdan qimmatga tushmoqda.
Bunchalik katta mablag`ning to`g`ridan-to`g`ri shartnomalar orqali bitta tashkilotga yo`naltirilishi savollarni ko`paytiradi, albatta. Qolaversa, belgilangan bu narx bozordagi ko`plab professional xizmatlardan qimmatroq. Agar tizim kiritilishi bilan qog`oz xarajatlari keskin kamayganda ham, 97 milliard so`mlik “servis haqi“ bu tejalgan mablag`lardan bir necha barobar ko`pligi ehtimoli yuqori.
Nega bunday yirik davlat buyurtmasi ochiq tender orqali emas, balki birgina tashkilot bilan to`g`ridan-to`g`ri amalga oshirilmoqda? Narxlar qaysi mezonlar asosida belgilangan?, Bitta MChJga o`tkazilayotgan bir yillik 97 mlrd so`mga nechta 2 ta mukammal platforma yaratish mumkin emasmidi?
Bu mavzu ichiga kirib boravergan sari shubhali savollar ko`payib bormoqda. Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi esa ochiq qolayotgan savollarga javob bergan holda shubhalarimizni aritadi degan umiddamiz.