50 yil avval ishlab chiqarilgan avtomashinalar taqdiri kimning qo`lida? “Antikvar”lik mezonlarining noaniqligi korrupsiya xavfini kuchaytirishi mumkin

11.02.2026 09:31



2026 yil 1 fevraldan O`zbekistonda ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo`lgan transport vositalaridan foydalanish bo`yicha yangi tartib kuchga kirdi. Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 20 yanvardagi 11-son qaroriga muvofiq, bunday transport vositalari faqatgina “antikvar” avtomototransport vositasi maqomi berilgan holdagina yo`l harakatida qatnashishi mumkin bo`ladi.

Qarorga ko`ra, ishlab chiqarilganiga 50 yil yoki undan ortiq bo`lgan, biroq “antikvar” maqomiga ega bo`lmagan avtomashinalardan foydalanish taqiqlanadi. Ular qayta ro`yxatdan o`tkazilmaydi va davlat ro`yxatidan chiqariladi. Bunday transport vositalarining yo`l harakatida qatnashishi qonunbuzarlik hisoblanadi.

Mazkur qoida nafaqat yuk avtomobillari yoki maxsus texnikalarga, balki oddiy engil avtomashinalarga ham taalluqli. Bir so`z bilan aytganda, ular bir uyum temirga aylanadi.

Shu erda juda o`rinli savollar tug`iladi. Qaysi mezonlarga asosan "Antikvar" belgisi beriladi? Antikvar belgisini olish uchun yana alohida to`lov joriy qilinadimi?
Mezonlarni baholashda bari bir inoson omili aralashadi. Unda byurokratizm va korrupsiya avj olmaydimi? Bu savollarga javob bo`luvchi qismlar hujjatda keltirilmagan.

Hujjatga muvofiq, transport vositasi ishlab chiqarilganiga kamida 50 yil bo`lgan, tashqi ko`rinishi, tuzilishi va asosiy agregatlari saqlangan, shuningdek, tarixiy yoki kolleksion qiymatga ega bo`lsa, “antikvar” deb tan olinishi mumkin. Bunday avtomashinalar davlat ro`yxatidan o`tkaziladi va ular uchun “ANT” seriyali alohida davlat raqami belgisi beriladi.

Biroq aynan shu joyda qarorning eng bahsli jihati yuzaga chiqadi. “Asl holat” tushunchasi aniq texnik reglament yoki o`lchovlar bilan belgilab ko`rsatilmagan. Qay darajadagi o`zgarishga yo`l qo`yilishi mumkinligi, qaysi agregatlar “asosiy” hisoblanishi, baholashni kim va qanday mezonlar asosida amalga oshirishi aniq ko`rsatilmagan.

Natijada “antikvar” maqomini berish yoki rad etish masalasi amalda inson omiliga inspektor yoki komissiya qarorlariga bog`liq bo`lib qolmoqda. Bu holat esa, tabiiyki, tengsizlik va korrupsiya xavfini kuchaytiradi. Sababi qarorda rad etilgan holatlar bo`yicha mustaqil ekspertiza, ikkinchi baholash yoki onlayn apellyasiya mexanizmi nazarda tutilmagan.

Shu bilan birga, qarorda ayrim ma`muriy tartib-taomillarni soddalashtirishga qaratilgan normalar ham mavjud. Xususan, avtomototransport vositalarini davlat ro`yxatidan o`tkazishda oldi-sotdi shartnomasi, elektron auksion bayonnomalari, davlat ulushi mavjud korxonalar tomonidan berilgan elektron hisob-ma`lumotlar hamda transport vositasi mulkdoriga oid ma`lumotlar fuqarolardan talab qilinmaydi. Ushbu hujjatlar vakolatli organlar tomonidan idoralararo elektron hamkorlik orqali mustaqil ravishda olinadi.

Biroq mazkur raqamlashtirish qaror qabul qilish mazmuniga, xususan, “antikvar” maqomini berishdagi baholash mezonlarining noaniqligiga ta`sir ko`rsatmaydi. Yuqoridagi savollarimizga javob bo`la olmaydi.

Qayd etilishicha, davlat raqami belgilarini berish va servis xizmatlari uchun to`lovlar miqdorlari “Uzavtomotoservis” davlat unitar korxonasi tomonidan belgilanadi. Biroq “antikvar” avtomashinalar uchun alohida yoki oshirilgan to`lov joriy etilishi masalasi hamda to`lovlarni shakllantirish mexanizmi ochiq qolgan.

Deylik, qaysidir mezon asosida cheklov yoki to`lov xarajatlari falon so`mdan oshirilmaydi, deb ko`rsatilganida, boshqa gap edi. “Uzavtomotoservis” davlat unitar korxonasi monopol maqomga ega ekan, u istagan so`mni belgilashi va bunga etarlicha sabab topib berishi mumkin.

Shuningdek, rasmiy maqsad sifatida tizimni raqamlashtirish, byurokratik tartiblarni qisqartirish va ma`muriy ishlarni soddalashtirish ko`rsatilgan bo`lsa-da, amalda inson omilini kamaytirishga qaratilgan aniq kafolatlar etarli emas. Ayniqsa, 50 yildan oshgan minglab avtomashinalar taqdiri “antikvar” maqomini berishdagi sub`ektiv yondashuvlarga, ya`ni inson omiligagina bog`liq bo`lib qolmoqda.

Agar qo`shimcha ravishda ochiq texnik reglamentlar, ball asosida baholash tizimi, mustaqil ekspertlar instituti va onlayn apellyasiya mexanizmi joriy etilmasa, mazkur qaror raqamlashtirish orqali islohot emas, balki yangi muammolar manbai sifatida xizmat qilishi mumkin.

Tegishli tashkilotlardan ushbu ochiq qolgan savollarga javob berishlarini so`rab qolamiz.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар