Butun respublika bo`yicha avtobuslarga metan gaz berilmagan – bu nimani anglatadi?

26.01.2026 17:06

Transport vazirligi bugun Farg`ona shahrida yo`nalishdagi avtobuslar metan gaz yo`qligi sababli yo`nalishga chiqmaganini xabar qilgan edi. Ma`lum bo`lishicha, respublika magistral tarmog`ida etishmovchilik bo`lgani bois 24-25 yanvar kunlari butun respublika bo`yicha avtobuslarga metan gaz quyilmagan.
Dam olish kunlari – shanba va yakshanbada respublika bo`yicha avtobuslarga metan gaz berilmagan, bugun – 26 yanvardan metan gaz berish boshlanishi aytilgan. Shundan so`ng, balki avtobuslar odatiy ish rejimiga o`tilishi mumkin. Farg`onada hokimlik tabiiy gaz ta`minotiga mas`ul idoralar bilan kelishgan holda, faqat aholiga tabiiy gaz etkazish topshirig`ini bergan.

Energetika vaziri matbuot kotibiga ko`ra, metan zapravkalar onlayn rejimda kuzatib borilmoqda va vodiyda yakshanba, 25 yanvar kuni 417 ta metan zapravkalar tabiiy gaz olishgan. AGTKSh maxsus texnikalar va jamoat transportlari uchun berilayotgan tabiiy gaz hajmini e`lon qilib boradi. Onlayn tizimdagi yakshanba kungi ma`lumotda, Farg`ona viloyatida 160, Andijon 131 ta va Namangan viloyatida 126 ta zapravka gaz olgani ko`ringan.

Rasman tasdiqlanmagan ma`lumotlarga ko`ra, gaz tanqisligi ortidan boshqa bir qancha viloyatlarda ham  avtobuslar yo`nalishga chiqmagan. Avtobuslar qachon odatiy ish tartibiga qaytishi bo`yicha aniq, rasmiy tasdiqlangan bayonot berilmadi.

Energetika vaziri Jo`rabek Mirzamahmudov 11 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida hisobot berib, vodiydagi metan zapravkalarda cheklovlar kiritilganida ko`chma konteynerlar orqali tabiiy gaz etkazib berish tizimi 22 dekabr ishga tushirilishini aytgan edi. ammo Oliy Majlisga berilgan va`dalar ham bajarilmasligi mumkin ekan, aytilgan muddatdan ikki oydan oshiq vaqt o`tsa-da, viloyatlardagi muammolar hal bo`lmadi, aksincha. Keyinroq Energetika vazirligi Farg`ona viloyati Beshariq tumanida metan konteynerlarga gaz to`ldirishni ta`minlash uchun kompressor stansiyasi qurilishi olib borilayotganini ma`lum qilgan.

Energetika vazirligi zapravkalar gaz olganini, Transport vazirligi esa, gaz yo`qligi tufayli yo`nalishlarga chiqilmaganini aytmoqda, kimga ishonish kerak? Ammo haqiqat shuki, avtobuslar yo`nalishlarga chiqmagan, gaz kimga berilgan shunda? O`rtada o`z-o`zidan havoga uchib ketganmi?

Qiziq, Energetika vaziri va`da berayotganida nimani nazarda tutgan? Yuqoridagi muddatni nimaga asoslanib aytgan? Oliy darajadagi, javobgar amaldorning oliy darajadagi tuzilmaga bergan va`dasi bajarilmasa, buning ortida hech qanday surishtiruv, so`rov, e`tiroz, javobgarlik bo`lmaydimi? Ko`chma metan gaz konteynerlaridan foydalanish bo`yicha me`yoriy hujjat bo`lmay turib, 150 ta gaz konteyneriga ega maxsus mashinalar xarid qilinganiga vazirlik hech qanday izoh bermaydimi? Vazirlikning bajarilmagan va`dalar «paketi» ortidan, aholi orasida obro`si borgan sari pasayib, ishonch kamayib borayotgani tashkilot uchun hech narsani anglatmaydimi? Shu asr, shu davrda, butun boshli respublika, balki viloyat, hattoki tumanda bo`lsa ham, yo`nalishlar bo`yicha avtobuslarning gaz berilmagani tufayli ishga chiqmasligi mamlakat uchun sharmandali holat emasmi? Prezidentning vazirlar tartib-intizomga vaqtida e`tibor bermagani uchun islohotlar ijrosi cho`zilib ketayotgani haqidagi gaplari qaerda qoldi? Yoki bu gaplar bu vazrlikka tegishli emasmi?

Eslatib o`tamiz, bugun kanalimizda anchadan beri davom etayotgan, fuqarolarning sub`ektiv fikriga asoslangan so`rovnoma natijalari e`lon qilinib, unda Jo`rabek Mirzamahmudov “Xalq ko`nglidan joy ololmagan vazir” nominasiyasi bo`yicha 1-o`rinni egallagan, soha esa jamoatchilikda eng ko`p norozilik uyg`otgan tarmoq sifatida ta`riflangan edi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар