O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi, professor Tursunali Qo`ziev O`zbekiston Temir yo`llari poezdlarida eski gazetalar tarqatilayotganini tanqid ostiga oldi.
“Afrosiyob" poezdi tezligi bilan qo`shni davlatlarni ham hayron qoldiradi, lekin uning mediani yo`lovchilarga etkazish tezligi esa o`ta sekinligi bilan hayratlantirmoqda. 14 mart kuni tezkor poezdda “Xalq so`zi” gazetasining 25 fevral soni, “Yangi O`zbekiston” nashrining 7 mart soni tarqatilmoqda”, deb fikr bildirgan Tursunali Qo`ziev “Hayriyatki o`tgan yilgi nashr emas ekan”, deya kinoya ham qilgan.
“Tabiiyki, yo`lovchilar tezkor poezdga gazeta o`qish uchun chiqishmaydi, ammo yo`lovchi tashuvchiga eski nashrlarni sotishdan manfaat bormi?”, deydi O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi.
Ayni paytda 13 mart kuni Afrosiyob poezdiga chiqqan rost24.uz axborot sayti muxbirlari ham “O`zbekiston Temir yo`llari” aksionerlik jamiyatining 4 mart sonida chop etilgan va ichida o`qishga arzigulik biron ma`lumoti bo`lmagan “Temiryo`lchi” gazetasini varaqlab hayratlangan edilar.