Samarqandda vazirlik va hokimlik qonuniy echimini topmagan loyiha bekor qilindi. Bundan kimga foydayu kimga zarar?

26.02.2021 12:19

Samarqand viloyati xalq ta`limi boshqarmasi boshlig`i Zebiniso Shodieva: "Viloyatdagi 405 ta maktabda sport zali yo`q". 

Tahrririyatdan: Saytimizda 16 fevral kuni jurnalist Toshpo`lat Rahmatullaevning “Xalq ta`limi vazirligi bajara olmagan ishni uddalamoqchi bo`lgan tadbirkor ovorayu sarson” sarlavhasi ostida Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatovga ochiq xati e`lon qilingan edi.

Unda Samarqand shahar 60-sonli umumta`lim maktabining avariya holatidagi foydalanilmasdan turgan sport zali binosini yangi sport zali qurmoqchi bo`lgan tadbirkorga berish uchun kerakli hujjatlarni tayyorlash ishi paysalga solib kelinayotganligi xususida so`z yuritilgan edi.

Ochiq xatga javoban tahririyatimizga yuborgan maktubida vazirlik o`z zimmasidagi vazifani bajarganligini, ta`kidlangan.

Raddiya bila quyida tanishib chiqishingiz mumkin:

“Samarqand shahar hokimligining (2020 yil 26 oktyabrdagi 04-01/149-son) tashabbus xati bilan Samarqand shahar 60-sonli umumta`lim maktabiga yangi sport zal binosi qurib berish sharti bilan uning bo`sh turgan sport zal binosi o`rnida tibbiyot markazi qurish uchun “Asliev Alisher Faxrievich” yakka tartibdagi tadbirkorga berish taklif etilgan.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 yanvardagi PF-4933-son Farmoniga asosan mahalliy hokimiyat organlariga davlat ko`chmas mulk ob`ektlarini investisiya majburiyatlari qabul qilingan holda «nol» xarid qiymati bo`yicha sotish to`g`risida qarorlar qabul qilish huquqi berilgan.

Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 oktyabrdagi PF-5552-son Farmoniga asosan ta`lim muassasalarining bo`sh turgan ob`ektlari faoliyat yo`nalishi bo`yicha tadbirkorlik sub`ektlariga faqat davlat-xususiy sheriklik asosida, tegishli vazirlik yoki idora davlat sherigi sifatida ishtirok etgan holda, berilishi mumkinligi belgilangan.

Ushbu maktabning foydalanilmasdan bo`sh turgan sport zal binosida umum o`rta ta`limga tegishli bo`lmagan faoliyat turi (tibbiyot markazi) tashkil etilishi sababli, Xalq ta`limi vazirligi 2020 yil 3 dekabrda 01-04/2-750-son xati bilan Samarqand shahar 60-sonli umumta`lim maktabining bo`sh turgan sport zal binosini ushbu maktabga yangi sport zal binosi qurib berilgandan so`ng, hokimlik zaxirasiga o`tkazilishiga o`z vakolati doirasida qarshi emasligi bildirilgan”.

Biz ochiq xat muallifiga murojaat qilib, vaziyatga yanada oydinlik kiritish maqsadida, holatni Xalq ta`limi vazirligi e`tirozini inobatga olgan holda o`rganishni so`radik.

Samarqand shahridagi 60-sonli maktab sport zalining ichki ko`rinishi

Xayrli ishning ortga surilishiga kim aybdor: vazirlikmi yoki mahalliy hokimiyat organi?

Muallif:

Xalq ta`limi vazirligining maktubida jumladan shunday deyilgan: “Xalq ta`limi vazirligi 2020 yil 3 dekabrdagi 01-04/2-750-son xatida Samarqand shahar 60-sonli maktabning foydalanilmasdan bo`sh turgan sport zal binosida umum o`rta ta`limga tegishli bo`lmagan faoliyat turi (tibbiyot markazi) tashkil etilishi sababli (ta`kid bizniki – muallif ushbu maktabga yangi sport zal binosi qurib berilgandan so`ng, hokimlik zaxirasiga o`tkazilishiga o`z vakolati doirasida qarshi emasligi bildirgan”.

Ushbu javobdagi ma`lumotga e`tibor qarating: bo`sh turgan binoda tibbiyot markazi tashkil etilishi sababli uni yangi bino qurib berilgandan so`ng hokimlik zaxirasiga o`tkazilishiga qarshi emasligi bildirilgan. Vazirlik bu gapni qaerdan oldi? Eski sport zali binosida kim tibbiyot markazi tashkil etgan ekan? Kimdir sport zalining echinish xonasi tepasida “Stomatologiya” degan yozuvni ko`rib shunday xulosaga kelganmi? Javob maktubi yozishda va kimningdir harakatsizligini oqlashga asos bo`ladi deb hisoblangan ushbu xabarni yuqoriga etkazganlar nega haqiqatni bilish uchun maktab ma`muriyatiga murojaat etmadi?

Maktab direktori Shoista Ulug`ovaning so`zlariga qaraganda, 2019 yilning 20 oktyabridan boshlab bo`sh turgan sport zalining echinish xonasida o`quvchilarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish maqsadida stomatologiya xonasi tashkil etilgan edi va u koronavirus pandemiyasi tufayli karantin o`rnatilguncha, ya`ni 2020 yilning 15 martigacha faoliyat yurgizdi. Maktab binosining o`zida stomatologiya xonasi uchun bo`sh joy topilmaganligi sababli ixtisoslashtirilgan bolalar stomatologiya poliklinikasi shifokori Faridun Narziev o`quvchilarga shu erda xizmat ko`rsatgan.

Xalq ta`limi vazirligining 2020 yil 3 dekabrdagi xati “bo`sh turgan sport zal binosida umum o`rta ta`limga tegishli bo`lmagan faoliyat turi (tibbiyot markazi) tashkil etilishi sababli” emas, balki yangi sport zali qurib bermoqchi bo`lgan tadbirkorning murojaati asosida Samarqand viloyat XTBning 2020 yil 27 oktyabrda vazirlikka yuborgan maktubiga javob tariqasida yozilgan edi. E`tibor qarating, vazirlik murojaatga 35 kun deganda javob qaytarmoqda.

Vazirga yozilgan ochiq xat e`lon qilingan kuni kaminaga viloyat XTB boshlig`i o`rinbosari Elmurod Suyarov qo`ng`iroq qilib, 60-maktabning sport zali masalasida vazirlik o`z zimmasidagi vazifani bajarganligini va yangi bino qurilgandan keyin eski binoni tadbirkorga berish masalasi shahar hokimligi vakolatiga kirishini uqtirdi. U ochiq xat e`lon qilinganligi to`g`ri bo`lmaganligi va bu haqda gaplashib olish uchun viloyat XTB boshlig`i shahar hokimligida to`planishni taklif etayotganligini bildirdi.

Kechqurun shahar hokimligida bo`lib o`tgan muhokamada hokim Bobirmirzo Obloqulov va uning o`rinbosarlari, shahar bosh arxitektori, “muhim ish bilan bandligi” sababli tadbirda qatnasha olmagan VXTB boshlig`i o`rnida uning o`rinbosari E.Suyarov va tashkilot yuristi hamda ochiq xat muallifi va tadbirkor Alisher Asliev ishtirok etdi.

Muhokama jarayonini kuzatib, nahotki muammoni echishning qonuniy yo`li bo`lmasa, degan fikr meni tark etmadi. Vazirlik mavqeini himoya qilayotgan VXTB vakillari “vazirlik maktabga yangi sport zal binosi qurib berilgandan so`ng eski bino hokimlik zaxirasiga o`tkazilishiga qarshi emasligi bildirilgani etarli” ekanligini ta`kidlashdi.

Hokimlik mas`ullari esa bunga javoban shunday deyishdi: vazirlik yangi bino qurib bergandan so`ng eski bino hokimlik zaxirasiga o`tkazilishiga qarshi emasligini bildirgani tadbirkorga yangi sport zali qurishga ruxsat degani emas. Vazirlik xatida aniq qilib “qurib bergandan so`ng” deyilgan. Tadbirkor qaysi asosda qurishni boshlasin? Bundan tashqari, xatda eski bino hokimlik zaxirasiga o`tkazilishi uqtirilgan. Bunday bo`lgan taqdirda, u joy kim oshdi savdosiga qo`yilishi lozim. Yangi sport zali qurib bergan tadbirkor o`rtada kuyib qolishi mumkin-ku!

Har ikki tomon o`zining haqligini isbotlashga urinayotgan bahs-munozaraning oxiri ko`rinmasdi. Oxiri, muammoning qonuniy echimini topolmagan mutasaddilar uni umuman kun tartibidan chiqarib tashlashni lozim ko`rdi. Qanday qilib deysizmi?

Maktab hududida emas, undan tashqarida joylashgan eski sport zali o`rnida davlat dasturiga kiritgan holda yangisini qurishga kelishib olindi. Go`yoki agar maktab hududida sport zali qurilsa, o`quvchilar uchun joy torlik qilarkan, norma bo`yicha har bir o`quvchiga 24 metr kvadrat er to`g`ri kelishi kerak ekan. Buni qarang, shu bahonada maktab maydoni o`quvchi soniga qarab qancha bo`lishi lozimligini ham bilib oldik. Lekin o`sha mutasaddilar xolislik bilan aytsinchi, mamlakatimizda nechta maktabda ushbu mezonga javob beradigan maydon mavjud?

Ikkita obro`li davlat tashkilotining masalani qonuniy hal qilishga qudrati etmaganligi tufayli shu vaqtgacha o`quvchilari jismoniy tarbiya darsini o`tishga imkoni bo`lmagan maktab jamoasi sport zali qurilishini yana qancha vaqt kutadi? Axir, maktab besh-olti oy ichida ana shunday kerakli inshootga ega bo`lish imkoniyatidan ayrildi-ku! Mahalla esa kamida 40ta ish o`rinidan judo bo`ldi. Chunki tadbirkor eski sport zali o`rnida ikki qavatli inshoot qurib, unda tikuv sexi, savdo do`koni, tibbiyot ofisi va dorixona joylashtirmoqchi edi. Uning loyihasi shaharsozlik kengashi tasdig`idan o`tgan edi.

Samarqand viloyati xalq ta`limi boshqarmasi boshlig`i Zebiniso Shodieva 25 fevral kuni o`tkazgan matbuot anjumanida viloyatdagi 405 ta maktabda sport zali yo`qligini uqtirdi. Buning oqibatida jismoniy tarbiya darsi ob-havoga qarab yo ochiq maydonda o`tilib yoki o`tilmasdan qolayotgan ekan. Notiq sport zali qurish katta mablag` talab qilinishi bois, bu ish bosqichma-bosqich amalga oshirilishini qayd qilib o`tdi.

Shunday ekan, bepul va yo`q joydan sport zali qurib bermoqchi bo`lgan tadbirkorni vazirlik va boshqarma amaliy yordam ko`rsatsa bo`lmaydimi?!

Toshpo`lat Rahmatullaev,

jurnalist

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
26.02.2021 22:06
Рост гапни айттиз. Болалар янги спорт зал куриб берилишини эшитиб канча хурсанд булган еди. Уларга нима учун курилиш бекор килганини тушунтириб беролмаяпман