«Manfaatlar to`qnashuvi to`g`risida»gi qonun loyihasi Prezident Administrasiyasida ekan.
Antikorrupsiya agentligi rahbari Akmal Burxonovning ta`kidlashicha, davlat xizmatida minglab manfaatlar to`qnashuvi aniqlangan, ammo huquqiy asos yoki javobgarlik belgilanmagani sababli ularni bartaraf etishda qiyinchiliklar mavjud bo`lgan.
Qonunchilikdagi shu kabi kamchiliklar sababli, Adliya vazirligi tomonidan «Manfaatlar to`qnashuvining oldini olish to`g`risida»gi qonun loyihasi 2022 yil 10 may kuni jamoatchilik muhokamasi uchun e`lon qilingandi.
Hujjatda manfaatlar to`qnashuvi to`g`risidagi ma`lumotlarni deklarasiya qilish va oldindan xabar berish tartibini yo`lga qo`yish, bunga amal qilmaganlarni esa jarimaga tortish belgilangan. Qonun tasdiqlansa, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma`muriy bayonnoma tuzish bo`yicha vakolatli organ bo`lishi mumkin edi.
2022 yilning 25 oktyabrida qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ikkinchi va uchinchi o`qishda qabul qilinib, Senatga yuborilgan.
2023 yilning 1 iyunida senatorlar «Manfaatlar to`qnashuvi to`g`risida»gi qonunni ko`rib chiqqan va ma`qullagan. Senat raisi Tanzila Narbaeva manfaatlar to`qnashuvi davlat organlaridagi korrupsiyaviy holatlarning boshlang`ich nuqtasi ekanini qayd etgandi.
2024 yil yanvar oyida Tanzila Narbaeva yana «Manfaatlar to`qnashuvi to`g`risida»gi qonunga izoh berib, hozirda hujjatni Prezident administrasiyasi ekspertlari o`rganayotganini aytgandi.
Yaqinda Gazeta.uz «Manfaatlar to`qnashuvi to`g`risida»gi qonun loyihasining taqdiri bilan qiziqib, Antikorrupsiya agentligi rahbari Akmal Burxonov bilan o`tkazilgan suhbatda aynan shu qonun bo`yicha savol berilibdi.
“Manfaatlar to`qnashuvi bo`yicha qonun Prezident administrasiyasida muhokamada, Jarayon to`xtab qolgani yo`q, masala dolzarbligini yo`qotgani yo`q”, – deya javob bergan Akmal Burxonov.