Transport vazirini prezident g`azabidan kim asrab kelmoqda?

02.02.2024 18:37

Vazir Ilhom Mahkamovning “joni saqlanayotgan quti” kimning qo`lida?

Prezidentni kim va qaysi yo`l bilan aldayapti? 

Joriy yil 29 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoev raisligida o`tgan yig`ilishda bir qancha rahbarlarga hayfsan berildi. Ular orasida Transport vaziri Ilhom Mahkamov ham bor. 

Prezident transport vaziriga so`nggi ogohlantirishni berdi. Bu vazir shu vaqtgacha, bir yarim yil ichida besh marta ogohlantirish olgan. Ammo prezident atrofidagi qaysidir ko`rinmas qudratli kuchlar har safar Ilhom Mahkamovni omon saqlab qolaveradi. 

To`g`ri, butun bir mamlakatning har bir jabhasi, ichki va tashqi muammolari bilan yashayotgan prezidentning yodida turmasligi mumkin. Biroq, atrofdagi transport sohasiga mas`ul amaldorlar bexabar qolishi negadir juda shubhali.

 Shu joyda Transport vaziri Ilhom Mahkamovga prezident bergan ogohlantirish xronologiyasiga nazar solamiz: 

1-ogohlantirish: 2022 yil 7 iyunda prezident transport sohasiga xususiy investorlarni jalb qilish ishlari sustligini tanqid qilib, Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon yo`nalishidagi tezyurar avtomobil yo`llarini qurish bo`yicha xususiy sheriklik loyihalari qoniqarsizligi, shuningdek, hududlar o`rtasida avia, temiryo`l va avtotransport qatnovlarini ko`paytirish ishlari o`z holiga tashlab qo`yilganini ko`rsatib o`tgan, vazirga ogohlantirish bergan edi. Ushbu holatga ham salkam 1,5 yil bo`ldi. 

2-ogohlantirish: Yuqoridagi holatdan 3 oy o`tib, 2022 yilning 19 sentyabrida Shavkat Mirziyoev turizm sohasini rivojlantirishga bag`ishlangan yig`ilishda transport vaziri Ilhom Mahkamovning uyg`onadigan vaqti kelgani haqida gapirib, vazirlik zimmasiga yangi vazifalar yuklatilganligini aytgan edi. 

Bu vazifalar qay darajada bajarildi yoki bajarilmadi, bundan jamoatchilikni xabari yo`q. Chunki O`zbekistonda shu paytgacha hech bir vazir jamoatchilikka qilgan ishlari haqida hisobot bermagan. (3-ogohlantirish) Ammo yuklatilgan vazifalar yaxshi bajarilmaganini Prezident 2023 yil 20 oktyabrda yo`llardagi harakat xavfsizligi bilan bog`liq vaziyat ancha ayanchli ahvolda ekanini aytib, Transport vazirini tanqid qilganidan ham bilsa bo`ladi. 

Ushbu yig`ilishda Prezident vazirga qarata "Yoshlar o`lyapti, 4000-4200 odam avariyadan o`lyapti. Bekordan bekor. Sen ham, transport vaziri bo`la turib, shunga befarq bo`lmasdan, prezident qabul qilgan qarorini, svetoforlarni joy-joyiga qo`yishga mas`ulmisan, yo`qmi? Nimaga odamlar o`lishi kerak, chorrahalar to`g`rilanmagani uchun?", deya savol qo`ygan edi.

4-ogohlantirish: Bundan tashqari, 2024 yilning 18 yanvar kuni prezident o`tkazgan yig`ilishda mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga etkazishda ishonchli logistika zanjirlarini tashkil qilish masalalarini ko`targandi va ayrim mamlakatlardan yuk tashishda qo`shimcha yig`imlar mavjudligi, haydovchilar uchun viza rejimi murakkabligi, avtotransport uchun vazn talablarini muvofiqlashtirish yakuniga etkazilmagani, portlarda eksport tovarlarini saqlash va qayta ishlashga mo`ljallangan terminallar yo`qligi uchun bu masalalar bilan lozim darajada shug`ullanmayotgan transport vaziri Ilhom Mahkamov ogohlantirilgan. 

5-ogohlantirish: Shuncha ogohlantirish va tanqidlardan so`ng, oradan atigi 11 kun o`tib, 2024 yil 29 yanvar kuni prezident Toshkent shahrida tirbandlikni kamaytirish va jamoat transportini yaxshilashdagi kamchiliklarni sanab, mutasaddilarning bu boradagi ishlari qoniqarsiz ekanini qayd etdi. Shu munosabat bilan transport vaziri Ilhom Mahkamov va uning birinchi o`rinbosari Mamanbiy Omarovga hayfsan e`lon qilindi va oxirgi ogohlantirish berildi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
5
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар