"QUTURGAN BOJXONAChI" nomi ostidagi video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan edi. Mazkur videomurojaat tegishli tartibda o`rganilganida, ushbu holat 2023 yilning 25 oktyabr kuni bo`lganligi aniqlandi.
Ushbu voqea yuzasidan jurnalistlar uchun Davlat bojxona qo`mitasida press-tur tashkillashtirildi. Bojxona qo`mitasining Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini tashkil etish boshqarmasi boshlig`i Rustam Kabulov ushbu hodisaga nisbatan o`zining fikrini bildirdi:
“Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bojxona xodimi va fuqaro o`rtasidagi ”Do`stlik" bojxona postida yuzaga kelgan videorolik ko`p savollar tug`dirdi. Bu holatda O`zbekistonda bojxona idoralarining asosiy vazifalaridan bittasi bu iqtisodiy xavfsizlik. Iqtisodiy xavfsizlikni ta`minlashda biz davlat byudjetiga bojxona to`lovlarini undirilishini ta`minlashimiz kerak. Lekin afsuski, fuqarolar tomonidan belgilangan me`yorlarni suiiste`mol qilish holatlari kuzatilmoqda.
“Do`stlik” postida tarqalgan holatda ham xodimimizni bunaqa noto`g`ri harakat sodir etishigacha olib kelishga sabab bo`lgan holatlar bor. Ya`ni, qaror bilan belgilangan me`yorni buzgan holda bir necha martalab buzib, tovar olib kirishga bo`lgan xarakatlarini bojxona xodimlari to`g`ri tushuntirishgan. Shunga qaramasdan, bojxona xodimlarini tahqirlab turli xil yomon so`zlar bilan xaqoratlash oqibatida xodimlar bunday holatga tushishga majbur bo`lgan.
Lekin, bojxona xodimining ham bu harakatini oqlamaymiz. Hozir bu holat yuzasidan xizmat tekshiruvi belgilangan. Biz chegarada O`zbekistonga tovarlarni noqonuniy, to`lovsiz olib kirishning oldini olish bo`yicha ishlaymiz. Bu jarayonda, albatta fuqarolarimizga buni to`g`ri tushuntirishga harakat qilamiz, ogohlantiramiz. Lekin bir necha marta ogohlantirishga qaramasdan buni doimiy qasddan, tovarlarni hech qanday byudjetga to`lovlarsiz olib kirishga harakatlar sodir etilyapti. Byudjetga undiriladigan to`lovlar, bojxona idoralari, avvalambor, xalqimizning ijtimoiy manfaati uchun.
Xalq ta`limi, sog`liqni saqlash, ijtimoiy soha, yo`l qurilishi, boshqa sohalar, nogironlar, bemorlarni davolashga byudjetga to`lov undirish bo`yicha bojxona organlariga vazifa yuklatilgan. Biz bu vazifani bajaramiz. Lekin o`z manfaati yo`lida qonunchilikni buzishga bo`lgan harakatlariga bojxona idoralarining qarshi kurashishini ataylab yomon ko`rsatish, obro`sizlantirish uchun shunaqa holatlar bo`lib turadi. Biz bu holatlarni ochiq-oydin jamoatchilikka taqdim etishga tayyormiz", – deydi boshqarma boshlig`i Rustam Kabulov.