O`zbekiston oliy ta`limiga tutilgan ko`zgu

22.01.2024 13:06

Atigi bir semestr o`qigan talaba oliy ta`lim haqidagi hamma biladigan, ammo hech qaerda aytilmaydigan xulosalarini bayon etdi.

Bir semestr o`qiganimdan so`ng, o`qish haqidagi xulosalarim:

1. Bu erda eng muhim narsa forma bilan davomat. 
Shim kiyma, sochingni yig`, oq kiy, qizil kiyma va hokazo (birontasiga amal qilmadim).

2. O`qituvchilar bir semestr davomida yakuniy imtixon haqida gapirishadi, qo`rqitishadi.

3. Har kuni unga pul yig`, bunga pul yig` tugamaydi. O`tmay qolgan chiptalar, obunalar talabalarga majburan sotiladi. Va yana majburiy emas, deb qo`yishadi. To`lashdan bosh tortsangiz, siz bilan muammo yuzaga keladi.

4. Har xil insholar tanlovi, videorolik, rasm tanlovlariga talabalar majburan jalb qilinadi.

5. Dars tugaganidan so`ng uyimga ketaman, deb xomtama bo`lmang. Ular albatta, darsdan keyingi tadbirlarni tayyorlab turishadi. Va unga qatnashishdan bosh tortsangiz, ariza yozdirish va shunga o`xshash tahdidlar bilan qo`rqitishadi.

6. Universitetda talabalar bo`sh vaqtlarini bekorga sarflamasligi uchun darsdan so`ng bir tiyinga qimmat to`garaklarga yozdirishadi. Unda hatto, davomat ham qilib olishadi.

7. Qaysi guruhda o`qimang, aynan sizning guruhingiz bilan ochiq dars qilishadi.

8. Hamma darslikdagi mavzular telefonda, lekin dars vaqtida telefoningizni yig`ib olishadi.

9. O`qituvchi unga yoqmaydigan haqiqatni aytgan, qiyin savol berib qo`ygan, haqqini talab qilgan yoki shunchaki yoqtirmagan talabasiga doim past ball qo`yib o`tadi.

10. HEMIS tizimi faqat olingan ballarga qarab natija chiqarib bergani uchun o`qituvchi darsda qatnashmagan o`quvchiga ham baho qo`yadi. Aslida esa talaba darsda qatnashishga majbur emas. O`qituvchi ham gapirmagan talabaga baho qo`ymasligi kerak.

11. Universitet sizga maktab emas, deyishadi, aslida esa uning maktabdan farqi yo`q.

12. Ularning korrupsiyaga qarshi kurashish boshlig`iga qarshi kurashish boshlig`i kerak.

13. Bu erda haqqingizni talab qilishga haqqingiz yo`q.

14. Universitet darsdan keyingi hayotingizni ham nazorat qiladi.

15. Stipendiya doim kechikib tushadi.

16. Sohangizga aloqasi bo`lmagan darslarda 3 para o`tirishga majbursiz.

17. 80 daqiqa ma`ruza tinglashni talab qilishadi, lekin 10 daqiqagina tanaffus berishadi.

18. Konspektlarni na hayotingizda, na darsda foydasi bo`ladi. Ora-sirada tekshiriladi, keyin qolib ketadi.

19. "Hayot-mamot" masalasidek jar solingan sessiyadan ko`zingizni yumib o`tib ketasiz.

20. Keyingi semestr - yana o`sha charxpalak aylanib kelaveradi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
54
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар