Ayrim daryolar o`zanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi.
“Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Farmoni (PF-14-son, 17.01.2024 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko`ra, 2024 yil 1 maydan:
— Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o`zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi;
— Vazirlar Mahkamasi tomonidan moratoriy tatbiq etiladigan hududlar chegaralari belgilanadi;
— daryo o`zanlari, sohil bo`yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shag`al materiallari qazib olish huquqini faqat “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali realizasiya qilinadi;
— daryo o`zanlari, sohil bo`yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shag`al materiallari qazib olishni taqiqlash va tog`li yoki tog`oldi hududlarda (quruqlikda) joylashgan muqobil kon uchastkalarida qazish ishlari tashkil etiladi.
Bir necha oy avval Chirchiq daryosining rel`efi buzilishi natijasida daryo o`zani sathi Toshkent viloyati hududida 2-3 metrgacha, Toshkent shahri Roxat ko`li yaqinida avvalgiga nisbatan 10 metrgacha pasayib ketgani xabar qilingan edi. Bunga daryo bo`yidan qum-shag`alning tartibsiz qazib olanishi sabab bo`lgan.
Endilikda moratoriy davrida daryo o`zanlari, sohil bo`yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shag`al materiallarini noqonuniy qazib olish natijasida tabiatga etkazilgan zarar uchun undirish summalari 10 baravarga oshirilgan holda qo`llaniladi.
Ekologiya vazirligiga daryo o`zanlaridan qum-shag`al materiallarini qazib olishni monitoring qilish va bu borada doimiy reydlar o`tkazish, tartibni buzgan shaxslarga nisbatan choralar ko`rib borish vazifasi yuklatildi.