O`zbekiston amaldorlariga ham ruxsat berilmaydigan strategik ob`ektni xorijiy bloger zabt etdi

16.01.2024 11:01

Xorijlik bloger nazoratchilar sonining ko`pligidan o`tib ketish mushkul, deb taxmin qilgan Toshkent teleminorasiga chiqib, videos`yomka qilgan. 

Ijtimoiy tarmoqlarda "Raksmane" nomi ostida mashhur bo`lgan instablogerning Toshkent teleminorasining uchiga chiqqani aks etgan videosi tarqaldi. Ushbu video 2022 yilda olingan bo`lib, blogerning sahifasiga 2024 yilda joylashtirilgan

Doim baland binolarning tomiga chiqib videolar olish bilan mashhur bo`lgan bloger Toshkent teleminorasiga chiqishi uning shaxsiy rekordini yangilaganini aytgan. 

"Dastlab 100 metrni liftda bosib o`tdim. Keyingi 100 metrni tashqi tomondagi qo`riqchilarni aylanib o`tib chiqdim. Navbatdagisini o`t o`chiruvchilar zinasi orqali o`tdim, u erdagi qo`riqchilar soni o`shandayoq hayron qoldirgan edi. Forma kiygan polisiya xodimlari, kirishda metallodetektor, kuzatib qo`yuvchi va lift oldida kutib oluvchi styuardlar, formadagi qo`riqchilar va rasiya ko`targan xodimlar, u erdan o`tib ketish xuddi uddalab bo`lmasdek edi, lekin kutilmaganda nazoratsiz koridor orqali faqat texnik xodimlar uchun mo`ljallangan joydan yuqoriga chiqishga muvaffaq bo`ldim", – deb yozadi instabloger o`zining instagram sahifasida.

Klimbing (tirmashib chiqish) sporti bilan shug`ullanib, shu yo`nalishda videolar tasvirga oladigan bloger aslida teleminoraning “Alvon” zali – restoran qismiga ovqatlanish uchun chiqqan. So`ngra u erdan tashqaridagi temir konstruksiyalarga osilib, hayot uchun xavfli holatda machtachilar foydalanadigan maxsus narvonlar orqali yuqoriga ko`tarilgan. 

Kameralar soni ko`pligi sababli, bloger “hozir oldimga qo`riqchilar etib kelishsa kerak”, deb o`ylagan, ammo u bilan hech kimning ishi bo`lmagan. U zinalar orqali yuqoriga ko`tarilgan hamda yashiringan holda teleminora tepasiga chiqib, s`yomka qilib qaytishni uddalagan. Blogerning aytishicha, videoni e`lon qilgach, teleminora ma`muriyati videoni o`chirishni so`ragan. Bu haqda bloger o`zining instagram sahifasida ham xabar qoldirgan.

Avvalo shuni ta`kidlash kerakki, instabloger Toshkent teleminorasini dron yordamida ham tasvirga olgan. 

Vazirlar Mahkamasining 2014 yilda qabul qilgan «O`zbekiston Respublikasi havo hududida uchuvchisiz uchish qurilmalaridan ruxsatsiz foydalanishning oldini olish choralari to`g`risida»gi 322-qaroriga muvofiq, 2015 yilning 1 yanvaridan O`zbekiston hududiga uchuvchisiz uchish qurilmalarini olib kirish taqiqlangan edi.

Shuningdek, 2019 yilda qonun bilan Jinoyat kodeksiga 244-4-moddasi qo`shilib, unga asosan ruxsat etilmagan holatda dronlarni o`tkazish, olib kirish, saqlash, foydalanish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Qanchadan-qancha O`zbekiston fuqarolarini jinoiy javobgarlikka tortgan ushbu qonun xorijiy blogerga kelganda ko`zini yummoqda.

Jurnalist Sharofiddin To`laganov teleminoraning xorijiy bloger tomonidan zabt etilishini Xitoy devori qurilganidan keyin Xitoyning dushmanlar tarafidan osongina zabt etilishiga qiyoslagan. 

“Xunlardan himoyalanish maqsadida Xanlar Buyuk Xitoy devorini qurdilar. Ammo xunlar bu devordan bemalol o`ta oldilar. Buning uchun xunlar Xan askarlariga pul berdilar. Pulga hamma narsani (hatto yurt sarhadlarini qo`riqlovchi askarlarni ham) sotib olsa bo`ladi”, – deya o`xshatish qilgan Sh. To`laganov. 

Xulosa o`rnida savol: oddiy bir bloger o`ynab o`tib ketgan strategik ob`ektni qo`riqlashga ajratiladigan kattagina mablag` havoga uchmayaptimi?

Ma`lumot uchun, teleminoraning asosiy vazifasi tele va radiouzatuv hisoblanadi. Signal Toshkent shahri, Toshkent viloyati va qisman Sirdaryo viloyati hamda Qozog`iston janubiga uzatiladi. Bundan tashqari, undan gidrometeorologiya xizmatida ham foydalaniladi. Toshkent teleminorasi O`rta Osiyodagi eng baland bino bo`lib, balandligi 375 metrni tashkil qiladi. 1978 yilda qurilgan ushbu bino 1985 yilning 15 yanvarida ilk bor ishga tushirilgan. Xorijlik blogerning videosi ham teleminora ishga tushirilganining 39 yilligi kuni ijtimoiy tarmoqqa joylangan.

Hozirgi kunda teleminoraning taqiqlangan qismlari zamonaviy axborot kommunikasiya texnologiyalaridan foydalangan holda qat`iy nazoratga olingan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
5
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар