Toshkent viloyati hokimiga e`tiroz bildira oladigan yagona deputatga so`z berilmadi

29.12.2023 10:20

Obodonlashtirish xodimlarining oyligini ko`tarish taklifini bermoqchi bo`lgan deputat fikr bildirish huquqidan foydalana olmadi.

“Viloyat hokimi Zoir Mirzaev eshiting, rasmiy yig`ilishlarda eshitishni xohlamasangiz ijtimoiy tarmoqlarda murojaat qilishga majburmiz”, – deputat.

Xalq deputatlari Chirchiq shahar Kengashi deputati Jahongir To`laganovning Xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida so`z ololmagani va viloyat rahbari Zoir Mirzaevga alohida yo`llagan videomurojaati tarqaldi.

Ma`lum bo`lishicha, 26 dekabr kuni Toshkent viloyati hokimi rahbarligida o`tkazilgan Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi yig`ilishida 2024 yilgi byudjet taqsimoti muhokama qilingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda mazkur yig`ilishda Chirchiq shahar Kengashi deputati Jahongir To`laganovning takliflarini bildirish uchun so`z so`rab, 6 daqiqa kutgan holatni ko`rish mumkin.  Deputatga esa, fikr bildirish imkoniyati berilmagan.

Deputat sessiyada ayta olmagan e`tirozlarini Toshkent viloyat hokimiga alohida videomurojaat tarzida yo`llagan. Videomurojaatdan ma`lum bo`lishicha, deputat byudjet taqsimotidagi nomutanosiblik bo`yicha e`tiroz bildirib, Chirchiq shahri obodonlashtirishiga ajratilayotgan mablag`ning nisbatan ancha kam ekanligini ma`lum qilgan.

Videomurojaat ijtimoiy tarmoqlarni qamrab olganidan so`ng, Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi mazkur holat bo`yicha munosabat bildirdi.

“Chirchiqdagi studiyadan qatnashgan Jahongir To`laganovga viloyat kengashi sessiyasida so`z berilmagani bahsli holat bo`lib, vaziyat o`rganilganda texnik xatolik sabab ekani aniqlandi. Zoir Mirzaevning topshirig`i bilan bu holat bo`yicha mas`ul texnik xodim ogohlantirildi”, – deyiladi Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi kotibiyati tomonidan bildirilgan munosabatda.

Shuningdek, munosabatda sessiyada so`zga turli sabablar bilan chiqmagan deputatlar savol yoki takliflarni yozma ravishda bildirish huquqiga egaligi va ular tegishli tartibda o`rganib chiqilib, taklif asosli bo`lsa, yig`ilish qaroriga o`zgartish kiritilishi ham aytilgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
8
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар