Xarajatlar ko`payib ketgani bois 2023 yil uchun mo`ljallangan Davlat byudjeti loyihasi o`zgartirildi
Senatning qirq sakkizinchi yalpi majlisida “2023 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun ko`rib chiqib, ma`qullandi.
Qonun bilan:
– Ilgari tasdiqlangan O`zbekiston Respublikasining konsolidasiyalashgan byudjeti taqchilligining cheklangan miqdori 3 foizdan 5,5 foizga o`zgartirilmoqda;
– Qonunda 2023 yil uchun Hukumat nomidan va O`zbekiston Respublikasining kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo`yicha yillik cheklangan hajm 4,5 mlrd AQSh dollardan 5,5 mlrd AQSh dollarga o`zgartirilmoqda;
– Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligining yil boshida tasdiqlangan xarajatlariga qo`shimcha mablag` ajratilib, ushbu mablag`lar bolalarni oziq-ovqat bilan ta`minlashga, umumiy o`rta ta`lim muassasalarini Finlyandiya tajribasi asosidagi yangi avlod darsliklari bilan ta`minlashga, maktabgacha ta`lim tashkilotlari soni ortishi hisobiga Davlat byudjetidan ajratiladigan subsidiya uchun xarajat qilinishi ko`zda tutilgan.
– Qishloq xo`jaligi vazirligining yil boshida tasdiqlangan xarajatlariga qo`shimcha ravishda mablag`lar QQS to`lovchisi bo`lgan chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xo`jaliklari tomonidan etishtirilgan va aholiga sotilayotgan mahsulotlarga subsidiyalar uchun yo`naltirilmoqda;
– Iqtisodiyot va moliya vazirligining yil boshida tasdiqlangan xarajatlariga qo`shimcha ravishda mablag` ajratilmoqda. Aytilishicha, nafaqa oluvchi oilalar soni 2,1 milliondan oshganligi (yil boshida 1,5 mln bo`lgan) hisobiga ijtimoiy nafaqalar uchun xarajatlarga qo`shimcha 1 trln 808 mlrd so`m ajratilmoqda.
– Davlat ijtimoiy soha ob`ektlarining issiqlik ta`minoti tizimini davlat-xususiy sheriklik asosida ko`mir yoqilg`isiga o`tkazish va modernizasiya qilish bilan bog`liq xarajatlarga 500 mlrd so`m ajratilmoqda.