Yakkabog` tuman hokimi hududidan jahon chempionlari chiqishidan qo`rqadimi?

27.08.2023 18:25

— Hokimlik yoshlarni jinoyat yo`lidan qaytarayotgan murabbiydan xavfli jinoyatchi yasadi.

— Yakkabog` tuman rahbarlari yoshlarni sportga jalb etishni jinoyat, sport murabbiyini esa jamiyat uchun xavfli jinoyatchi deb tasniflashdi.

— Ijtimoiy tarmoqqa chiqqan murabbiyga “jinoyatchi” tamg`asini bosish uchun hokimlikka bo`ysunuvchi byudjet tashkilotlarining xodimlari “qoralovchi” sifatida jalb etildi.

Joriy yilning 21 avgust kuni saytimizda e`lon qilingan “G`alabalar uchun iqtidorlar ko`p, faqat ozgina sharoit zarur” nomli videomaterialdan so`ng mutasaddilar borib, maqolada tilga olingan to`garakning ish faoliyatini tugatib kelishgan.

Maqolada Yakkabog` tumani “Sharsharbog`ot” mahalla fuqarolar yig`inidagi ko`rimsiz eski binoda ish boshlagan “Taekvondo” to`garagi faoliyati to`g`risida so`z borgan. To`garakning ko`plab qiyinchiliklar bilan ochilgani, bolalarning unga qiziqishi, orzu-umidlari, ulkan maqsadlari haqida yoritilgan. To`garak tashkil qilingan binoda sharoitlar etarli emasligi haqida so`z borib, balki bu holatga mas`ullar e`tibor qaratishi, bolalar uchun sharoit yaratib berilishiga umid qilingan edi.

Video ijtimoiy tarmoqlarda ko`rinish berishi bilanoq, Yakkabog` tuman hokimining Matbuot xizmati darhol video munosabat tayyorlagan.

«Murabbiy Ochil Ro`ziev ushbu (maktabda tashkil qilingan to`garak nazarda tutilmoqda) to`garak faoliyatidan tashqari o`zboshimchalik bilan qo`shimcha mablag` topish maqsadida “Sharsharbog`ot” MFY idorasi binosining orqa tomonidagi ta`mirtalab holatdagi binoda to`garak tashkil etib, ushbu binodan foydalanganlik uchun ijara to`lovi to`lamaslik, ushbu xonadan hech qanday hujjatlarsiz va to`lovlarsiz foydalanib yurish maqsadida ijtimoiy tarmoqqa chiqartirgan», — deyiladi Yakkabog` tuman hokimligining munosabatida.

Munosabatda aytilishicha, ushbu to`garakka 41-maktab sport zali berilgani ma`lum qilingan. Shu joyda savol tug`iladi: Biroq, bu maktabda 2 smenada darslar bo`lgani uchun zalda bo`sh vaqtning o`zi tanqis bo`lishi yashirib bo`lmas haqiqat emasmi? Shuningdek, sportdan ozgina xabardor insonlar ham yaxshi bilishadiki, taekvondoning mat (gilam)larini yoyib, qayta yig`ishtirishning o`zi kam vaqt talab qilmaydi.

Maxsus “qoralov” video materialga majburan jalb qilingan 41-maktab direktori ham murabbiyning bu harakati noqonuniy ekanligini hech bir faktlarsiz isbotlashga harakat qilib ko`rgan.

Yakkabog` tuman Markaziy poliklinikasining shifokori esa murabbiy yangi tashkil etgan to`garakda hamshira yo`qligini, 41-maktabda esa hamshira borligini aytib, o`zining majburiyatini bajargan. Yana savol tug`iladi: Katta-katta shifoxonalarda mutaxassis etishmayotgan ayni kunda maktabdagi to`garaklarga hamshira biriktirilganiga ishonishning imkoni bormi?

Qisqasi, Yakkabog` tuman hokimligi tomonidan tuzilgan “ishchi guruh” mazkur to`garak butunlay yopib tashlangani, to`garak rahbaridan esa tushuntirish xati yozdirib olinganini mamnuniyat bilan ma`lum qilishgan.

Mazkur “missiya”ni bajargan mas`ullar uchun yurt kelajagi – yoshlarni sportga jalb qilish siyosatiga hukumat miqyosida qaratilayotgan e`tibor, sport orqali erishilayotgan yutuqlar, shu yurt bolalarining quvonchlari, orzu-umidlari emas, hududidagi muammolar haqida xabar berilmasligi muhimroq.

«Taekvondo to`garagi ochib foydalanib kelinayotgan bino joyiga borib o`rganilganda, bino ta`mirtalab holatdaligi, sanitariya va boshqa talablarga javob bermasligi, bu xonada to`garak mashg`ulotlari o`tkazish mumkin emasligi aniqlangan», – deyiladi to`garakni yopish uchun tuzilgan maxsus ishchi guruh xulosasida.

Hokimlikning sport murabbiyini aybdor qilish uchun keltirgan vajlari Prezidentning “Bo`sh turgan ob`ektlardan samarali foydalanishni tashkil etish va axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi (01.07.2020 y.) PQ-4771-son qaroriga mutlaqo zid kelmoqda.

Mazkur qarorning 2-bandida bo`sh turgan davlat mulki ob`ektlarini saqlash va ulardan samarali foydalanish, shu jumladan, davlat mulki ob`ektlarini ijaraga berishni tashkil etish, yaroqsiz deb topilgan ob`ektlarni buzish belgilangan.

Yakkabog` tuman hokimligi esa mahalla binosidan foydalanish xavfli degan xulosani bermoqda. Unda nega 3 yil oldin imzolangan Prezident qaroriga asosan buzib tashlanmagan?

Ma`lum bo`lishicha, o`sha to`garakka qatnagan bolalarning ota-onalari farzandlari uchun oyiga 70 ming so`mdan to`lashgan. O`sha mashg`ulot xonasini epaqaga keltirish, u erdagi jihozlar uchun qancha pul sarflangan deb o`ylaysiz? Qolaversa, ma`lum bo`lishicha, to`garakka qatnovchi bolalar orasida tekinga shug`ullanadiganlari ham anchagina, ular orasida boquvchisini yo`qotgan, chin etim, kam ta`minlangan oilalar farzandlari ham bor ekan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
9
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар