Yana talabalar turarjoylari bo`yicha savolga qog`ozdagi hisobot bilan javob berildi

23.08.2023 17:57

Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi bo`lim boshlig`ining ma`lum qilishicha, sentyabr va oktyabr oylarida talabalar ijara pulining davlat tomonidan to`lab beriladigan qismini ijara shartnomasisiz ham olishi mumkin.  

Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi hamda Bilimni baholash agentligi mas`ullari ishtirokida matbuot anjumani o`tkazildi. Unda Rost24.uz muxbiri mas`ullarga bu yil tashkil qilingan talabalarni turar joylarga joylashtirishning onlayn tizimi bo`yicha savol berdi.

Talabalarni yotoqxonaga joylashtirish uchun onlayn navbat tizimi ishga tushirildi. Bu tizim yotoqxonalarni ko`paytirib bermaydi. Bundan bir-ikki yil oldin talabalarga ijara uylar topib beradigan “maklersiz” tizim ishlab chiqiladi, deyilgan edi. Lekin bunday tizim hali ham ishga tushirilmadi. Qachon faqat qog`ozda emas, amalda ham nimadir o`zgaradi? Onlayn navbat yotoqxona etishmovchiligiga qanday echim bo`la oladi?

Ushbu savolga Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi bo`lim boshlig`i Salohiddin Sanaqulov javob berdi:

Salohiddin Sanaqulov
Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi bo`lim boshlig`i

«Yotoqxonalar bilan ta`minlash har doim diqqat markazimizda bo`lib kelgan. Vazirlar mahkamasining 14 avgustda 376-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan talabalar turarjoylarini tarqatish taqsimoti raqamlashtirildi. Bundan ko`zlangan maqsad inson omilini va korrupsion holatlarni oldini olish hisoblanadi. Talabalar turarjoylari barcha talabalarga etmaydi. Talabalar soni yildan yilga oshyapti. Shuning uchun hukumat tomonidan 2026 yilgacha mo`ljallangan dastur ishlab chiqildi», – dedi S. Sanaqulov.

Shuningdek, vazirlik mutasaddisi bir yarim yilda 24 700 talabalar turar joylari barpo etilgani va yana yil yakuniga qadar 18 ming o`rinli talabalar turar joylari qurilishini ham aytib o`tdi:

«Toshkent shahrida yotoqxona etishmagan talabalarga ijara summasidan qat`iy nazar bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari, ya`ni 330 ming so`m to`lab beriladi. Bundan oldin ijara to`lovlarida har xil summa va ijara shartnomasining kechikish holatlari bilan muammo bo`lganligi sababli bu yil sentyabr va oktyabr oylarida talabalar ijaraga joylashadigan muhim pallada ijara to`lovining bir qismi shartnomasiz ham to`lab beriladigan tartib joriy qilindi», — dedi Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi bo`lim boshlig`i S.Sanaqulov.

Ma`lumot uchun, talabalar uchun turarjoylar qurish Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 sentyabrdagi 563-sonli qarori asosida belgilab qo`yilgan. Qarorda 2023 yil 6000 o`rinli 15 ta talabalar turarjoyi qurish belgilangan. Vazirlik ma`suli ushbu qaror bilan yil oxirigacha 18 ming o`rinli talabalar turarjoyi qurib foydalanishga topshirilishini qo`shimcha qildi.

Mavzuga doir:
Yangi qaror tanqid qilingach, eski qaror raqamlarda eslandi

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар