Yangi qaror tanqid qilingach, eski qaror raqamlarda eslandi

17.08.2023 22:32

Rost24.uz tomonidan Vazirlar Mahkamasining talabalar turarjoylari bo`yicha chiqarilgan qarori tanqid qilingandan so`ng Toshkent shahar hokimligi 2 yil oldingi qarorni faqat raqamlarda yodga oldi.

Saytimizda “Mas`ullar talabalar uchun turarjoylar etishmovchiligini o`zlaridan soqit qilmoqda” nomli maqola e`lon qilingan edi.

Unda Vazirlar Mahkamasining talabalar turarjoylariga joylashish uchun yagona interaktiv xizmatlari orqali elektron tarzda ariza topshirilib navbatga turilishi, bu navbat yil yakunigacha davom etishi aytilgan. Yangi bilan talabalar uchun yotoqxonalarni ko`paytirish emas, talaba elektron navbat kutib umr o`tkazishi ham bayon etilgan.

Shuningdek, maqolada 2 yil oldin chiqarilgan qaror ijrosining natijasi ko`rinmayotgani ham bayon etilgan edi.

2021 yil 9 sentyabrdagi “Respublika oliy ta`lim muassasalarida talabalarni turarjoy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi butun respublika uchun chiqarilgan qaror ijrosi yuzasidan Toshkent shahar hokimligi hisobot tarzidagi o`z munosabatini bildirdi.

«Qarorga ko`ra, Toshkent shahrida 2022-2025 yillarda jami 45 679 o`rinli 81 ta talabalar turarjoyini barpo etish belgilangan. Shundan 27 118 ta o`rinli 47 ta talabalar turarjoylari oliy ta`lim muassasalari hududida, 17 561 o`rinli 34 ta talabalar turarjoylari oliy ta`lim muassasalariga yaqin hududlarda qurilishi belgilangan. Bugungi kunda ushbu qaror yuzasidan 3 743 o`rinli 8 ta talabalar turarjoylari qurib, foydalanishga topshirildi», — deyiladi Toshkent shahar hokimligining bergan ma`lumotida. Ammo qurilgan 8 ta talabalar turarjoylari qaerda ekanligi aytilmagan.

Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi xabarida, 2023 yilda jami 6000 o`rinli 15 ta talabalar turarjoylari qurish belgilangan bo`lib, bugungi kunda 6000 o`rinli 10 ta yotoqxona qurilmoqda, deyilgan. Biroq, buning ham manzillari aytilmagan.

Bundan tashqari, hokimlik “yotoqxona bilan ta`minlanmagan talabalarni oliy ta`lim muassasalari rahbariyati bilan birgalikda ijara uylarga joylashtirish masalasi ham hal qilinishini” bildirgan. Bu muammoga o`tgan o`quv yili boshida qanchalik e`tibor qaratilganini guvohi bo`ldik.

Yoshlar ishlari agentligi tomonidan maxsus talabalarni ijara uylariga qo`yishga rozi bo`lgan ijara beruvchilar sayti yaratildi. Ammo uylarning biri Toshkentning bu chekkasida bo`lsa, boshqasi u chekkasida. O`shanda arzonligiga uchib ijaraga olgan talabalar, keyinchalik uzoqligi sabab ijara uylardan chiqishga majbur bo`lishgani, bizga ma`lum.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар