Agrobank kredit olish uchun bank ustidan boshqa tashkilotga murojaat qilgan fuqaroga jazo sifatida kredit bermaslikka qat`iy qaror qildi. Murojaatchining muammosini hal etib bergan tashkilot xodimini jazolattirdi.
Ushbu mavzuni ko`tarib chiqqan rasmiy saytni esa sudga berib, jarima undirmoqchi.
Agrobankdan 3 yilga mo`ljallangan kreditni olish uchun 2 yil yugurib maqsadiga etisha olmagan tadbirkor qismati:
Joriy 3 iyul kuni Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasining rasmiy saytida "Agrobank"dan tadbirkorga 220 million so`m kredit mablag`i olib berildi” nomli maqola e`lon qildi.
“Norin tuman Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Haqqulobod shahar "Do`stlik" MFYda yashovchi fuqaro F.T. dan yozma murojaat kelib tushgan.
Unda bayon etilishicha, fuqaro tadbirkorlik qilish uchun 220 000 000 so`m kredit olish maqsadida, "AgroBank" ATB Norin tuman filiali bilan shartnoma tuzgan, ammo bank 1 yil davomida turli bahonalar bilan fuqaroga tegishli pul mablag`ini o`tkazib bermagan.
Norin tuman ijro etuvchi apparat mutaxassislari tomonidan holat o`rganilib, bank xodimlariga amaldagi qonunchilik talablari tushuntirildi. Natijada, iste`molchi foydasiga 220 000 000 so`m pul mablag`i undirildi”, – deyiladi federasiya saytiga joylashtirilgan ma`lumotda.
Mazkur maqolaga asosan Rost24.uz axborot-tahliliy sayti ham "Agrobank" mas`ullariga ishonch bormi?” nomli maqola e`lon qildi.
Maqolada fuqaro bir yil mobaynida Agrobankdan kredit ololmagani, Norin tuman iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgani va federasiya aralashuvi bilan kredit olish baxtiga musharraf bo`lgani bayon etilgan.
Ushbu ma`lumot chiqqanidan so`ng, Agrobank tomonidan Rost24.uz saytiga mazkur maqola bo`yicha raddiya berish so`ralgan Talabnoma jo`natildi.
Talabnomada bankning ishchanlik obro`siga putur etkazilgani uchun uzr so`rab raddiya berilmasa, saytni sudga berib, moddiy zarar undirilishi bayon etilgan.
Sayt tomonidan talabnoma talabi bajarilmadi. Sababi, Rost24.uz yuqoridagi voqealarda bevosita ishtirok etmagan bo`lsa-da, voqealarni isbotlaydigan fakt va dalillarga ega.
Ammo voqealar jarayonida asosiy ishtirokchi bo`lgan Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi 10 iyul kuni raddiya berishga majbur bo`ldi.
“Ma`lum bo`lishicha, fuqaroning bankka taqdim etgan hujjatlari bank tomonidan o`rganilganda bir qancha kamchiliklar mavjud ekani aniqlangan. Shu sababli, "Agrobank" tomonidan fuqaroga kredit ajratilishi rad etilgan.
Noaniqlikka yo`l qo`ygan Norin tuman Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mas`ul xodimlariga intizomiy jazo choralari qo`llanilishi ma`lum qilinadi”, – deyiladi federasiya bergan raddiyada.
Shu joyda savol tug`iladi: federasiyaga murojaat qilgan fuqaroning kredit olishga musharraf bo`lgani uchun federasiya nomiga yozilgan Tashakkurnoma ham mavjud ediku?
Ushbu Tashakkurnoma bo`yicha aniqlik kiritish uchun Norin tuman Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining mas`ul xodimi bilan gaplashdik. Ma`lum bo`lishicha, mijoz hujjatlari kredit olish uchun markaziy bazaga kiritilibdi. Bazaga kirishi esa, kredit olish uchun 99 foiz kafolat degani ekan. Ammo negadir murojaatchiga kredit berish yana bekor qilingan.
Agrobank keltirgan ma`lumotga ko`ra, fuqaro F.T. quyosh panellari o`rnatish maqsadida 5 yil muddatga, yillik 23,99 foiz ustama to`lash sharti bilan 220 million so`m miqdorida kredit so`ragan.
O`zga tashkilotga murojaati sabab, Agrobankdan kredit olishdan mosuvo bo`lgan 26 yoshli tadbirkor F.T.ning ma`lum qilishicha, ushbu bankdan 14 foizli kredit olish uchun 2 yil mobaynida yugurgan ekan.
“Agrobankdan 3 yilga mo`ljallangan kreditni olish uchun 2 yil yugurdim. Shu davr mobaynida 4 marta baholatish va biznes reja tuzish uchun 6 million so`m pulim ketdi. O`zim Iste`molchilar huquqini himoya qilish jamiyatlari federasiyasiga a`zo bo`lganim uchun Norin tuman bo`limiga murojaat qildim. Federasiya ham men bilan birga 2 oy yugurib, axiyri hujjatlarimni bazaga kiritishga erishdik. Federasiya xodimlari birga yugurgani uchun ularga Tashakkurnoma ham yozib berdim. Chunki bazaga kiritildi, degani kredit naqd degani edi. Ammo baribir kredit berilishi rad etildi”, dedi tadbirkor.
Shu kreditni olganida yana 20 ta ish o`rni yaratishni niyat qilgan yosh tadbirkor endi yashab turgan uyini sotmoqchi ekan.
Shu joyda Agrobankdan 14 foizli kreditni olishning umuman imkoni yo`q ekan, yoshlarni 2 yil mobaynida sudrab nima qilardi, degan savol tug`iladi.
Savollar ko`p. Javobi aniq bo`lgan savollar esa qayta-qayta kelaveradi:
Fuqaroning aybi – kredit olish uchun o`zga tashkilotga murojaat qilganimi?;
Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasining aybi – o`z vazifasini bajarganimi?;
Rost24.uz saytining aybi – banklar tizimidagi eng katta muammo – KREDIT MUAMMOSIni ko`tarib chiqqanimi?