Davlat hisobidan yuridik yordam bergan advokatlarga oxirgi uch yilda 70 mlrd so`m to`lab berilgan

23.06.2023 12:39

Davlat hisobidan yuridik yordam olish tartibi yangi qonun bilan kengaytirildi.

Yangi tahrirdagi Konstitusiyaning 29-moddasiga ko`ra, har kimning malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlangan. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan ko`rsatiladi.

Joriy yil 16 iyun kuni "Davlat hisobidan yuridik yordam ko`rsatish to`g`risida"gi O`zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi.

Xo`sh bu qonunda eskisiga nisbatan qanday o`zgarishlar bo`ldi? Davlat tomonidan yuridik yordam olishda kimlarga bepul yordam beriladi? Eski qonunga nisbatan yangisida bepul yordam olish katergoriyalari ko`paydi. Ammo eskisida ham bor edi. Eski qonun bo`yicha qancha odamga bepul yordam ko`rsatilgan? Bundan tashqari advokatlarga ariza yozish, sudga murojaat qilish uchun ham to`lov qilinadi. Bu to`lovlar qanday tarzda amalga oshiriladi? Har biriga alohida to`lov qilinsa, bu jarayonda korrupsion holatlar bo`lmaydimi?

Rost24.uz muxbirining ushbu mazmundagi savollariga adliya vazirligi mas`ul xodimi Yoqutxon Yusupova javob berdi:

Yoqutxon Yusupova
Adliya vazirligi mas`ul xodimi 

— Advokatlar yuridik yordam ko`rsatgandan keyin nima ishlar qilganligi to`g`risida ma`lumotnoma topshiradi. Ushbu qonun bo`yicha bu holat takomillashtirildi, ya`ni, advokatlar elektron tarzda ma`lumotnoma topshiradi, unda advokatning nima ishlar qilganligi, qaysi sudda qatnashganligi, qancha vaqt u erda bo`lganligi, tanaffus jarayonlari ham yoziladi va ish yakuniga etganidan keyin ma`lumotnomani maxsus vakolatli organga topshiradi (Qonun bo`yicha maxsus vakolatli organ Adliya vazirligi etib belgilangan. Kelgusida vazirlik ushbu vakolatni hududiy adliya organlariga ham berishni rejalashtirgan).

Ma`lumotnoma o`rganib chiqilgach, moliya organlariga beriladi va advokatlik tuzilmasi hisob raqamiga to`lovlar amalga oshiriladi. Bundan tashqari, bepul yordam olish imkoniyatiga ega bo`lgan fuqarolar tomonidan oxirgi uch yilda 70 mlrd. so`mdan ortiq to`lovlar amalga oshirilgan. Bu boradagi statistika qanchadir fuqaroga emas, ishlarga qarab amalga oshiriladi. So`ngi yillarda bu 100-150 mingga etgan. Bu jinoiy ishlar bo`yicha, agar bundan so`ng fuqarolik, ma`muriy va boshqa ishlar qo`shilgan holatlarda bu sonlar 2-3 barobarga ortishi taxmin qilinmoqda», — deya javob berdi Yo. Yusupova.

Eslatma, davlat hisobidan yuridik yordam ko`rsatgan advokatlar haqidagi ma`lumotlar “Yuridik yordam” axborot tizimida e`lon qilinadi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар