Vazirlikning bergan ma`lumotiga ko`ra, Rossiya etkazib beradigan yillik gaz hajmi 6 milliard kub metr emas, 2,8 milliard kub metrni tashkil etar ekan.
Joriy yilning 16 iyun kuni XXVI Peterburg Xalqaro iqtisodiy forumi doirasida Rossiya gazini O`zbekistonga etkazib berish bo`yicha shartnoma hamda respublikamiz gaz-transport tizimini ushbu gazni qabul qilishga tayyorlash bo`yicha “yo`l xaritasi” imzolangan edi.
Rossiya matbuoti bu kelishuvlar bo`yicha ma`lumotlarni e`lon qila boshladi. Energetika vazirligi mazkur kelishuvlarni sir saqlagani bois, Rossiya mediasi orqali sizdirilgan xabarlar yanada shov-shuvli tus oldi. Oradan uch kun o`tib, Energetika vazirligi kelishuvning ayrim tafsilotlarini ochiqlashga majbur bo`ldi.
Energetika vazirligining qayd etishicha, gazni sotib olish va sotish bo`yicha shartnoma “UzGasTrade” va “Gazprom Eksport” kompaniyalari o`rtasida ikki yil muddatga tuzilgan.
«Kelishuv to`liq tijorat shartlarida ishlab chiqilgan bo`lib, respublika iste`molchilarining tabiiy gazga bo`lgan yil sayin ortib borayotgan talabini qisman qondirish, shuningdek, kuz-qish mavsumini uzilishlarsiz o`tkazishga qaratilgan chora-tadbirlardan biridir», — deyiladi vazirlik xabarida.
Vazirlikka ko`ra, kelishuv doirasida 1 oktyabrdan kuniga 9 million kub metr gaz etkazib berish boshlanishi kutilmoqda. Shunga asosan yillik import hajmi qariyb 2,8 milliard kub metrni tashkil etadi.
«Tabiiy gazning narxi viloyatdagi bozor narxlari, respublikadagi joriy narxlar, shuningdek, bozor sharoitlaridan kelib chiqib, narxlarni shakllantirish bo`yicha rejalashtirilgan islohotlardan kelib chiqib kelishilgan», deyiladi Energetika vazirligining xabarida.
Avvalroq, Rossiyaning «Kommersant`» gazetasi tomonlar yiliga qariyb 6 milliard kub metr yoki kuniga taxminan 18 million kub metr gaz etkazib berishga kelishib olgani, bunda etkazib berish hajmi har yili aniqlashtirilishi haqida xabar bergandi.