DEPUTAT E`TIROZI: “Akvapark”ning ayollar kiyinish xonasida kamera o`rnatilgan

09.06.2023 17:39

Oliy Majlis deputati jiddiy e`tiroz bilan chiqdi

Toshkent shahridagi “akvapark”lardan biridagi ayollar kiyinish xonasida kamera o`rnatilgani bilan bog`liq holat e`tiborimni tortdi.  

Yangi tahrirdagi Konstitusiyamizning 31-moddasida aniq qilib yozib qo`yilgan: “Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo`lish, o`z sha`ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega”. 

Bugun odamlarimiz o`zgargan, ularning dunyoqarashi, fikrlashi, huquqiy madaniyati o`sgan. Nazarimda, yuqoridagi holatda fuqaro o`z sha`ni va shaxsi bilan bog`liq nojoiz tasvirlar chiqib ketish ehtimolidan, umuman ularni kameralar orqali kuzatib turgan bo`lishlari mumkinligidan o`rinli xavotirlangan va o`zining konstitusiyaviy huquqini to`g`ri talab qilgan. Tadbirkor esa o`zining himoyasi uchun kameralar go`yoki “xavfsizlikni ta`minlash” maqsadida qo`yilgani vajini ko`rsatgan.  

Holat bo`yicha o`rganish olib borgan mutasaddilarning rasmiy munosabati esa undan-da taajjublanarli. Emishki, Yunusobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari o`rganish olib borganida, “basseynga kelganlarning foto yoki videosi tarqatilganligini tasdiqlovchi ma`lumot topilmagan hamda muassasa ma`muriyati yoki xodimlari tomonidan mijozlarga oid tasvirlar tarqatilganligi holati bo`yicha shikoyat yoki ma`lumot kelib tushmagan”.  

Qolaversa, rasmiylar kameralar kiyinish xonasida emas, balki tashrif buyuruvchilarning shaxsiy buyumlari saqlanadigan kiyim javoni joylashtirilgan maydonda ekanligini, ular mijozlarning buyumlari o`g`irlanishining oldini olish maqsadida o`rnatilganligini ma`lum qilgan. Yakunida organ xodimlari basseynga keluvchilarning shaxsiy rasm yoki videolarini tarqatmasliklari bo`yicha muassasa ishchilari bilan profilaktik suhbatni ham o`tkazishibdi.  

Toshkent shahridan parlamentga saylangan deputat hamda shu shaharning faol xotin-qizlaridan biri sifatida ushbu holat bo`yicha olib borilgan o`rganish ishlari qaytadan va xolisona o`tkazilishini talab qilaman. Bu erda gap opa-singillarimizning sha`ni, or-nomusi, huquqlari himoyasi haqida borayapti. Axir kamera kiyinish xonasida o`rnatilmaganida mijozning shikoyat qilishidan nima naf? Tadbirkorning xizmatidan bahramand bo`lib, tinchgina kelib-ketmasmidi?  

Video hech qaerda chiqmagan bo`lishi mumkin (hozircha!), lekin uni chiqarmaslik kafolatini kim bera oladi? Ertaga bu kabi “uchar” faktlar aynan shu ayolimizning oilasida tazyiq va zo`ravonlikka uchrashishiga sabab bo`lib qolmasligi bo`yicha ham profilaktik suhbatlar o`tkazildimi?!  

Nega biz ko`p hollarda huquqbuzarlikning oldini olish emas, balki u sodir etilganidan keyin chora ko`rishni ma`qul deb bilamiz? Umuman, fuqaroning shikoyati va xavotiriga nisbatan “Qani, qaerda video bor? Yo`q-ku! Muassasa rahbariyatini ogohlantirdik, videoni chiqarmaydi” qabilida munosabat bildirilganini yoqlab bo`lmaydi. Bu borada rasmiylarning tezkor va xolisona huquqiy bahosini kutib qolamiz.  

Gulruh A`zamova, 
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
5
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар