Dunyodagi eng ko`p go`sht iste`mol qiladigan mamlakatlar qaysi?

18.11.2025 11:20



Dunyoda qoramol go`shtini iste`mol qilish bo`yicha Argentina davlati etakchilik qilmoqda. Bu haqda “Visual Capitalist” tomonidan tayyorlangan infografikada so`z boradi.

Mol go`shti iste`moli 

Ma`lum qilinishicha, mol go`shti iste`moli bo`yicha eng yuqori ko`rsatkichlarga ega besh davlat – Argentina (har bir odamga 46 kg), Zimbabve (44,4 kg), AQSh (38 kg), Isroil (36,1 kg) va Braziliya (34,6 kg).

Argentinaliklarning etakchiligi asosan milliy taom hisoblangan asadoga bog`liq – bu o`lkaning barbekyu madaniyati nafaqat e`tiqod darajasidagi milliy ramzga, balki kundalik oziq-ovqat mahsulotiga aylantirgan. Zimbabve ham bu borada ajralib turadi, bu mamlakat Afrika qit`asida mol go`shti iste`moli eng yuqori bo`lgan hududlardan biri hisoblanadi.

Cho`chqa go`shti iste`moli 

Cho`chqa go`shti eng ko`p iste`mol qilinadigan davlatlar qatorida Xorvatiya (57,4 kg) birinchi o`rinda turibdi. Undan keyin Ispaniya (56,5 kg), Chernogoriya (53,5 kg), Gonkong (52,6 kg) va Polsha (51,6 kg) turadi. Xorvatiya va Ispaniyada cho`chqa go`shti ko`plab milliy taomlarning asosiy qismi bo`lib, quritilgan go`sht mahsulotlari va turli hududlarga xos pishiriqlar orqali an`anaviy ravishda iste`mol qilinib kelinadi. Chernogoriya va Gonkongda esa cho`chqa go`shti kundalik ovqatlanish tarkibining ajralmas qismi hisoblanadi.

Tovuq go`shti iste`moli 

Tovuq go`shti iste`moli bo`yicha etakchi beshlik – Sent-Vinsent va Grenadinlar (94,1 kg), Tonga (90,6 kg), Marshall orollari (74,8 kg), Samoa (74,8 kg) va Isroil (70,8 kg). Bu guruhdagi to`rtta davlat orol mamlakatlar bo`lib, u erdagi cheklangan er resurslari tovuqchilikni nisbatan arzon va qulay oziq-ovqat manbai sifatida rivojlantirgan. Tovuq go`shti oson etishtirilishi va arzonligi sababli asosiy protein manbai bo`lib qolmoqda.

Qo`y va echki go`shti iste`moli 

Qo`y va echki go`shti eng ko`p iste`mol qilinadigan davlatlar qatorida esa Mongoliya mutlaq etakchi – jon boshiga 68,5 kg. Undan keyingi o`rinlarda Bahrayn (23,4 kg), Yangi Kaledoniya (21,9 kg), Turkmaniston (20,3 kg) va Chad (19 kg) joylashgan. Mongoliyada yuqori ko`rsatkichlar mamlakatning ko`chmanchi chorvachilikka asoslangan hayot tarzidan kelib chiqadi. Qattiq iqlim va unumdor erlarning kamligi sababli, mongollar asosan go`shtga tayangan an`anaviy ovqatlanish modeliga ega.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар