Poytaxt parking auksiondan butun shaharni sotib oldimi?
Bugungi kunda O`zbekiston mediasi va ijtimoiy tarmoqlarini birgina muammo mavzusi qamrab olgan. Bu – avtomashinalarning pulli to`xtash joyi.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilik ayni shu masala haqida qayta-qayta bong urmoqda. Ammo mutasaddilardan birortasi hali rasmiy munosabat bermadi.
Muammoning ibtidosi ham noqonuniy boshlanganini iqtisodchi Otabek Bakirov isbotlab berdi.
Poytaxt parking birinchi marta o`tkazilgan auksionni bekor qilgan holda, ikkinchi urinishda yanada arzonroq narxga poytaxtdagi ko`chalarga pulli “parkovka” huquqini yutib olgan edi. Ammo, uning qaysi ko`chalarni yutib olgani aniq ko`rsatilmagan.
Biroq, Bakirov ta`biri bilan aytganda, monopolistning vakolatlari cheksizligi kun sayin o`z isbotini topmoqda.
Nazarimizda, monopolist qayda mashina to`xtash mumkin bo`lsa, shu joyga chiziq tortmoqda. Ijtimoiy tarmoqlardagi dod-faryodlar ko`lamiga ko`ra, rangi oq bo`lgan bu chiziq oddiy chiziq emas, aksincha, poytaxt aholisining erkinligi va huquqining ustidan shafqatsizlarcha tortilgan qismat chizig`ini eslatyapti.
Shaharda tirbandlikni kamaytirish uchun avvalo jamoat transportini ko`paytirish lozim emasmi? Jamoat transportlarimizning ahvoli esa hammaga ayon. Qisqasi, qandaydir islohot boshlasak, o`rtaga darhol monopolist suqilib kirishi an`anaga aylangan.
Mashina to`xtash joylarini pulli qilishdan maqsad – poytaxtda mashinalar oqimini kamaytirish edi. Ammo bu ezgu g`oyalar oddiy bir bahonaligi kun sayin ayon bo`lib bormoqda.
Negaki, mashinalar tirbandligini kamaytirish, jamoat transportini isloh qilish uchun qayta qurilgan Shota Rustavelli ko`chasida ham pulli “parkovka” qilinibdi. Prezident Shavkat Mirziyoev shaharda tirbandlikni kamaytirish uchun shaxsan o`zi tavsiya va takliflar bermoqda. Bu tarafda esa, monopolistlarimiz islohotlardan shaxsiy manfaatlari yo`lida unumli foydalanib qolishmoqda.
Poytaxt parkingning huquqiy tomonlariga keyingi sonlarimizda alohida to`xtalamiz. Hozir esa uning ajabtovur ishlariga qisqacha va imkon qadar soddaroq nazar tashlaymiz.
Poytaxt parking poytaxtda pulli to`xtash joylarini egalladi va o`zining chiziqlarini tortdi. Ammo narx anchagina qimmat bo`lgani bois, monopolist chiziqlariga mashina qo`yish ular o`ylaganidek natija bermadi.
Shundan so`ng davlat tashkilotlari gavjum hududlardagi mashina qo`yilishi mumkin bo`lgan bo`sh joylarni maxsus ustunlar bilan o`rab chiqdi, va bu holat hamon davom etmoqda.
Misol uchun, asosan davlat tashkilotlari joylashgan hududdagi mana bu holatga e`tibor qiling. Faqat maoshga ishlaydigan fuqarolar mashina qo`yish uchun yillar davomida foydalanib kelayotgan “Matbuotchilar” ko`chasini Poytaxt parking sotib olibdi. Va albatta, ko`cha yonidagi tekinga mashina qo`yish mumkin bo`lgan bo`sh joylarni ham berkitib chiqishni boshlashgan. Maqsad – odamlarni Poytaxt parkingga pul to`lashga majbur qilish. Yanada aniqroq qilib aytganda, Toshkent shahrida mashina haydash uchun qo`shimcha va ortiqcha tovon puli undirish.
Prezident shahar va mahallalardagi noqonuniy to`siqlarni yo`qotish topshirig`ini bergan edi. Ammo ko`rib turganingizdek, ba`zilarning manfaat topish yo`lidagi harakatlarini har qanday qonun-qoida va prezident topshirig`i ham to`xtata olmayapti.
Ushbu bo`sh joyga asosan Vazirlar Mahkamasining xodimlari avtoulovlarini qo`yishadi. Ular kuniga 10 soat mashinasini qoldirishga majbur. Demak Poytaxt parking qo`ygan narx bo`yicha to`lov qiladigan bo`lsa, har bitta mashina egasi bir kunda 120 ming so`m, bir oyda 3 million so`m atrofida Poytaxt parkingga berishga majbur bo`larkan.
Eng achinarlisi, Poytaxt parkingga Toshkent shahar Yo`l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi ham yordamga etib kelib, piyodalar yo`lagining bir chetiga qo`yilgan avtomobillarga jarimalar yoza boshlashdi. To`g`ri, yo`l harakati qoidalarining qaysidir bandlari buzilgandir, ammo aynan monopolist paydo bo`lgandan keyin yo`l chetidagi avtomobillarga qatorasiga jarima yozilishining o`zi shubhali emasmi?
Yo`l chetlari pulli bo`ldi, bo`sh joylar sun`iy va ongli tarzda yopildi. Eng so`nggi chora esa, ishga mashinada keladiganlar qonunni aylanib o`tishga yoki buzishga majbur bo`lmoqda.
Bu uslub okeandagi kitlarning aylana hosil qilib, mayda baliqlarni bir joyga majburan yig`ish orqali ovlash ssenariysini ham yodga soladi.
Toshkent shahar “GAI” monopolistni qo`llayapti deyishimizga yana bir sabab shuki, yo`l chetlarida 3.27 to`xtash taqiqlanadi belgisi qo`yilgan. Shu bilan birga, Poytaxt parking chiziqlari ham tortilgan. Shu joyda Toshkent shahar yo`l harakat xavfsizligi bosh boshqarmasiga savol: soatiga 12 ming so`mdan to`lab, ham qoidani buzish mumkinmi?
Shaharning ko`pgina joylarida 3.27 to`xtash taqiqlanadi belgisi noqonuniy tarzda ham o`rnatib ketilavergan.
Qo`pol qilib aytganda, bu sahnalar pulini to`lab, yo`l qoidalariga ham tupurib qo`yish mumkin degan xulosani paydo qilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bu videoda ham “GAI” xodimlari lotoklar ustiga o`rnatilgan temir panjaralarni olib tashlashga yordam bermoqda. Bu erda mulk daxlsizligi degan qonunlarni ham bir tiyindan qimmat, ikki tiyindan arzon qilishmoqda.
Maishiy xizmat ko`rsatish korxonalari va do`konlar o`zlarining oldidagi bo`sh joylardan mashinalar uchun to`xtash joylari yaratishgan. Ammo Toshkent shahar “GAI” monopolist bilan birga tekin joylarni yo`qotish ishlarini tizimli amalga oshirishmoqda.
Xulosa o`rnida aytishimiz mumkinki, davlat tashkilotlarining qo`llab-quvvatlovisiz, hech bir monopolist bir kun ham yashay olmaydi.
Poytaxt parking esa, o`zi yaratgan tizimni va qo`ygan narxlarini yana bir bor o`ylab ko`rgan holda, faqat qonun doirasida faoliyat yuritsa maqsadga muvofiq bo`lar edi.