Markaziy bank 2025 yilning oktyabr oyi holatiga inflyasiya ko`rsatkichlarini e`lon qildi.
Umumiy yillik inflyasiya 2022 yilda 12,3 foiz bo`lgan, 2023 yilda pasayib, 8,8 foiz, 2024 yilda biroz oshib, 9,8 foiz, 2025 yil oktyabr holatida 7,8 foizga tushgan.
Oziq-ovqat mahsulotlari
Infografikaga ko`ra, ba`zi oziq-ovqatlar narxi sezilarli darajada pasaygan, boshqalari esa keskin oshgan:
Yillik hisobda shaftoli (-28,7 foiz), tarvuz (-21,8 foiz), bulg`or qalampiri (-19,7 foiz), uzun boshoqli guruch (-18,3 foiz), yumaloq boshoqli guruch (-18,2 foiz), bodring (-17 foiz), banan (-15,1 foiz) va sarimsoq(-14,7 foiz) narxlari sezilarli darajada pasaydi.
Hisobot davrida quyidagi mahsulotlar narxlari sezilarli qimmatlagan:
Suyaksiz mol go`shti (+25,3 foiz);
Karam (+24,7 foiz);
Suyakli mol go`shti (+24,2 foiz);
Kungaboqar moyi (+22,6 foiz);
Piyoz (+18,9 foiz);
Kartoshka (+17,9 foiz);
Mol va qo`y jigari (+17,2 foiz);
Qiyma (17 foiz).
Iste`mol narxlari indeksi savatidagi umumiy 170 turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan 150 tasining (88 foiz) yillik narx o`sishi 10 foizdan past bo`ldi.
Nooziq-ovqat tovarlar
Nooziq-ovqat mahsulotlaridan propan (-18 foiz), A4 qog`oz (-3,9 foiz), yirik oshxona jihozlari (-3,5 foiz), kondisioner (-1,3 foiz), ovqat tayyorlash uchun priborlar (-1 foiz) va televizor (-0,3 foiz) arzonlagan.
Oltin narxlari global bozorda rekord darajada qimmatlashi zargarlik buyumlarida ham aks etgan – nikoh uzugi 33,4 foizga qimmatlagan.
Shuningdek, nooziq-ovqat mahsulotlari tarkibida metan (+30,5 foiz), gazeta (+15,3 foiz), benzin (+11,7 foiz), dezodorant (+10,3 foiz), tabiiy gullar (9,8 foiz) narxlarida keskin qimmatlashish kuzatilgan.
Iste`mol narxlari indeksidagi 250 turdagi nooziq-ovqat mahsulotlarining 243 tasi (97 foiz) bo`yicha yillik narx o`sishi 10 foizdan kam bo`lgan.
Xizmatlar
Yillik hisobda pul o`tkazmalari uchun haq to`lash narxlari 4,8 foizga, mikromoliyaviy xizmatlar 0,2 foizga arzonladi.
Narxi eng ko`p qimmatlagan xizmat ichki aviareyslar bo`ldi – hisobot davrida bu xizmat narxi 52,3 foizga oshgan. Shuningdek, tarmoq gaz (+39,2 foiz), sovuq suv (+35,1 foiz), muzey xizmatlari (+32,3 foiz), chiqindi tashlash (+28,6 foiz), suyultirilgan gaz (+25 foiz), shahar avtobusida yo`l haqi (+22,3 foiz), davlat bog`chasi (+21 foiz), markaziy isitish (+20,9 foiz), elektr energiyasi (+18,8 foiz) narxlarida ham keskin qimmatlashish kuzatilgan.