Saytimizda e`lon qilingan “Poytaxtni yashab bo`lmaydigan darajaga aylantirish davom etmoqda” nomli maqolaga Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirligi tomonidan munosabat e`lon qilindi.
Munosabatda mazkur ikkita ko`p qavatli uy o`rtasidagi yashil hudud va bolalar maydonchasi qilishga mo`ljallangan, uyning loyihasida aynan shunday ko`rsatilgan va hatto sug`orish tizimlari o`tkazib, keyin olib tashlangan hududdagi tor joyga tiqishtirib qurilayotgan ob`ekt sport majmuasi bo`lib, u Prezidentning “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga ko`ra davlat dasturi asosida qurilayotgani va mahalla ahlining turmush darajasini yanada yaxshilashga yo`naltirilgani bildiriladi.
Berilgan xabarda ob`ekt shaharsozlikning qaysi qoidalariga to`g`ri kelishi, ikkita ko`p qavatli bino orasiga qurilishi mumkin yoki mumkin emasligi, ehtimoliy zilzilaga nisbatan ehtiyotkorlik choralariga qay darajada mos kelishi, qolaversa fuqarolarga avvaldan bolalar maydoni va yashil hudud deb sotilgan joy ekaniga hech qanday munosabat bildirilmagan.
Sabab qilib ko`rsatilayotgan Qarorda “Respublika hududlarini obod qilish, qishloq va mahallalarda infratuzilma bilan bog`liq eng dolzarb masalalarni tizimli hal etish, xususan, joylarda ichki yo`llar, ichimlik suv, elektr energiyasi va gaz ta`minotini, ta`lim, sog`liqni saqlash, madaniyat, sport va boshqa infratuzilma ob`ektlarini yaxshilash, shu asosda aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish” nazarda tutilgan.
Savol tug`iladi,nahotki aholi xavfsizligi, sog`ligini xavf ostiga qo`yish va shaharsozlik normalarini buzish Prezident qarorida ko`rsatilgan bo`lsa? Prezident qarori aksincha, aholining turmush darajasini va mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga qaratilmaganmidi? Qolaversa, bu er shaharning gavjum joylaridan biri, gimnastika zali, sport bilan shug`ullanish imkonini beruvchi majmualar yaqin atrofda joylashgan.
Agar mazkur sport majmuasi ishga tushsa, majmuaga kelib-ketuvchi begonalar sabab bolalar maydonchasining qolgan kichik qismidan ham mahrum bo`lishidan, bolalarining xavfsizligidan xavotir olayotgan aholi vakillaridan ba`zilari hatto shu sababli uyini sotib, bu erdan ketishni rejalashtirayotgan aholining roziligi so`ralmaydimi?
Davlat rahbarining asosiy maqsadi aholini, xalqni rozi qilish bo`lgan bir paytda, bir qator qoidalarni buzib, aholini norozi qilib turgan ob`ekt qurilishiga Prezident qarorini sabab qilib ko`rsatish qanchalik mantiqqa to`g`ri keladi?
Mazkur muammo, masalaning qonuniy yoki noqonuniy ekanligiga aniqlik kiritish nafaqat vazirliklar, balki Prezident Administrasiyasiga ham bevosita taalluqli ekanligi ma`lum bo`lmoqda.