Rost24.uz internet saytida joriy yil 1 may kuni “Mikrokreditbankka omonat qo`yish xavflimi? Bank nega mijozlarni sarson qilmoqda?” nomli maqola e`lon qilindi. Mazkur maqolada Xorazm viloyati Shovot tumani “Bog`bon” mahallasida yashovchi fuqaro Nafisa Ro`ziboeva 2021 yilning 25 yanvarida onlayn tarzda omonat puli qo`yish uchun Shovot tumanida joylashgan Mikrokreditbankka borgani va bank xodimi onlayn tarzda fuqaroning omonat pulini qabul qilgach, oradan bir yil o`tib, ya`ni, 2022 yilning fevral oyida murojaatchi omonatga qo`yilgan pullarini so`raganda bank xodimlari pullar bank kompyuteriga tushgani, lekin qaerga ketgani noma`lum ekanini aytishgani xabar qilingan edi. Shundan so`ng murojaatchi tuman Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
Bank axborot xizmati maqolada ko`rsatilgan vajlarni o`rganib, quyidagilarni ma`lum qilgan:
Aniqlanishicha, 2023 yil 8 fevral kuni fuqaro Nafisa Ro`ziboeva bankning Xorazm viloyat mintaqaviy filialining ishonch raqamiga murojaat qilgan (murojaat raqami: 1-01/2023). Murojaat o`rganilganda, mijozga bank tomonidan hech qanday omonat hisob raqami ochilmaganligi hamda shartnoma imzolanmaganligi ma`lum bo`lgan. Aslida, fuqaro Nafisa Ro`ziboeva tomonidan 2021 yil 25 yanvarda 40 000 000 so`m, 2021 yil 2 avgustda 19 670 000 so`m miqdoridagi naqd pul mablag`lari bank kartasiga kirim qilish uchun topshirilgan. Kartaga kirim qilingan 40 000 000 so`m mablag`ning 8 159 029 so`m 70 tiyini Bobojonova Muqaddasga, qolgan 31 840 970 so`m 30 tiyini Atamuradova Mohinur nomidagi bank kartalariga shu kunning o`zida fuqaroning telefonidagi “MKB Mobile” ilovasi orqali o`tkazilgan.
Bundan tashqari, mijoz 2021 yil 2 avgust kuni bank kassasi orqali 19 670 000 so`m mablag`ni o`zining bank kartasiga kirim qilgan. Ushbu mablag` shu kunning o`zida Atamuradova Mohinur nomidagi bank kartasiga mobil ilova orqali o`tkazilgan. Mazkur fuqaro bilan telefon orqali suhbatlashilganda, Shovot filialida omonatga mablag` qo`ymoqchi bo`lib bankning sobiq xodimi Mirjalol ismli fuqaroga murojaat qilgani va Mirjalol tomonidan 59 670 000 so`m pul mablag`ni o`zining (fuqaro Nafisa Ro`ziboevaning) bank kartasiga kirim qilib berilganligini ma`lum qildi.
Mirjalol fuqaro Nafisa Ro`ziboevaning telefoniga o`rnatilgan “MKB Mobile” ilovasidan foydalanib, bank kartasidagi jami 59 670 000 so`m pul mablag`ini onlayn omonatga qo`ymasdan boshqa kartalarga o`tkazib yuborganini aytdi. Shundan keyin N.Ro`ziboeva Ichki ishlar boshqarmasi Shovot bo`linmasiga murojaat qilib, 59 670 000 so`m pul mablag`ini Mirjaloldan undirib olganligini, biroq, pul mablag`lari uchun foizlarini ololmaganligidan noroziligini bildirdi.
Qo`shimcha ma`lumot uchun, Mirjalol ismli shaxs Shovot filialida 2020 yilning 21 dekabriga qadar faoliyat yuritgan. Shuningdek, ushbu mablag` “Mikrokreditbank” ATBdan emas, balki Ichki ishlar xodimlari tomonidan fuqaro Nafisa Ro`ziboeva foydasiga fuqaro Otamuratov Mirjalol Norboy o`g`lidan undirilgan. Bank axborot xizmatiga ko`ra, mazkur fuqarolar o`rtasidagi pul bilan bog`liq o`zaro munosabatlarda “Mikrokreditbank” ATB ishtirok etmagan.