Nashida tarqatganlikda ayblanayotgan talaba sud zalidan ozod qilindi

02.03.2023 18:49

Bugun Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atida sudlanuvchi S. Rahmonqulovning himoyachisi tomonidan keltirilgan apellyasiya shikoyati asosida ushbu jinoyat ishi apellyasiya tartibida ko`rib chiqildi. Ushbu ish jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinayotgan edi.

Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati apellyasiya instansiyasining 2023 yil 2 martdagi ajrimiga muvofiq birinchi instansiya sudining hukmi o`zgartirilib, S. Rahmonqulovga tayinlangan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi Jinoyat kodeksining 72-moddasi (shartli hukm qilish) qo`llanilgan holda shartliga o`zgartirilib, 2 yil sinov muddati belgilandi va u sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog`i vaqtini hisobga olish qoidalari) tartibida S. Rahmonqulovning 7 oy 9 kun qamoqda saqlanganligi inobatga olinib, asosiy jazodan chegirib tashlandi.

Oliy sud bu qaror haqida xabar berar ekan, sudyalar mustaqil, ular faqatgina qonunga bo`ysunishlariga urg`u bergan.

«Shu ma`noda jamoatchilikning keng muhokamasi emas, balki amaldagi qonunchiligimizda nazarda tutilgan adolat va shaxsni axloqan qayta tarbiyalash singari tamoyillarga asoslangan holda sud shunday to`xtamga kelganini ta`kidlash joiz», deyiladi xabarda.

Shuningdek, sud jinoyat ishini atroflicha o`rganar ekan, S. Raxmonqulovning o`z qilmishiga iqror va pushaymonligi, unga nisbatan engillik berish haqidagi kafolat xatlarini inobatga olgan holda hamda insonparvarlik va odillik tamoyillariga asoslanib qaror chiqargani qayd etilgan.

Eslatib o`tamiz, Toshkent shahar sudida 2020 yilda Telegram tarmog`i orqali do`stiga tarqatilishi taqiqlangan nashida yuborgani uchun 5 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo`llanilgan Sardor Rahmonqulovning appelyasiya sudi o`tgan safar tushlik vaqtiga to`g`ri kelgani sababli  qoldirilgan edi. Material 2022 yil 5 iyunda fuqaroning uyida IIB xodimlari o`tkazgan tintuv paytida aniqlangan. Rahmonqulov tergov vaqtida 9 oy qamoqda o`tirgan.

Rost24 muxbirlari ushbu sud jarayonida ishtirok etib kuzatib borishdi.

Avvalroq, saytimizda sudni yoritishda telefon kameralardan foydalanishga yo`l qo`yilmagani tanqid ostiga olingan edi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
8
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар