Kasbi tumanida ham o`qituvchilarga majburiy quyosh panellari o`rnatilishiga topshiriq berilgan
Bundan biroz oldin Rost24.uz saytida Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi maktablar ko`mir sabab jarimaga tortilgani haqida yozgan edik. Endi navbat majburiy obuna, soliqlar hamda quyosh panellariga kelibdi.
Murojaatchilarning so`zlariga ko`ra, maktab o`qituvchilaridan tumanning «Sadoqat» gazetasiga yarim yoki bir yillik majburiy obuna bo`lish talab qilinmoqda. Bundan tashqari o`qituvchilarning er, mol-mulk soliqlarini to`latishni ham maktab rahbariyatining zimmasiga yuklatilgan.
Eng asosiy masala esa har bir maktabdan bir nafar o`qituvchi quyosh panelini o`rnatishga majburlashyapti. Buning uchun 5 yilga 15% kreditga 60 mlngacha quvvatiga qarab quyosh panellari olishiga to`g`ri keladi. Agar quyosh panel olishga rozi bo`linsa, o`rnatib ham ketar ekan, agar quyosh panel o`rnatadigan o`qituvchi topilmasa, yana balogardon rahbariyat bo`ladi.
Bu yil 1 maydan foydalanishga topshiriladigan ko`p qavatli uylarga quyosh panellari o`rnatilishi rejalashtirilgan edi. Ammo qarorning hech bir joyida majburan o`rnatilishi kerakligi haqida aytilmagan.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatidagi bankirlar oddiy aholini quyosh panellarini o`rnatishga majburlayotgani haqida xabarlar chiqqan edi. Demak endi navbat o`qituvchilarga, keyingi navbatda kim ekani qiziq.
Qarorga ko`ra, quyosh panellarini o`rnatish imtiyozli kredit asosida berilishi kerak. Buni esa xalqqa targ`ibot orqali etkazsa bo`ladi. U haqiqatda xalqqa foyda va imtiyozli ekanini bilsa odamlar o`zi borib, hatto navbatda turib ham o`rnatishar edi. Majburiy-ixtiyoriy usul esa shu vaqtgacha o`zini oqlamagan.