Ikki kunlik tadbirga 3 mlrd 230 mln so`m sarflangan senat yana hashamdor xarajatlar qilishda davom etmoqda. Gaz va benzinga navbat kutayotgan odamlar esa 5 minglik somsa eganiga, uyiga bir «buxanka» non olib borganiga xursand.
Oliy Majlis vakillari va Vetnam Sosialistik Respublikasi Vise Prezidenti Vo Txi An Suan boshchiligidagi delegasiya ishtirokchilalri bo`lgan 25 kishilik tushlik soliq to`lovchilarga 60 million 375 mingga tushdi.
Hukumat a`zolari endi qimmatlik rekordini yangilab, 100 ming so`mlik somsa eyishgan.
Oliy Majlis Senatning navbatdagi tadbirida dabdabali dasturxonga donasi 100 ming so`mlik somsalar qatorida, har bir porsiyasi 360 ming so`mlik desert, porsiyasi 335 ming so`mlik avakado va krevetkali salat, donasi 160 ming so`mlik non va porsiyasi 260 ming so`m bo`lgan grek yong`og`i ham tortilgan.
Dabdabali dasturxon mezboni yana “Sky Events” MChJ.
Aynan ushbu korxona senatning 2022 yilgi sentyabrda o`tkazgan tadbirining tashkiliy ishlari uchun Kongress markazining ijarasi va kofe-breyk uchun 957 mln so`mlik, Kongress markazning zallari uchun 1,2 mlrd so`mlik hamda sammitga kelgan mehmonlarni ovqatlantirishga 1 mlrd 56 mln so`mlik shartnomalar tuzgan edi.
8-9 sentyabr kunlari Toshkent shahrida o`tkazilgan Parlamentlararo ittifoqqa a`zo davlatlar ayol rahbarlarining 14-sammitiga kelgan mehmonlarni birgina kechki ovqati uchun yozilgan dasturxonidagi go`shtli assorti, dudlangan losos balig`i va pishloq soliq to`lovchilarga salkam 90 mln so`mga tushgan.
O`sha tadbirda yozilgan dabdabali dasturxondagi eng qimmat taom – har bir porsiyasi 550 ming so`mdan tushgan go`shtli assorti bo`lgan bo`lsa bu safar eng qimmat ne`mat porsiyasi 690 ming so`mlik tozalangan xandon pistalar bo`ldi.
Narxlar kun sayin bo`rttirilayotgan bir vaqtda esa hamon bu masalani jiddiy o`rganishga kirishilgani yo`q. Bunday tadbirlar xaridlari tez-tez muhokamalar markaziga chiqayotgan, ochiqlangan hujjatlarda xaridlarni amalga oshirishda manfaatlar to`qnashuvi ro`y bergani ham ma`lum bo`lgan bo`lsada bironta tegishli mas`ul tashkilotlar na axborot berdi va na munosabat bildirdi.
Avvalroq saytimizda «16 ming so`m uchun IIB kambag`alning bolasini ushlagandi — milliardlarni o`marayotganlarga esa hech kim e`tibor bergani yo`q» nomli maqola e`lon qilingandi va unda Bosh prokuraturaga quyidagi savollar berilgan:
Bir dona somsani 85 ming so`m deb hisoblab, aslida kimning puli o`marilmoqda? Bu ochiqcha korrupsiya emasmi?
Bir bechora 15 yoshli kambag`alning bolasini 16 ming so`m o`g`irladi deb qamagan edi. Xo`sh bular o`g`irlik emasmi? Davlat va xalq pulini o`marish emasmi?
Agar nazoratda haqiqat bo`lsa shu savolga ham javob berilishi kerak edi. Ammo jamoatchilikning bu savoli ham unutilmoqda.
Bu vaqtda hashamdor o`tirishlardagi somsalarning narxi 85 mingdan 100 mingga ko`tarildi, xolos.