Abdulaziz Komilovning o`g`liga tegishli kompaniyalar: aviayoqilg`i etkazishdan MDHdagi yirik alkogol distribyutorligigacha

02.02.2023 08:46

O`zbekistonning sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o`g`li MDH davlatlarida alkogol mahsulotlari distribyutorligi bilan shug`ullanuvchi yirik firmaga egalik qiladi. Shuningdek, Toshkent shahrida alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi katta zavod ham unga tegishli ekanligi ma`lum bo`ldi. Bu haqida davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar bergan. 

Bu ma`lumotlarni o`rganar ekan rost24.uz sayti O`zbekistonning yirik amaldorining o`g`li yana bir qancha gigant kompaniyalarga egalik qilishini aniqladi.
 

Alkogol ichimliklari qiroli

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Qo`qon biokimyo» AJ ustav kapitalidagi 99,7 foiz davlat aksiyalar paketini 277 mlrd. so`mga «First Premium Alliance» MChJga sotilganini ma`lum qilgan. «First Premium Alliance» MChJ ta`sischisi sifatida O`zbekiston sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o`g`li Komilov Doniyor Abdulazizovich ko`riladi.

Agentlik «Qo`qon biokimyo» AJ nima uchun aynan Doniyor Abdulazizovich egalik qiladigan firmaga sotilganini izohlab o`tgan. 

Unga ko`ra, kompaniya ta`sischilari Toshkent shahrida alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yirik zavodga ega hamda Kompaniyaning Respublikada va MDH mamlakatlarida yirik distribyutorlik tarmoqlari mavjudligi tender savdolarida e`tiborga olingan. Shu bilan birga kompaniya Legion, Lavini va Duty Free xalqaro aeroporti kabi yirik savdo tarmoqlari bilan hamkorlik qilib kelishi qayd etilgan. «First Premium Alliance» MChJ esa 2020 yilning so`nggi oyida ro`yxatdan o`tgan.

 

Doniyor Abdulazizovichga tegishli Metropol Group kompaniyasi 2021 yilda O`zbekiston madaniy merosi ob`ekti hisoblanib kelgan davlat xavfsizlik xizmatining sobiq markaziy binosini sotib olgan. Bu haqida saytimizda qator maqolalar e`lon qilingan edi.

Aviayoqilg`i etkazib beruvchi kompaniya

O`zbekistonning sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o`g`li yana qator yirik kompaniyalarga egalik qiladi. Xususan Doniyor Komilovga tegishli “progressgortech-asia” kompaniyasi turli aviakompaniyalarni aviayoqilg`i bilan ta`minlaydi. Kompaniya Turkmaniston, Rossiya va MDHning boshqa neftni qayta ishlovchi etakchi kompaniyalari bilan uzoq muddatli shartnomalarga ega.

Shuningdek, Doniyor Komilov Delta Global Dynamics (biznes va boshqaruv konsaltingi), Gamma Insurance Biznes (hayotdan tashqari sug`urta), Metropol Group (biznes va boshqaruv bo`yicha konsalting) kompaniyalariga ham egalik qiladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
63
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар