SAVOL: Biz saylagan deputatlar nimalar bilan mashg`ul?
Saytimizda "Oliy Majlisning mudroq bosayotgan deputatlari kimlar?.. Yoxud ijtimoiy tarmoqda o`quvchilarga ega bo`lmagan deputatlar saylovlarda shuncha odamning ishonchini qanday olgan ekan?" sarlavhali maqola e`lon qilgan edik.
Ijtimoiy tarmoqlarda katta bahs-munozaralarga sabab bo`layotgan bu maqolada deputatlarimizning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati haqida mulohazalar berilgan edi. Parlamentdagi 125 nafar deputatdan bor-yo`g`i 3-4 nafari ijtimoiy tarmoqlarda o`z sahifalarini yuritib, faollik ko`rsatayotgani aytilgan.
Kuzatuvlarimizga ko`ra, xalq bilan ishlash asosiy vazifasi bo`lsa-da zamon talabidan kelib chiqib nima uchundir ko`pchilik deputatlarimiz tarmoqlarda faoliyat yuritmaydi, o`z sahifalariga ega bo`lganlari ham juda sust va ijtimoiy faol emas.
O`razboev Ural Kamolovich — Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo`mitasi a`zosi. O`zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Jizzax viloyati 37-Sharof Rashidov saylov okrugidan deputatlikka saylangan.
Deputat feysbuk va telegram ijtimoiy tarmoqlarida o`z sahifalari ega. Feysbukda 590 nafar o`quvchisi bor. Feysbukdagi sahifasiga asosan yaqinlarining tug`ilgan kuni va odatiy tadbirlar haqida postlarni joylab boradi.
Telegramdagi rasmiy sahifasida esa ayni paytga kelib 199 nafar a`zosi bor.
Nazarimizda deputatni ijtimoiy tarmoqlarda faol deb bo`lmaydi. Mavjud sodir bo`lgan biror bir voqeilikka yoki jamiyatimizda ro`y berayotgan o`zgarishlarga nisbatan o`z fikr va qarashlarini, mulohazali munosabatlarini deyarli uchratmaysiz.
Bugungi kunda saylovchilar bilan muloqot qilishda eng ommaviylashgan telegramdagi sahifasini kuzatsangiz ham asosan rasmiy tadbirlarning ko`chirmasi hamda ayrim shaxsiy suratlar joylangan. Shuningdek, deputatning kanalida jinsiy quvvatni oshiruvchi, tarkibida erkaklar tanasi uchun foydali bo`lgan jinsiy faoliyatga, davolovchi ta`sir ko`rsatadi, deya JENShENni ko`p bora targ`ib qilib kelayotganini ko`rish mumkin xalos.
Rost24.uz axborot sayti Oliy Majlis deputatlarining ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatini kuzatishda davom etadi.