Yoki avtomobil sotib oluvchilar oddiy raqamlar yo`qligi sababli auksionda sotiladigan raqamlar olishga majbur bo`lishyaptimi?
2022 yilda O`zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasining avtoraqam.uzex.uz elektron savdo tizimida 304,1 mlrd so`mlik 118 mingdan ziyod avtoraqamlar shaffof onlayn-auksionlar orqali sotildi. Bu haqda «O`zRTXB» AJ PR bo`limi xabar bergan.
O`tgan davrda sotilgan avtoraqamlarning eng past bahosi 494,9 ming so`mni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa – 348,0 mln so`mni tashkil qildi.
Avtomobil sotib olgan bir necha kishi o`rtasida so`rab chiqdik. Yil boshida avtomobil olgan fuqaro raqamlar olishda muammo bo`lmaganini aytdi, yil oxirida avtomobil olganlar esa ularga faqat auksiondagi raqamlar taklif etilganini ma`lum qilishdi.
Yil yakuni bo`yicha berilgan hisobotga ko`ra, Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 5% birinchi toifadagi avtoraqamlar, 8% – ikkinchi, 8% – uchinchi, 11% – to`rtinchi, 22% – beshinchi va 46% – oltinchi toifa avtoraqamlarga to`g`ri kelgan.
Yil o`rtasida berilgan ma`lumotda esa bitimlarning salmoqli qismi, ya`ni 29% birinchi toifadagi avtoraqamlar, 22% – ikkinchi, 13% – uchinchi, 9% – to`rtinchi, 12% – beshinchi va 15% – oltinchi toifa avtoraqamlarga to`g`ri kelganini ko`rish mumkin.
Bu raqamlardan yil oxirida aynan arzonroq raqamlarning sotilganini ko`rish mumkin.
Aynan oltinchi toifaning raqamlariga to`xtalib o`tsak. Masalan 720, 730, 601, 607, 611, kabilar aynan shu toifaga kiradi. Ularning bahosi auksiondagi eng past bahodagi raqamlar sanaladi. Ya`ni raqamlar joylashuviga qarab Bazaviy hisoblash miqdorining (300 ming so`m) 2-5 baravari miqdorida to`lov qilinadi. Lekin, ularni auksion narxidagina olasiz.
Hududlar kesimida eng ko`p avtoraqamlar Toshkent shahri va Toshkent viloyati (31%) Samarqand va Qashqadaryo (8% dan), Namangan, Andijon va Surxondaryo (7% dan), hamda Xorazm (6%) viloyatlarida xarid qilingan.
Biz so`ragan xaridorlar ham aynan Toshkent shahridan avtomobil sotib olishganini aytishdi.
Ma`lumot uchun, 2020 yil davomida auksion savdolari orqali 98 898 ta davlat raqami belgisi, 243 milliard 185 million 752 ming 610 so`mga sotilgan.
2021 yilda esa 298,8 mlrd so`mlik 139,4 mingdan ziyod avtoraqamlar sotilgan.
Avtoraqamlarni onlayn-auksionlarda sotilishidan kelib tushgan mablag`larning 80% – O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga, 20% – O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, xodimlarini moddiy rag`batlantirish va boshqa xarajatlar Maxsus jamg`armasiga yo`naltiriladi.