Ijro hokimiyatidagi qisqartirish va optimallashtirish sabab, bir nechta vazirliklar birlashdi. Biroq, vazifasi bir-biri bilan chambarchas bog`liq bo`lgan Qishloq xo`jaligi va Suv xo`jaligi vazirliklari alohidaligicha qolmoqda.
— Bu ikki vazirlikning birlashmasligiga sabab ularning siyosiy figura sifatida kimlargadir yaqin ekanligini anglatmaydimi?
— Boshqa birlashayotgan vazirliklarga nisbatan tarkiban aynan bir xil bo`lgan ana shu ikki vazirlik eng birinchilar qatorida birlashishi kerak emasmidi?
Kecha, Axborot va ommaviy kommunikasiya agentligida o`tgan matbuot anjumanida rost24.uz muxbiri Adliya vaziridan aynan shu savolga javob olishga urindi.
Adliya vaziri Akbar Toshqulov, shaxslar bu erda muhim rol o`ynamaganini bildirar ekan, islohotlar qisqartirishlar davom etajagini aytdi.
«Islohotlar bir martada bo`ladigan ish emas, doimiy davom etadi. Masalan, Qishloq xo`jaligi va Suv xo`jaligi vazirligini aytyapsiz, ma`lum bir bosqichdan keyin bu vazirliklar qo`shilishi mumkin. Yoki yana boshqa vazirliklar qo`shilib, ixchamlashishi mumkin. O`zini hisob-kitobidan kelib chiqib, masalan, qishloq xo`jaligini bizni mamlakatimizdagi ahamiyatidan kelib chiqib ular birlashishi mumkin. Veterenariya, ipakchilik hammasi ham qishloq xo`jaligiga kirmoqda, lekin irrigasiya tizimining ham qishloq xo`jaligidagi o`rni katta. Hech kim qo`shilib ketmaydi, deya olmaydi. Ertaga, ma`lum bir muddat o`tib, dasturlar u erdagi mexanizmlardan kelib chiqib qo`shilishi mumkin. Shuning uchun shaxsiy manfaat, deyish xato bo`ladi», dedi vazir Toshqulov.
Shuningdek, matbuot anjumani davomida Adliya vaziri Toshqulov bu islohotlar birdaniga vujudga kelmagani, bu ishlar ko`p yillik tadqiqot va o`rganishlar natijasi ekanligini bildirgan.