Adliya vaziri qisqartirish faqat Vazirlar mahkamasiga emas, administrasiyada ham daxldor bo`lishini aytmoqda. Lekin u aniq raqamlar va kimlarni o`rni qisqarishi haqida aniq javob bergani yo`q.
Rost24 hukumatda qisqartirishlar olib borish kerakligi, xususan Vazirlar mahkamasi va Prezident Administrasiyasining o`xshash funksiyalari haqida qator materiallar bergan. Yangi islohotlar ro`yxatida, vazirlar mahkamasi va unga tegishli tashkilotlardagi qisqartirishlar aks etgan. Lekin Prezident administrasiyasi tizimidagi qisqarishlar haqida aytilgani yo`q.
28 dekabr kuni AOKAda ma`muriy islohotlarni amalga oshirish bo`yicha prezident farmoni va qarori mazmun-mohiyati bo`yicha qator vazirlik, idora xodimlari bilan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda adliya vaziri Akbar Toshqulov ham qatnashib, OAV vakillarining savollariga javob berdi. Ushbu uchrashuvda ishtirok etgan Rost24.uz muxbiri «Barcha vazirlik, idoralar qisqartirilayotgan bir vaqtda, Prezident administrasiyasi ham qisqartiriladimi?» degan savol bilan adliya vaziriga yuzlandi.
Adliya vaziri Akbar Toshqulovning aytishicha, hukumatdagi o`zgarishlar Prezident administrasiyasini ham chetlab o`tmaydi. Uning ta`kidlashicha, konstitusiyaga o`zgartirish kiritilishi bilan bu masalada ham o`zgarish bo`ladi.
«Konstitusiyaga o`zgartirish kiritilyapti. Konstitusiyada ham, butun davlatchilik tizimida ham ma`lum bir islohotlar bor. 3 ta hokimiyatni oladigan bo`lsak: mana, ijro hokimiyatida aniq islohotlar bo`lyapti, bu parlamentga ham, administrasiyaga ham ta`sirini o`tkazadi. O`z navbatida, sud hokimiyatida ham mana shunday islohot ketyapti. Biz faqat ijro hokimiyatidagi islohotlarni ko`rib, boshqa hokimiyat tizimida bunday bo`lmaydi, deyishimiz xato. Hozir muhokama qilayotgan farmonimiz ham aynan ijro hokimiyatiga tegishli alohida masala, shuning uchun bu ham alohida ko`riladi.
Vazirlar Mahkamasi o`zgardi, hukumat o`zgardi, undan keyin «tepasi» ham o`zgarishi kerakku. Yo`nalishlar bo`yicha administrasiyada ham bo`limlar bor edi, o`sha mexanizm o`zgarganidan keyin, «tepa» ham o`zgarishi o`z-o`zidan ayon bo`ladi», dedi adliya vaziri.
Shuningdek, Toshqulov Qishloq xo`jaligi va Suv xo`jaligi vazirliklari qo`shib yuborilishi mumkinligini aytdi: «Islohotlar bir martada bo`ladigan ish emas, doimiy davom etadi. Masalan, Qishloq xo`jaligi va Suv xo`jaligi vazirligini aytyapsiz, ma`lum bir bosqichdan keyin bu vazirliklar qo`shilishi mumkin. Yoki yana boshqa vazirliklar qo`shilib, ixchamlashishi mumkin».
Ma`lumot uchun: Prezident farmoniga ko`ra 2023 yil 1 yanvardan boshlab Vazirlar Mahkamasining tarkibida 21 ta vazirlik bo`ladi. Avvalroq, moliya vaziri o`rinbosari Odilbek Isakov qisqarishdan oldin faoliyat olib borgan muassasalar sababli har yili byudjetdan 3 trillionga yaqin mablag` sarflangani haqida ma`lumot bergan edi.