Deputat Rasul Kusherbaev o`z deputatlik faoliyatini yakunlashga qaror qilgani haqidagi xabarlardan so`ng, jamoatchilik buni qizg`in muhokama qilmoqda. Ko`pchilik bu qarorga qarshiligini bildiryapti. Prezident uning faolligini alohida qayd etgan bo`lsada, negadir bu qarorga nisbatan rasmiy munosabat berilgani yo`q. Oliy majlis qonunchilik palatasi va uning aksariyat deputatlari bunga umuman munosabat bildirishgani yo`q.
Oliy Majlisdan faqat Deputat Doniyor G`aniev o`z e`tirozini e`lon qildi:
«Rahmat senga Kusherbaev.
Rasul Kusherbaev deputatlik faoliyatini tugatishga qaror qilibdi. Parlament uchun katta yo`qotish, afsus.
Rasulning jur`ati, «dux»iga doim tan berganman, har qanday qarshilik va bosimlarga qaramay o`z prinsiplarida qat`iy turishiga havas qilganman. Tan olish kerak, bu hammaning ham qo`lidan kelavermaydi.
Garchi Rasulni hurmat qilsamda, lekin uning bu galgi qarorini unchalik ma`qullamayman. Chunki Kusherbaev keng jamoatchilik uchun aynan davlat rahbari boshlagan siyosiy islohotlar yutug`ining timsoliga aylangan, mamlakatda kuchli parlament va demokratik jamiyat qurishda ko`pchilikka ilhomlantiruvchi, umid beruvchi shaxs sifatida shakllangan edi. Unga minglab saylovchilari ishonch bildirgan, undan deputat sifatida ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishini kutishgan.
Shu bilan birga, Rasul bu qarorga osonlikcha kelmaganiga ham aminman. Ehtimol bizga ayon bo`lmagan asosli sabablari yoki shaxsiy muammolari bordur.
Bilishimcha, deputatlikdan ketishga hali rasman ariza bilan murojaat qilmagan. Balki, saylovchilari fikriga quloq solib, yana o`ylab ko`rar va qarorini o`zgartirar. Lekin nima bo`lgan taqdirda ham bu uning shaxsiy qarori va biz buni hurmat qilishimiz kerak.
Ishonamanki, deputatlikdan ketgan taqdirda ham Rasul Kusherbaev xalq manfaatlari va adolatli jamiyat barpo etish, fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilish yo`lida xizmat qilishdan to`xtamaydi».
Ijtimoiy tarmoqlar faollari bunga qanday munosabat bildirmoqda?
Qibray tumani ma=alliy kengash deputati Olim Sulaymanov:
«Kusherbaevning ketishini jamoatchilik faollari juda og`ir qabul qilmoqda. Biz Oliy Majlis Senati raisidan va Qonunchilik palatasi spikeridan:
— xalq deputatining bunday qarorga kelishiga sabab bo`lgan barcha holatlarga aniqlik kiritilishini va o`rtada qandaydir bosim yoki tazyiqlar bo`lgan-bo`lmaganligiga oydinlik kiritilishini talab qilamiz!»
Bloger Otabek Bakirov:
«Rasuljonni tushunsamda, qilgan ishini oqlamayman. Rasuljon ular bo`lishini juda juda istagan ishni o`z ixtiyori bilan amalga oshirdi».
Azon.uz rahbari Mubashshir Ahmad:
«Rasul Kusherbaev deputatlik mandatini topshirish jarayonlarini boshlamagan bo`lsa, uni fikridan qaytishga chaqiraman!
Bu maydon rasullarga muhtoj, ketishiga emas! Ular ko`payishi kerak, kamayishi emas!»
Kun.uz jurnalisti, Shuhrat Shokirjonov:
«Rasul Kusherbaev shu o`lik parlamentda qolsa ham hech narsa o`zgarmaydi, ketsa ham. Ketib to`g`ri qildi».
Huquqshunos Hamid Sodiq:
«Rasul Kusherbaev deputatlik mandatini topshirishni e`lon qilibdi. 36 millionli xalq bittagina mandat bergandi. Uyat emasmi!?»
Bloger Otabek Artikov:
«Rasul Kusherbaev bilan yaxshi iliq munosabatdaman. Juda samimiy va xalqparvar shaxs. Deputatlikdan nega ketmoqchi ekanligi sabablari haqida so`ramadim, ammo Rasul akani qarorlarini har qanday holatda qo`llab-quvvatlayman. Shunchaki Rasul aka ketsa bu katta yo`qotish bo`lishidan xafaman. Rasul aka biz siz bilan!».
«Mikrofon ko`targan ayol» sahifasi asoschisi Aziza Qurbonova:
«O`zi yaxshi ko`radigan xalq uchun, uni saylagan odamlar uchun sistemada turib kurashish qiyin, ammo foydali, maydonni boshqalarga qulay qilib tashlab ketish oson va bu harakatdan odamlarga foyda bo`lishi dargumon. Sistemani bukilmas shaxsiyatlar to`g`rilaydi».
Bloger Shahnoza Soatova:
«Ushbu e`lon konteksti juda pessemistik bo`lib, afsus tuydim. Garchi qaror sababi aniq aytilmagan bo`lsa ham, «bunday ishlay olmas ekanman», «shunga majbur bo`lganimdan afsusdaman» degan ifodalardan Qonunchilik palatasida nimadir bo`lgani va Rasul undan noroziligi anglashiladi. Rasul bilan bir qancha masalalarda bahslarimiz bor. Biroq uni jonli va jonkuyar deputat deb bilaman. Umid qilamanki, vaziyat tez orada ijobiy echim topadi».
Troll.uz blogi asoschisi Umid Gafurov:
«Ba`zilar menga ham deputat bo`lishni yozishadi. Bo`lmayman. Bo`lolmayman. Bu tizimda sog` odam ishlashi qiyin. Sog`ni yo kasal qiladi, yo sig`dirmaydi. Oliy Majlisda bugun bayram bo`lsa kerak…”
“Platforma.uz” Telegram blogi:
«Afsus, afsus, afsus...»
«Rasul Kusherbaevning sabr kosasi to`lishiga shu voqea oxirgi tomchi bo`lgan bo`lishi mumkin» (2023 yil Davlat byudjeti muhokamasida deputatga U. Inoyatovning so`z bermaganini nazarda tutmoqda).
Shuningdek, blog muallifi Prezident Shavkat Mirziyoevning Kusherbaev haqidagi fikrlaridan iqtibos keltirib, yana o`z fikrini davom ettirgan:
«Shavkat Mirziyoev: Har bir deputat qanday savol berishlariniyam bilaman, qanday deputat fidoyi ekanliginiyam bilaman. Buni bilishim shart. Nimaga desangiz xalq noiblarini, xalq vakillarini xalq uyidagi munosabati Prezident uchun juda muhim.
P/S: Davlat rahbari deputatlar fidoyiligi haqida gapirar ekan, spiker Nurdinjon Ismoilov, birinchi o`rinbosar Akmal Saidov yoki boshqa o`rinbosarlar emas, aynan Rasul Kusherboev va Doniyor G`aniev ko`rsatilishida ham haqiqat mujassam ekanligini bilish mumkin».
Kun.uz muxbiri Ilyos Safarov:
«Kusherbaevga so`z bermaslik Inoyatovning shaxsiy tashabbusi emas. Bu kabi ishlarga uning kuchi, tafakkuri va jur`ati etmaydi. Bu aniq. Bu ishlar kuchliroq esayotgan va o`ta zararli shamolning natijasi (qani bundan ortiqcha gap gapirolsam). Demoqchimanki, sabablar haqida o`ylayotganda Inoyatov omilini ro`yxatingizdan chiqarib tashlayvering».
Shuningdek, mahalliy Kengash deputati Nuriddin Zaynitdinov ham Kusherbaev ortidan deputatlikdan voz kechishi haqida ma`lum qilgan.