"Davlat tili to`g`risida"gi Qonun topildimi?
Sobir Shukurov boshchiligidagi tilga mas`ul Departament joriy yil hisobidan biron marta ham jamoatchilik va jurnalistlar oldida hisobot bermagan.
Prezident murojaatnomasida ona tiliga urg`u berdi, ammo senatorlar “Davlat tili to`g`risida”gi Qonun qaerga yo`qolgani haqida ma`lumot bergani yo`q. Bu bo`yicha rost24.uz'ning alohida senatorlarga qilgan murojaatlari doim ochiq qolgan.
Ma`naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamentiga yangi raisi tayinlangandan buyon amalga oshirayotgan ishlari haqida ochiq bayonot bergan emas.
Prezident Shavkat Mirziyoevning bugungi (2022 yil 20 dekabr sanasidagi) Oliy Majlisga va O`zbekiston xalqiga qilgan murojaatnomasida ona tilini bilishga barchani majbur qilish kerakligini ta`kidlagan. Shuningdek, milliy o`zligimiz timsoli bo`lgan tilimizga e`tibor kuchaytirilishi kerakligini aytib o`tgan. "Ona tilini bilishni majbur qilish kerak. Milliy o`zligimiz timsoli, ma`naviyatimiz asosi bo`lgan ona tilimizga e`tibor yanada kuchaytiriladi. Albatta, chet tilini bilish — zamon talabi. Ammo ona tilini bilishni majbur qilish kerak», degan Prezident.
Prezident nutqidagi ana shu iqtibos ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi va ijobiy qarshilandi. Biroq, ayni damda davlat tilini rivojlantirish departamenti huddi “Davlat tili to`g`risida”gi qonun kabi g`oyib bo`lgan ko`rinadi. Sobir Shukurov boshchiligidagi Departament bu yil hisobidan biron marta ham jamoatchilik va jurnalistlar oldida hisobot bermagan.
Ushbu departament Vazirlar Mahkamasining sho``basi hisoblanadi. Biroq, Vazirlar Mahkamasining axborot bo`limi ham departament faoliyatiga oid ochiq va aniq ma`lumotlar bermagan. Rost24.uz muxbiri hukumat idorasidan ham departament amalga oshirayotgan ishlar haqida biron ma`lumot ololgan emas.
"Davlat tili to`g`risida"gi Qonun kechiktirilayotgani bo`yicha ham departament saytida munosabat ko`rinmaydi.
Shavkat Mirziyoev 2019 yilda Prezident Shavkat Mirziyoevning o`zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o`ttiz yilligiga bag`ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ham davlat tili mavqei borasida qator muammolar mavjudligini hamda Davlat tili masalasini milliy g`oya darajasiga olib chiqish zarurligini ta`kidlagan edi.
Prezident o`shanda o`z nutqida “Davlat tili masalasi milliy g`oyamizning asosiy tamoyillaridan biri bo`lishi zarur», degan edi.
Biroq, bugun milliy g`oya darajasiga ko`tarilish kerak bo`lgan davlat tili masalasiga departament qanday yondoshmoqda?
Eslatma, Ma`naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti Prezidentning 2019 yil 21 oktyabrdagi farmoniga asosan tashkil etilgandi. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 19 maydagi [270-son] qarori bilan Shukurov Sobir Sayfievich Ma`naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri lavozimiga tayinlangan.
Departamentning asosiy vazifalari davlat tilini rivojlantirish, undagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish, o`zbek tilining yozma nutq normalari va qoidalarini rivojlantirishni jadallashtirish, shuningdek, lotin grafikasi bo`yicha o`zbek alifbosini to`liq joriy etish, davlat tilidan foydalanishdagi muammolarni aniqlash va boshqalardan iborat.