IIB matbuot kotibi bayonotlari yana yolg`on bo`lib chiqmoqda. Bu haqda Xabar.uz ma`lumot tarqatdi.
«Uchastkovoy»ning o`limiga oid yangi tafsilotlar:
Joriy yilning 30 noyabr kuni soat 00.50 larda Toshkent shahar Olmazor tumani IIO Faoliyatini muvofiqlashtirish bo`limi profilaktika inspektori katta leytenant N.B. tumanning «G`alaba» mahallasiga tezkor chaqiruv bo`yicha etib borib, xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida fuqaro B. Z. tomonidan pichoqlanishi oqibatida vafot etgani xabari berilgandi.
Ushbu qotillik bo`yicha shov-shuvlar hali sovub ulgurmay, jinoyatga oid boshqa tafsilotlar paydo bo`ldi.
Eng yomoni, yangi tafsilotlar profilaktika inspektori «tezkor chaqiruv bo`yicha etib borib, xizmat burchini o`tayotganida» qotillik qurboni bo`lganiga oid xabarlarni inkor etadi. Ya`nikim, «uchastkovoy» qoq yarim tunda bir ayol bilan o`zining shaxsiy mashinasida gaplashib o`tirganida B.Z. (ayolning sha`riy turmush o`rtog`i) kelib qoladi. Chamasi, erkak ayolni kuzatib kelgan va «uchastkovoy» bilan «ushlab» oladi hamda rashk sabab yonidagi xo`jalik pichog`i bilan katta leytenantning ko`kragiga bir marotaba urib, voqea joyidan yashiringan. Olgan jarohati natijasida profilaktika inspektori vafot etgan.
Voqelik ayni shunday kechganini Xabar.uzning poytaxt IIB va prokuratura organlaridagi manbalari tasdiqladi.
Demak, marhum Toshkent shahar IIBB qayd etganidek «tezkor chaqiruv bo`yicha mahallaga chiqqani» ham, IIV matbuot kotibi Sh. G`iyosov aytganidek avval «profilaktika inspektori avval oyog`idan pichoq eb, chalg`igani, bundan foydalangan gumondor uning ko`ksiga pichoq urgani»ga oid bayonotlari yolg`on bo`lib chiqmoqda, deb ta`kidlamoqda xabar.uz.
Eslatib o`tamiz, bundan tashqari IIV matbuot kotibi Shohrux G`iyosovning jurnalistlarga qarata “IIB xodimlari tomonidan o`ldirilgan fuqarolar tayini yo`q, “g`irt xudo urgan” odamlar edi”, degan audosi ham e`lon qilingan edi.