Milliardlarni o`marayotganlar reytingida yana Saidov, Musaev va Shin rahbarligidagi vazirliklar oldida
22.11.2022 09:00
Joriy yilning 9 oyida xalq ta`limi 47 mlrd, sog`liqni saqlash 30 mlrd, maktabgacha ta`limda 7 mlrd. so`m davlat pullarini noqonuniy sarflagani ma`lum qilindi.
Bu haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig`ilishida davlat byudjetining 9 oylik ijrosi muhokamasi jarayonida aytildi.
Oliy Majlis deputati Botir Mardaev:
"Davlat mablag`laridan maqsadsiz foydalanish, byudjet qonunchiligini buzish holatlari to`xtamayapti. Joriy yilning o`tgan 9 oyi davomida tarif razryadlarining noto`g`ri qo`llanishi, ish haqi va moddiy yordam to`lovlarining ortiqcha to`lanishi hisobiga 138 milliard so`mga yaqin xato va kamchiliklar aniqlangan.
Xalq ta`limi tizimida 47 milliard so`mga yaqin, sog`liqni saqlashda 30 milliard so`m, maktabgacha ta`limda 7 milliard so`m, madaniyat vazirligi tizimida 5,5 milliard so`mdan ortiq qonunbuzilishlar aniqlangan. Bajarilmagan ishlar va xizmatlarni «bajarildi», qilib ko`rsatish, byudjetdan ajratilgan subsidiyalar hisobidan o`rnatilmagan uskunalarni ham «o`rnatildi», deb rasmiylashtirish hisobiga 100 milliard so`mdan ortiq qonun buzilish holatlari aniqlangan. Hisobot davrida jami 139 milliard so`m miqdordagi byudjet mablag`larini maqsadsiz sarflanishiga yo`l qo`yilgan."
Eslatib o`tamiz, bundan oldin saytimizda “Senat yana trillionlarni o`marganlar ro`yxatini e`lon qildi, yana amaldorlar jazolanmaydimi?” maqolasi e`lon qilingan edi. Unda Korrupsiya — davlat byudjetini o`marish yildan yilga O`zbekistonda ortib borayotgani, vazirlar Begzod Musaev, Agrippina Shin, Baxtiyor Saidov, Abduqodir Toshqulov rahbarlik qilayotgan vazirliklar davlatga 1 trln. 282 mlrd. so`m moddiy zarar etkazilgani qayd etilgandi.
@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади