“Hokim sifatida ijro vakili, senator va deputat sifatida qonun chiqaruvchi hokimiyat vakili sanaladi. Bu ham etmagandek, Senat Oliy sud rahbariyatini tayinlash orqali sud hokimiyatiga ham bilvosita ta`sir o`tkaza oladi. Bu mantiqsizlik, albatta.”
D.G`ANIEV
O`zbekistonda tartibga ko`ra, barcha viloyat rahbarlari bir vaqtning o`zida Oliy Majlis Senatiga ham saylanadi. 2020 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga o`tgan saylovlardan so`ng 16-17 yanvar kunlari Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a`zolarini saylash bo`yicha qo`shma majlislar bo`lib o`tdi. Unda amadagi qonunchilikka ko`ra doimgidek 14 ta hudud rahbarlari Senat a`zoligiga saylangan.
Mantiqsizlik qaerda?
Bugungi kunda 14 ta hudud rahbarlari bir vaqtning o`zida hokim va senator hisoblanadi. Demak, qonunchilikka ko`ra bir vaqtning o`zida senator va hokim bo`lgan viloyat rahbarlari quyidagi vakolatlarga ega.
Birinchidan, senatorlar O`zbekiston Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va xo`jalik sudini saylaydilar. Bu ularning mutlaq huquqi. Ya`ni, aytaylik qaysidir viloyat hokimining ishi sudda ko`riladigan bo`lsa, uni o`zi tayinlagan sudya ko`rib chiqishi kutiladi. Bu erda sudyaning adolatli bo`lishi va manfaatlar to`qnashuvi bo`lmasligiga kafolat yo`qdek.
Ikkinchidan, senator va hokim lavozimini egallagan mulozimlar O`zbekiston Respublikasi Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo`mitasi raisini ham saylash mutlaq huquqiga ega. Ya`ni, daraxtkesar hokimlarga dakki beruvchi Ekologiya qo`mitasini raisiga ham viloyat va shahar hokimining o`zi senator sifatida ovoz beradi. Balki, shuning uchun ham Ekologiya qo`mitasi raisi “kreslo”ni saqlash yoki senator hokimni tanqid qilish tanlovi orasida qolganda birinchi vazifani tanlashga intilsa kerak. Shu vaqtgacha ekologiya qo`mitasi daraxt kesish masalasida biron bir senator hokimni ochiq tanqid qilmagan.
Uchinchidan, senator hokimlar yana o`z-o`zini nazorat qilish, o`ziga o`zi senatorlik so`rovi yuborish vakolatiga ham ega. Ya`ni, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga ularning vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon qilish talabi bilan parlament so`rovi yo`llashga haqli. Senator hokim o`zini o`zi jazolashi va so`roq qilishi sizning-cha qanchalik adolatli?
To`rtinchidan, senator hokimlar byudjet pulini to`g`ri sarflanishini nazorat qiluvchi Hisob palatasi raisini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish to`g`risidagi farmonlarini tasdiqlash huquqiga ega. Viloyat va Toshkent shahar byudjetini sarflashga bevosita aloqador bo`lgan senator hokimlarga yana bir o`z nazoratchilarini tayinlash va lavozimdan ozod etish huquqi berilgan.
Qonunchilikdagi senator hokimlar amaliyotini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G`aniev “mantiqsizlik”, deb atagan. Deputat rost24.uz saytiga mazkur masala yuzasidan quyidagicha fikr bildirdi:
“Bu amaliyot orqali bir shaxs bir paytni o`zida hokimiyatning 3 ta mustaqil bo`g`iniga bevosita yoki bilvosita ta`sir o`tkazishga imkon beradi. Hokim sifatida ijro vakili, senator va deputat sifatida qonun chiqaruvchi hokimiyat vakili sanaladi. Bu ham etmagandek, Senat Oliy sud rahbariyatini tayinlash orqali sud hokimiyatiga ham bilvosita ta`sir o`tkaza oladi. Bu mantiqsizlik, albatta. Qolaversa, to`g`ridan to`g`ri ehtimoliy manfaatlar to`qnashuviga ham sabab bo`ladi. Lekin qanchalik mantiqsizlik bo`lmasin, qonuniy amaliyot. Chunki, Konstitutsiyada shunga ruxsat berilgan.”