Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi nega ogohlikka chaqirmoqda?
Putin yangi farmonni imzoladi. Farmon 14 noyabrdan kuchga kirdi. Unga ko`ra, Rossiyada yashash huquqi (hujjat)ga ega bo`lgan xorijliklar ham harbiy xizmatga chaqiriladilar.
Farmonga ko`ra, endi xorijiy davlat fuqaroligi yoki yashash uchun ruxsatnomasi bo`lgan askarlar, matroslar, serjantlar, brigadirlar ham harbiy xizmatga chaqiriladi. Fuqaroning xorijiy davlat hududida bo`lishini tasdiqlovchi boshqa hujjat ixtiyoriy hisoblanadi va Rossiya Qurolli kuchlari hamda harbiy tuzilmalarida shartnoma bo`yicha harbiy xizmatga chaqirish yo`li bilan amalga oshiriladi.
Xabar ortidan Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi Rossiya hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O`zbekiston fuqarolaridan Rossiya va Ukraina o`rtasidagi ziddiyatli hududlarga jalb qilish haqidagi da`vatlarga ergashmaslikni, ziddiyatli hududlarga bormaslikni va harbiy harakatlarda ishtirok etmaslikni so`radi.
Qaror matnidan ko`rinadiki, chet el fuqarolari, ya`ni migrantlarni yoki rezidentlarni harbiy xizmat o`tashga majburlanmaydi. Lekin qaror chet elliklar o`zlari xohlasa Rossiya armiyasi safiga qabul qilishni nazarda tutadi. Bu holat esa O`zbekistonda jinoiy javobgarlikka sabab bo`ladi. Chunki, O`zbekiston Jinoyat kodeksida chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, polisiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o`xshash organlariga xizmatga kirish, yollanish bo`yicha jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
Ma`lumot uchun, 14 noyabr kuni e`lon qilingan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasiga a`zo davlatlarning Ukraina foydasiga tovon to`lash masalasida bergan ovozlari natijalariga ko`ra, Afg`onistondan tashqari O`zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari betaraf pozisiyani egallagan.
Eslatib o`tamiz, bir necha marta Rossiyada qamoqxonalarda bo`lgan xorijliklar, xususan o`zbekistonliklar ham urushga yuborilayotgani haqida xabarlar berilgan va O`zbekiston elchixonasi hamda Tashqi ishlar vazirligi bu masala bo`yicha ogohlantirish e`lon qilgan edi.
Shuningdek, 9 noyabr kuni Ukraina bosh razvedka boshqarmasi vakili Vadim Skibiskiy o`z intervyusida O`zbekiston RFga sanksiyalarni aylanib o`tishda yordam berayotganini, bu davlatga raketalar ishlab chiqarish uchun zarur bo`lgan, Amerika va Yaponiya tomonidan ishlab chiqarilgan qismlarni sotayotganini aytgan, O`zbekiston esa rasman bu ayblovlarni rad etib, Ukraina tomonining rasmiy so`rovlari kelib tushgan taqdirda, ularni qiziqtirgan masalalarni o`rganish va xolis ma`lumot berishga tayyorligini bildirgan.
Putin tomonidan e`lon qilingan mazkur farmondan so`ng ham O`zbekiston hukumati Rossiyadagi fuqarolarimizni o`z himoyasiga olib, ularga rasmiy murojaat yo`llashi kutilyaptimi? Hozircha bu haqda biror ma`lumot berilmadi.