Sobiq Kadastr qo`mitasi tizimidagi ko`p xodimlar er sotishga shu darajada kirishib ketganki, hatto ular bu idorani er oldi - sotdisi bo`yicha «bozor»ga aylantirib olishgan go`yo...
Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, keyingi ikki-ikki yarim yil nari-berisida tizimning yuzlab xodimlariga nisbatan jinoyat ishlari qo`zg`atilgan. 28 nafar qo`mita xodimlari er bilan bog`liq qilmishlari uchun jinoiy javobgarlikka tortildi.
Umuman, keyingi ikki yilda er sotish, talon - toroj qilish bilan bog`liq holatlar yuzasidan 473 ta jinoyat ishi qo`zg`atilib, 543 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu jinoyatlarning 354 tasini firibgarlik, 71 tasini poraxo`rlik, 37 tasini soxtakorlik kabi qilmishlar tashkil etadi. Mazkur jinoyatlar oqibatida «uddaburonlar» qariyb 11 mlrd. so`m va 657 ming dollar miqdoridagi mablag`ni qo`lga kiritishgan.
Muammoning eng og`riqli joyi shundaki, oxirgi ikki yilda 300 nafardan ortiq mansabdor shaxs er qonunchiligini buzish bilan bog`liq jinoyatlarni sodir qilganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan bo`lsa, ularning 150 nafarini (yoki 50 foizini) er kadastri xodimlari tashkil etadi.