AQSh O`zbekiston va Markaziy Osiyo bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirmoqda

19.10.2026 09:22

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio yuz nafardan ortiq Amerika kompaniyalari vakillaridan iborat delegasiya bilan O`zbekistonga tashrif buyurmoqda. Tashrif doirasida Samarqandda Markaziy Osiyoning besh davlati va AQSh tashqi ishlar idoralari rahbarlarining C5+1 formatidagi uchrashuvi o`tkazilishi kutilmoqda.

«Dunyo» axborot agentligi xabar berishicha, muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, xususiy investisiyalarni jalb qilish, energetika xavfsizligi va mintaqaviy transport aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Amerika delegasiyasining keng tarkibi O`zbekiston va Markaziy Osiyo bozorlariga AQSh ishbilarmon doiralarining qiziqishi ortib borayotganini ko`rsatadi. Hamkorlikni sanoat, energetika, infratuzilma, qishloq xo`jaligi va raqamli iqtisodiyot sohalarida rivojlantirish istiqbollari ham ko`rib chiqiladi.

2025 yilda O`zbekiston va AQSh o`rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshgan. Ayni paytda O`zbekistonda Amerika kapitali ishtirokidagi 346 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning 143 tasi to`liq Amerika kapitali asosida tashkil etilgan.

2017 yildan buyon mamlakatda Amerika kapitali ishtirokidagi 203 ta korxona tashkil etilgan. O`zbekiston bozorida «Air Products», «General Electric», «General Motors», «Boeing», «Honeywell», «Coca-Cola» va «John Deere» kabi kompaniyalar faoliyat olib bormoqda.

2026 yil iyun oyida V Toshkent xalqaro investisiya forumi doirasida Amerika–O`zbekiston biznes-forumi o`tkazilgan. Unda 193 ta Amerika kompaniyasi vakillari ishtirok etgan.

Muhim minerallar sohasidagi hamkorlik ham ustuvor yo`nalishlardan biri hisoblanadi. 2026 yil fevral oyida O`zbekiston va AQSh muhim minerallar hamda nodir er elementlari etkazib berish barqarorligini ta`minlash bo`yicha o`zaro anglashuv memorandumini imzolagan.

C5+1 formati 2015 yil noyabr oyida Samarqandda tashkil etilgan bo`lib, AQSh va Markaziy Osiyoning besh davlati — O`zbekiston, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston va Turkmanistonni birlashtiradi. 2023 yilda format doirasida birinchi etakchilar sammiti Nyu-Yorkda, 2025 yil noyabr oyida esa ikkinchi sammit Vashingtonda o`tkazilgan.

2025 yil noyabr oyida Vashingtonda bo`lib o`tgan tadbirlar davomida AQSh kompaniyalari Markaziy Osiyo davlatlari bilan umumiy qiymati 25 milliard dollardan ortiq tijoriy kelishuvlarga erishilganini ma`lum qilgan. AQSh Savdo vazirligi ma`lumotlariga ko`ra, Amerika tadbirkorlarining mintaqa mamlakatlari bilan tuzgan tijoriy kelishuvlari umumiy hajmi 100 milliard dollardan oshgan.

Shuningdek, 2026 yil fevral oyida Bishkek shahrida davlat tuzilmalari va xususiy sektor hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan B5+1 forumining ikkinchisi o`tkazilgan. Unda 421 nafar delegat va 40 nafardan ziyod Amerika kompaniyasi vakili qatnashgan.

O`zbekiston–AQSh hamkorligining keyingi bosqichi siyosiy kelishuvlarni aniq investisiya loyihalari, savdo shartnomalari va ishlab chiqarish tashabbuslariga aylantirish bilan bog`liq. Samarqanddagi C5+1 uchrashuvi esa ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim muloqot maydoni bo`lishi kutilmoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар