IIB voyaga etmagan bolalarni ham dars vaqtida tergov qilishni boshladimi?

18.10.2026 17:47


Ta`lim tizimining tepasidagilar qachon bolalarni himoya qilishni boshlaydi?

Chilonzor tumani hokimligi maktabdagi ushbu jarayon aks etgan videoni hokimlikning Telegram kanaliga joylab, biroz vaqt o`tgach o`chirdi. Hanuzgacha holat yuzasidan rasmiy izoh berilmagan. Videoda esa bolalarning yuzlari ochiq ko`rsatilgan.

16 oktyabr kuni Toshkent shahar IIBB YHXB matbuot kotibi Qahramon Xudoyberganov Chilonzor tumanidagi 183-maktabda o`tkazilgan profilaktik tadbir videosini e`lon qildi. Unda taxminan to`qqiz yoshli uch nafar o`quvchi sinfdoshlari oldida savolga tutiladi. Bolalardan maktabga kimning mashinasida kelishi va oldingi o`rindiqda o`tirishi so`raladi. Keyin ularning otalarini maktabga chaqirish va qoidabuzarlik uchun bayonnoma rasmiylashtirish haqida gapiriladi. Sinfdoshlar esa otalarini kechirishni so`raydi.

Yo`l harakati qoidalariga rioya qilish muhim. Ammo bolalarga xavfsizlik qoidalarini tushuntirish boshqa, ularni sinfdoshlari oldida so`roqqa o`xshash jarayonga jalb qilish boshqa. Bunday vaziyat bolalarda qo`rquv, uyalish va o`zini aybdor his qilishni keltirib chiqarishi mumkin. Eng yomoni, bola rostini aytgani ota-onasiga muammo tug`dirishi mumkinligini ko`rsa, keyingi safar haqiqatni yashirishga urinishi ehtimoldan xoli emas.

Bolani himoya qilish o`rniga uni omma oldida noqulay vaziyatga qo`yish profilaktikaning maqsadiga zid emasmi?

Masalaning yana bir muhim jihati voyaga etmaganlarning shaxsiy daxlsizligi. Videoda bolalarning yuzlari va ismlari ochiq ko`rsatilgan. Bolalar ishtirokidagi bunday materialni ommaga tarqatishda ularning manfaatlari, shaxsiy hayoti va huquqlari birinchi o`rinda turishi kerak edi. Zarur hollarda bolalarning shaxsini aniqlash imkonini beruvchi tasvirlar berkitilishi lozim.

BMTning Bola huquqlari to`g`risidagi konvensiyasi bolaning eng ustun manfaatlarini hisobga olish, uning sha`ni va qadr-qimmatini himoya qilishni talab etadi. Shu bois ushbu tadbirning nafaqat maqsadi, balki o`tkazilish usuli ham bola huquqlari nuqtai nazaridan baholanishi kerak.

Chilonzor tumani hokimligi ham videoni o`zining Telegram kanalida e`lon qilib, biroz vaqt o`tgach o`chirib tashlagan. Biroq hanuzgacha bu holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirilmagan. Videoning nima sababdan o`chirilgani va bolalarni tasvirga olish hamda tasvirlarni tarqatish uchun qanday huquqiy asos bo`lgani ochiq qolmoqda.

Yangi tashkil etilgan Ta`lim va ilm-fan vazirligi ham ushbu holatga munosabat bildirishi kerak emasmi? 

Maktab o`quvchilarining huquqlari va ruhiy xavfsizligi ta`minlangan-ta`minlanmaganiga baho berish, ularning sha`ni va qadr-qimmati poymol etilishiga yo`l qo`ymaslik mas`ul idoralarning ham vazifasi. Bolalarning huquqlari buzilgan bo`lishi mumkinligi haqida savollar tug`ilgan bir paytda vazirlikning hozirgacha munosabat bildirmagani ham izoh talab qiladi.

Maktab bola uchun xavfsiz ta`lim muhiti bo`lishi kerak. Profilaktik tadbir esa bolalarni kattalarning ehtimoliy xatolari uchun javobgarday ko`rsatishga aylanmasligi lozim. Bolalarga yo`l harakati haqida ma`lumotlarni dars sifatida tushuntirish mumkin edi, ularni tergov qilishdan ko`ra. Biroq bu erda holat tergov va qo`rqitishdan boshqa narsa bo`lib qolmagan, ya`ni bolalar otam endi uyga borsam nima deydi degan fikr bilan ruhan siqilgan bo`lishi ham katta ehtimoldan xoli emas.

Matbuot kotiblarini lavozimga tayinlashda ularning huquqiy savodxonligi, kasbiy bilimi va jamoatchilik bilan ishlash madaniyatiga jiddiy e`tibor qaratish zarur. Matbuot kotibi nafaqat axborot tarqatuvchi, balki idoraning yuzi va mas`uliyatli vakili hamdir.

Kontent markazi ushbu holatni o`rganib, YHXB matbuot kotibining harakatlariga kasbiy etika va bolalar huquqlari nuqtai nazaridan baho berishi, zarur bo`lsa, xizmat tekshiruvi o`tkazib, tegishli intizomiy chora ko`rishi kerak.
 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар