Mazutmi, ko`mirmi yoki muammoning hidi yana osmonga ko`tarildimi?

19.10.2026 12:16

Sovuq tushishi bilan shaharlarimizda havo yana og`irlasha boshladi. Eng bezovta qiladigani, ertalab ko`chaga chiqqan odam dimog`iga uriladigan, oddiy changga o`xshamaydigan, achimsiq va yoqimsiz hidni ham sezyapti. Bunday paytda odamning xayoliga birinchi bo`lib yana nimadir yoqilyaptimi? mazutmi, ko`mirmi, chiqindimi yoki issiqxona qozonlarida boshqa bir narsami degan fikr keladi.
 
O`zbekistonning rasmiy idoralari ham avvalgi yillarda kuz-qish mavsumida havo ifloslanishining jiddiy sabablari qatorida isitish tizimlari, mazut, ko`mir va talabga javob bermaydigan sanoat chiqindilarini ko`rsatgan. Ammo bugun ertalab sezilayotgan hidning aynan qaysi manbadan kelayotganini tasdiqlaydigan ochiq laboratoriya natijasi yo`q, yaqin-orada bo`lmasa ham kerak.
 
Eng avvalo, mazut haqidagi gumonni tekshirishga arziydigan asos bor. Ekologiya vazirligining 2025 yil 12 sentyabrdagi rasmiy ma`lumotiga ko`ra, Toshkent shahri va viloyatidagi birinchi va ikkinchi toifali 1 233 ta sanoat korxonasi yiliga jami 5,03 million tonna ko`mir va 262 ming tonna mazut iste`mol qiladi. Tekshirilgan issiqlik elektr stansiyalari va issiqlik markazlarining ayrimlari tabiiy gaz bilan birga mazut ham ishlatgan. To`qqizta issiqlik markazi va Toshkent issiqlik elektr stansiyasida esa tekshiruv paytida filtrlar mavjud emasligi qayd etilgan. Hujjatda yoqilg`i yonishi natijasida atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar ham tilga olingan.
 
Mazutdan foydalanish haqidagi shubha asossiz emas. Bunday yoqilg`i haqiqatan ham ishlatiladi va uning yonishi havoga oltingugurt oksidlari hamda boshqa zararli moddalar chiqarishi mumkin. Bu masalada yana bir muhim tafsilot bor. 2024 yil 24 sentyabrda qabul qilingan PQ-338-son qarorda Toshkent va unga tutash Toshkent viloyati hududlarida issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan mazutdan foydalanishni 2030 yildan taqiqlash belgilangan. 2025 yil kuz-qish mavsumi boshlanishidan esa, mazutni zaxira yoqilg`isi sifatida ishlatish har yili Vazirlar Mahkamasining alohida qarori asosida yo`lga qo`yilishi ko`rsatilgan. Demak, Qaror matnidagi talablardan kelib chiqib, jamoatchilik joriy mavsum uchun qanday tartib belgilanganini va amalda qaysi korxonalar qanday yoqilg`i ishlatayotganini bilishga haqli.
Issiqxonalar masalasi ham shunga o`xshash. Ularning bir qismi shahar tashqarisiga ko`chirilgani bilan muammo avtomatik ravishda yo`qolmaydi. Tutun va zararli gazlar ma`muriy chegarani tanlamaydi. Ayniqsa, shamolsiz kechalarda ifloslantiruvchi moddalar erga yaqin havo qatlamida to`planishi mumkin. Bu issiqxonalarni ayblash kerakligini emas, ularning qaerda joylashganidan qat`i nazar, qanday yoqilg`i ishlatayotgani va qozonlarida qanday filtrlar borligini tekshirish zarurligini anglatadi.
 
Ekologiya sohasidagi idoralarning 2025 yil 11 sentyabrda e`lon qilingan ma`lumotida 2024 yil oxiri va 2025 yil boshida Toshkent atrofidagi 630 ta issiqxona tekshirilgani, ularning 40 tasida rezina chiqindilari va avtomobil shinalarini yoqish holatlari aniqlangani aytilgan. Bu korxonalarga nisbatan ma`muriy choralar qo`llangan.
 
Mutasaddilar avtomobil chiqindilari shahar havosini ifloslantiruvchi manbalardan biri ekanini doimiy ta`kidlab keladi. Lekin mashinalar yil bo`yi harakatlansa, nima uchun havo muammosi kuz-qishda keskin seziladi? Javobning bir qismi meteorologiyada, inversiyada bo`lishi mumkin. Ya`ni, sovuq tushishi, shamolning susayishi va harorat inversiyasi ifloslanishni kuchaytirishi mumkin. Lekin bu darajadagi keskin farqli ifloslanishni faqat inversiya bilan oqlab bo`lmasa kerak.
 
7 oktyabr kuni e`lon qilingan keyingi rasmiy ma`lumotda  ham kechqurun va ertalab havo sifati yomonlashgani aytilgan. 6 oktyabr soat 17:00 dan 7 oktyabr soat 10:00 gacha Toshkent bo`yicha PM2.5 ning o`rtacha konsentrasiyasi 43,5 mikrogramm/m³, PM10 esa 97,2 mikrogramm/m³ bo`lgan. Xalqaro havo sifati indeksi bo`yicha bu davrdagi o`rtacha ko`rsatkich 117 ni tashkil etgan, ya`ni havo sezgir guruhlar uchun nosog`lom toifaga kirgan.
Aytish lozimki, aynan hozir sezilayotgan sassiq hidni PM2.5 yoki PM10 raqamlarining o`zi bilan tushuntirib bo`lmaydi. Bu zarrachalarning miqdorini o`lchaydigan ko`rsatkichlar, hidning kimyoviy tarkibini emas. Hid oltingugurtli birikmalar, organik moddalar, chiqindilarning yonishi yoki boshqa manbalar bilan bog`liq bo`lishi mumkin. Ba`zi zararli moddalar esa kuchli hidsiz ham bo`ladi. Shu sababli, odamning dimog`i sezgan hid zaharning faqat bir qisminigina bildirishi aniq, bu esa yanayam xavfli.
 
Mavsum yaqinlashyapti, har yilgi muammolar ham yaqinlashayotgandek. Ertalab derazani ochganda sassiq hid kelsa, buni oddiy kuzgi holat deb qabul qilishga o`rgana boshladik. Hidning manbasi aniqlanishi, tekshiruv natijalari ochiqlanishi va zarur choralar ko`rilishini so`rashga haqqimiz bo`lsa kerak.
Havo toza ekanini idoraning hisoboti aytishi mumkin. Ammo odamlar nega nafas olayotgan havosidan shubhalanishga majbur bo`lyapti? Bunga ham mas`ul idoralar aniq javob berishi lozim.

M. Voris

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар