Bugun — 26 sentyabr kuni Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari o`z kasb bayramlarini nishonlashmoqda. Kun bo`yi sana munosabati bilan ijtimoiy tarmoqlarda tabrik va tizimni isloh qilishga oid takliflar aks etgan materiallar berib borilmoqda.
Nega aynan 26 sentyabr?
Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan 2021 yil 14 sentyabr kuni imzolangan «O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kunini belgilash to`g`risida»gi Qonunga ko`ra, 26 sentyabr – Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni, etib belgilangan. Bu sana bejiz tanlangani yo`q.
KGBdan DXXgacha
1991 yil 26 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning farmoniga binoan O`zSSR Davlat xavfsizligi qo`mitasi (KGB) — Milliy xavfsizlik xizmatiga aylantirilgan. 2018 yil 14 martda O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev MXX organlarini isloh qilish haqida farmon chiqargan. Unga ko`ra, 2018 yil 29 mart kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarori bilan tashkilot nomi Davlat xavfsizlik xizmati, deb o`zgartirildi.
Aytish kerakki, KGB vaqtida asosan xizmatni boshqa millat vakillari boshqargan. 1954 yildan 1991 yilgacha xavfsizlik qo`mitasini boshqargan rahbarlar orasida bironta mahalliy aholi ismb sharifini uchratmaysiz:
Bizov Aleksey Petrovich (20 aprel 1954 — 11 fevral 1960);
Naymushin Georgiy Fedorovich (26 fevral 1960 — 14 dekabr 1963);
Kiselev Sergey Ivanovich (14 dekabr 1963 — 25 oktabr 1969);
Beschastnov Aleksey Dmitrievich (25 oktabr 1969 — 25 oktabr 1974);
Nordman Eduard Boleslavovich (25 oktabr 1974 — 2 mart 1978);
Melkumov Levon Nikolaevich (2 mart 1978 — 24 avgust 1983);
Golovin Vladimir Aleksandrovich (24 avgust 1983 — 27 yanvar 1989);
Morgasov Anatoliy Sergeevich (23 fevral 1989 — 12 iyun 1991);
Mahalliy aholidan bo`lgan ilk rahbar qo`mita MXXga aylangandan keyin tayinlandi. Aliev Gulam Alievich 1991 yil 12 iyundan 1995 yil 27 iyungacha tizimni boshqargan.
Alievdan keyin tayinlangan Inoyatov Rustam Rasulevich 1995 yildan salkam 23 yil davomida, ya`ni 2018 yil 31 yanvarga qadar MXXni raisi edi. 2018 yilda iste`foga chiqarilgan Rustam Inoyatov rahbarlik qilgan davrda Milliy Xavfsizlik Xizmati mamlakatning eng qudratli va qo`rqinchli idorasiga aylangandi.
2016 yilda hokimiyatga kelganidan buyon Prezident Mirziyoev MXX — DXXning qudratini sezilarli darajada chekladi va uning ko`pgina sobiq generallarining ayblari ochilib qoldi va qamoqqa olindi.
Inoyatovdan keyin tayinlangan Ixtiyor Abdullaev o`zbek maxsus xizmatlari tarixiga eng qisqa vaqt boshqargan rahbar sifatida kiradi - u lavozimda bor-yo`g`i bir yil o`tirdi, xolos (2018 yanvar-2019 fevral).
2019 yil fevral oyida sobiq O`zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Abdusalom Azizov DXX raisi lavozimini egalladi. Shundan buyon u O`zbekistonning asosiy xavfsizlik tuzilmasini boshqarib kelmoqda.
Eslatib o`tamiz, 2021 yilda Sobiq MXX binosi sotilgan bo`lib, bu bino madaniy meros sifatida ro`yxatga olingani va uning sotilishi qonunga xilofligi haqida material saytimizda e`lon qilingan edi.