90-yillar O`zbek essechiligi turkumidan
Yo`q, bu safar biz kinoya qilayotganimiz yo`q. Bunga bizda etarlicha asos bor. To`g`ri, u ham o`spirin, buning ustiga iztirob chekadi. Lekin sizga kim aytdi iztirob ma`lum bir qavm yoki bir davr uchun, deb. U umumbashariy va abadiy emasmi?! Qolaversa, uning iztiroblarini pakana, ammo buyuk Bonapartday sarkarda o`zining oq chodirida chalqancha yotib uch, to`rt bora qayta o`qib ta`sirlanmaydi. Davr, sifat, sentimental kayfiyatlar orasidayam farq juda katta. Faqat allaqanday o`xshashlik bor. Balki, bu iztirob cheka olish qobiliyatidir.
Xullas, ular bir-biriga o`ta ziddiyatli va ayni paytda hayratlanarli darajada o`xshashdir. Kinoya esa… Kinoya boshqa davraning o`yini. U qorni yarim to`q, qulog`i yarim tinch, odamlar o`ylab topgan san`atdir. Kinoya — insoniyat tajribasidagi eng maxfiy quroldir. Deylik, uni qo`lingizga ko`tarib yurganingiz uchun ta`qibga uchramaysiz. Xuddi xo`jasini o`ldirishga ketayotib qo`liga gul ko`targan qulga qaraganday qaraydi sizga. Vanihoyat kinoya haqiqatga da`vatdir. Vanihoyat, kinoya dor tagida turgan onasiga intilayotgan go`dakdir.
Buyuk kinoya — jajji iztirobning bolasi. Lekin iztirob — kinoya emas. “Go`yo Iso rus qishlog`iga kelib qolsa qizlar uni kalaka qiladiganday havotirlanadi”gan Lev Tolstoy iztirobga emas, butun rus hayotiga kinoya edi. Mikelanjelo, Dante, Navoiy, Sohibqiron Temur, buyuk Sezar bu insoniyatning insoniyatga atagan achchiq kinoyasidir. Shu jumladan, “Yosh Verter” ham kinoya. Bizga, sizga, unga va jamiki yuragi tosh qotgan, ko`zini yog` bosgan olomonga atalgan kinoyadir.
Sivilizasiya va san`at
“Insoniyat minglab yillik tarixi davomida erishgan sivilizasiyalar o`z-o`zicha, osongina yo`q bo`lib ketmaydi”, degan edi fransuz olimlaridan biri. Har holda “sivilizasiya” so`zining lug`aviy ma`nosi ijtimoiy taraqqiyot bosqichida erishilgan moddiy va ma`naviy madaniyat bosqichi: madaniy taraqqiyot ekanligini nazarda tutsak, faylasufning jo`n bashorati g`ashimizga tegmaydi. Har holda biz bugun bo`ri ovlash uchun qo`lida tosh nayza ko`tarib yalang`och holda chopib yurgan ovchini uchratmaymiz. Yohud o`z asarini tovuq yoki kurka pati bilan bitadigan adib tanishimiz yo`q. Albatta, oddiy kurka patiga bugungi yozuv mashinalariyu, kompyuterlarning hech qanday dahli yo`q. Buning barchasiga o`sha sivilizasiya aybdor. Odamlar bugungiday ijtimoiy farovon hayotga ham sivilizasiya orqali erishdilar.
Bugun er yuzining u burchagidan turib “bizga erk bering” deya hayqirayotgan qora tanli “biz sivilizasiyadan itqitib tashlanganmiz” deya o`ylar ekan, mutlaqo yanglishadi. Chunki sivilizasiya shunday kuchki, qavm tanlamaydi. U keng bir yalanglikka qo`nib, muttasil o`zining zarrin nurlarini taratib turadi. Insoniyat esa o`zi kashf qilgan bu nurlardan bahra olib yashaydi. Davrlar osha ijtimoiy taraqqiyot sari siljiydi. Lekin ma`naviy va madaniy taraqqiyot degan iboralar xususida biroz o`ylab ko`rishga to`g`ri keladi. Albatta, madaniy taraqqiyot deganda antik davrdagi uyatini o`t-o`lan bilan yopib yurgan odam bilan bugungi paxta tolasidan shim kiyib yurgan odamnigina qiyoslash nihoyatda kulgilidir. Chunki ular, ikkalasi ham bir yo`nalishda, uyatini yashirishda ayblanadi ayblansayam. Ko`rinib turibdiki, bu ikki davr odami orasida ijtimoiy taraqqiyotni hisobga olmaganda deyarli farq yo`q. Shu borada ma`naviy taraqqiyot deyish ham unchalik to`g`ri emas. Chunki bu ibora o`z-o`zidan she`riyatda yoki tasviriy san`atda taraqqiyot degan axmoqona tushunchani keltirib chiqaradi.
Mabodo bu to`g`ri bo`lganda edi, bugungi kunda hech kim Navoiyning yoki Sofoklning o`lmas badiyatidan zavq olmas yoki Leonardo da Vinchi asarlaridan ta`sirlanmasdi. Bu narsaning bitta qamrovi mavjud, bu san`atdir. Har holda, bugungi kunda bu ibora huda-behuda joylarga ishlatilayotgan ersa-da, uning haqiqiy sohiblari mavjud. U aslo sivilizasiyaga tobe emas. Bugungi kunning bir-ikkita nozikta`b kishisi bu mulkka “sof” degan so`zni qo`shib ishlatar ekan, albatta bu san`atning emas, insoniyatning qusuridir.
Yana san`at haqida
Qadimdan “Sulaymon o`lib devlar qutuldi”, degan naql bor, biroq bu naql qaysi Sulaymonga tegishli?! “Har qanday yangilik unutilgan eskilikdir” deya pinhona bashorat qilib, bu jahondan mo`minlarcha qochib ketgan Sulaymongami...
Harqalay u ketib to`g`ri qilmagan ekan. Chunki biroz davr o`tib bir yozuvchi uning sirini butun jahonga oshkor qildi. “Bu naql mutloq Sulaymonga tegishli” dedi u va hatto asoslab berdi. Lekin Sulaymonning bu xususiyati suyak surgan ekanki, asrimizning boshlarida yahudiy ekspressionist yozuvchi Frans Kafkayam o`rtog`i — yozuvchi Maks Brodga yozgan asarlarini yoqib yuborishini vasiyat qildi.
Afsuski, Xudo urgan Maks (adabiyotchilar bu hodisani “baxtimizga” deb ataydilar) Fransning sovib borayotgan qo`llarini ushlab turib aldadi. “Xo`p” dedi va uni tuproqqa qo`yib bosmaxonaga chopdi. Bu ikki ko`rinishda ham shon-shuhratdan bosh olib qochishga urinish yaqqol sezilsa-da, sen bu hodisalarni oddiygina takabburlik deb o`ylaysan. Seningcha, go`yo Sulaymon o`sha aforizmni to`qib ikki bora shuhrat qozonish uchun biron yaqiniga “Men o`lgach, ovoza qilinglar” deya, Kafka esa do`stiga vasiyat qilib uni tobutda kuzatib yotgandek. Chunki sen “San`at — san`at uchun” degan aqidaga mutloq qarshisan. Mabodo Maks ularni yoqib yuborganda nima bo`lardi — deb o`ylaysan bu aqidaga qarama-qarshi. Deyarli hech narsa, faqat adabiyotda Kafka degan nom bo`lmasdi. Ko`rinib turibdiki, san`at insonlarsiz hech narsaga arzimaydi. Sen endi baralla shoirning Ryunoskega qarama-qarshi aytgan (u sho`rlik bir zamonlar inson umri Bodlerning bir satrigayam arzimaydi, deb yozgan edi). “San`at — san`at uchun” degan ibora xuddi gul-gul uchun deganday kulgili tuyuladi menga” degan gapini ma`qullaysan. Lekin tuyqusdan san`atning omi xalq uchun emasligini, uning nihoyatda ilohiy qudratini his etasan. Ko`p o`tmay gazetada Kafkaning mashhur “Ochlik ustasi” nomli novellasiga yozilgan sharhni o`qiysan.
“Hikoya qahramoni o`z ochligini namoyish etib, olomonni qoyil qilishi lozim — bu tomoshabinlar talabi. Usta uchun esa, ochlik o`yin yoki ermak emas, balki san`atdir. Ya`ni u o`z san`atini olomon uchun emas, olomon ichidagi bir-ikki nozikta`b muxlislar uchun ko`rsatayapman, deb o`ylaydi. Usta uchun o`rtamiyona “ixlosmand”larning bildirgan hamdardligi — zavq-shavqi mukofot bo`lolmaydi. Navoiy zikr etganidek:
Meni men istagan suhbatiga arjumand etmas,
Meni istar kishining suhbatini ko`nglim pisand etmas.
Ayniqsa, ochlik jarayonini kuzatib turadigan nazoratchilar Ustaga “imtiyoz berayotgani”da u chidab turolmaydi. Nazoratchilar Ustani jo`rttaga o`z holiga qo`yib beradilar. Atayin kuzatmaydilar, uning o`z vazifasini naqadar xolis bajarayotganini ko`rishga intilmaydilar.
Mayli, deb o`ylaydi Usta, nazoratchilar ko`rmasa-ko`rmas, men ularsiz ham o`z san`atimni mukammal namoyish etaveraman, ammo bu mo``jizani ko`rib, uni xolis baholashga qodir inson kim?
Uning turtib chiqqan qovurg`alarini sanayotgan, ochlikning chinligini tekshirib ko`rayotgan avom tomoshabin Ustani qiziqtirmaydi. Bu ochlik haqida yozilgan madhu sanolar ham unga kerak emas, Bu san`atni tushuntirguvchi falsafiy risolalar ham Ustani quvontira olmaydi. U terisi suyagiga yopishib, ko`zlari botgan, “puf” desa uchib ketadigan ramaqijon mavjudotga hayrat-la boquvchi olomonni emas, balki shu mavjudot ichida miltillayotgan yorqin bir fikr, xuddi rassomning tortgan matosi kabi top-toza, o`z nuri bilan faqat o`zidan chiqarayotgan nur bilan yopishib turgan fikrni, turmush xom ashyolariga bulg`anmagan fikrni ko`rishga qodir insonni orzu etadi. Nihoyat, bu orzu ham unga kulgili ko`rina boshlaydi. Hatto orzu ham ta`magirlik bo`lib tuyuladi. Usta so`nggi ilinjidan ham voz kechib, mutloq mukammallikka yuz buradi — o`ladi. Uning mushtday jasadi yotgan bir siqim poxol oltin bulutdir. Bu oltin bulut uzra yotgan Usta olomon ustidan mangu kezib yuradi.
Usta — sof san`atning arvohidir. U san`atning o`zidan boshqa hech kim va hech narsaga xizmat qilmaydi”.
Mutolaa
Har safar mutolaaga o`tirar ekansan, bir narsa haqida, meni nima kutayotgan ekan, deya o`laysan. Keng peshonangni zarbga hozirlab, ko`zlaringni yumib, entikib turasan. Bu vaqtda senga mashhur shoirning “Adabiyotning vazifasi odamlarga aql o`rgatish emas” yohud “Odam aforizmlarni yodlab aqlli bo`lmaydi. Chunki aforizmlar tajribaning suratlaridir”, degan eslatmasi unut bo`ladi. Sen ko`r-ko`rona o`zingdan jamiki ijobiy xususiyatlarga chiziq tortib, yap-yalang`och holda kitobga sho`ng`iysan. Ana shunda sen kutgan mo``jiza ro`y beradi. Piyoladay-piyoladay ko`zlaringni tikib turgan satrlaring nihoyat o`rnidan turadi. Qo`llarini kerib uzoq esnaydi-da, u yoq-buyoqqa alang-jalang qarab oladi, qo`qqisdan uning ko`zlari senga tushib qoladi. Lekin u taajjubga tushmaydi. Chunki, u sendan oldin ham senga o`xshagan bir nechta g`oyaviy buzuqni “odam” qilib ulgurgan bo`ladi.
— Peshonangni tut — deydi u. Sen imranib peshonangni tutasan. Shunday ulug` barmoqlarning iforini ko`zingni ochmasang-da his qilib, sezib turasan. Shu payt tiq etgan ovoz chiqadi. Bu sening peshonangdan taralgan sado bo`ladi. Aslida buni sado demasa ham bo`ladi. Chunki u oshqovoqni urganda chiqadigan tovushday juda qisqa va tanbal bo`ladi. Sen peshonangdan norozi bo`lib burningni tortasan. Kitobning afti burushayotganini his qilasan. Quloqlaringni ding qilib tinglamoqqa shaylanasan. Nihoyat, u xohlamaygina so`z boshlaydi.
— Sen bola, ota-onangni hurmat qil.
— Hurmat qilaman-ku, axir — deysan xolsizgina.
— Juda yaxshi, — deydi u. Unda sevgan qizingni hech qachon tashlab ketma, uqdingmi?! Chunki muhabbat juda buyuk qudrat, muhabbat bu... Muhabbat...
— Nima muhabbat — deysan shoshib.
— Muhabbat, muhabbatda, — deydi u tutoqib.
— “Ijtimoiy problema” degan iborani eshitmaganmisan, — deydi u yana. Sen, “ha” javobini qilasan.
— U bizning yolg`iz yopinchig`imizdir. Misol uchun bir bolaning ichidan qon o`tdi. Buning sababi nima? Dorilangan dalada paxta terganida, albatta. Yohud Xalim chavandozning o`limiga nima sabab bo`ldi?! Sen hech o`ylab ko`rganmisan, uyidan ikki oyoqda chiqib ketib, o`lik qaytishning naqadar dahshatligini?! O`ylab ko`rganmisan? Biz esa o`ylashimiz kerak. O`ylagandayam avom xalq tushunadigan qilib o`ylashimiz va bayon qilishimiz kerak. Chunki biz xalqni tarbiyalamog`imiz, yomon yo`ldan qaytarib, yaxshi yo`lga boshqarib turishimiz kerak.
Darvoqe, chalg`ib ketibman, o`sha chavandozning o`limiga traktorning zinasi sabab bo`lgan edi. Zina yaxshi tortilmaganidanmi, joyidan qo`zg`alib ketgan chavandoz munkib boshini traktor temiriga urib olgan, oqibatda...
U suqrotona boshini irg`ab tin oladi. Bundan foydalanib tezda uni yopib qo`yasan. Sen sarflagan vaqtingga, umringga achinasan. Peshonangda turgan og`riqdan yuzingni tirishtirib o`zingni oynaga solasan. Peshonangdagi sanoqsiz g`urrachalarni ko`rib, xomush tortasan. Peshonangni silab, qarshingda uxlayotgan ukangning top-toza silliq peshonasiga ko`zing tushib “peshonangni tort”, deya beixtiyor baqirib yuborasan.
O`rol Sodiq. 1993 yil.