Hurmatli vazir, darsliklar yaratilishi uchun byudjetdan, ya`ni xalqning pulidan mablag` ajratiladigan bo`lsa, xalqqa yana nega kitoblar uchun pul to`lattirilayapti? Kitobning xarajatlari balki barqaror oylikka yashayotganlar uchun og`ir bo`lmas. Lekin, oilasida uch-to`rt bolani o`qitayotgan o`zi bir million ham daromad topolmaydigan oilalar uchun qiyinchilik tug`dirishi aniq.
Moliya vazirligi ma`lumotlariga qaraganda O`zbekistonda rasman 5,3 million kishi ishlaydi, ulardan 33 foizining oylik maoshi 1 milliondan kam.
Jamoatchilik e`tiroz bildirmoqda, vazir eshitadimi?
Xalq ta`limi vazirligi 2022-2023 yil uchun darsliklarni ijaraga berish narxlari 108 foizga oshganini e`lon qilgandan so`ng ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar boshlanib, bu «islohot»ga nisbatan e`tiroz bildiruvchilar soni ortib bordi. Jumladan faol deputat Rasul Kusherboev kitoblarni pullik ijaraga berish Konstitusiyaga zid, deb hisoblamoqda.
«O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 41-moddasida «Har kim bilim olish huquqiga ega.
Bepul umumiy ta`lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi», deb belgilangan.
Ushbu Konstitusion norma talablaridan kelib chiqilsa davlat umumta`lim maktablarida ta`lim berish bilan bog`liq barcha jarayonlar bepul hisoblanadi. Bunda darsliklar bilan o`quvchilarni ta`minlash ham.
Shu bois, maktablarda darslik kitoblarni pullik ijaraga berish ham Konstitusiyaga zid, deb hisoblaymiz. Bu bizning nuqtai nazarimiz va uni to`g`ri, deb hisoblaymiz. Biroq bu boradagi yakuniy xulosani Konstitusiyaviy sudimiz bildirganida yanada maqsadga muvofiq ish bo`lardi ”, degan deputat o`zining telegramm kanalida e`lon qilgan postida.
Shuningdek, feysbuk sahifasida quyidagicha izohlarni uchratish mumkin:
“#Kim_javob_beradi?
Bepul ta`lim degani shumi?
Ijara haqi qanday asosga ko`ra belgilanadi?
Bir o`quv yili farqi bilan ijara haqi 2,5 baravarga yaqin(!) miqdorda oshganini qanday izohlash mumkin, baraka topkur XTVdagi vallomatlar!?
O`quv programmasi har yiliga o`zgarsa, olimlar o`rtasida darslik yaratish talash bo`lsa, eng qizig`i, bu davlatning ta`lim siyosatiga mos kelmayotgan bo`lsa, ota-onalar aybdormi?!»
«Men hatto maktab darsliklari ijarasiga 6 ming so`m topolmagan bolaman.
Bu yilgilar esa o`rtacha 100 ming so`mni tashkil qilmoqda.
Qishloqda yashaydigan, 5 farzandli, usta-mardikor Rayimga ichim achiydi, qiyin bechoraga 5 farzandni baravariga maktabga berish, maktab pullariyu, formasiga zo`rg`a pul topadi, bu yoqda ro`zg`or tashvishi ham bor».
«Ijtimoiy himoya yagona reesteriga hamma kam ta`minlangan ham kira olmaydi bilasizmi? Tartibini o`qidingizmi 490 mingdan ortiq oylik olmasligi kerak. Sizni o`zizga oyizga 490 ming etadimi?»
«Millionlarni to`yga sarflagan millat 100 mingni ta`limga bermaydi»
Ijtimoiy tarmoqlarda narxlar oshishini yoqlab fikr bildirayotganlar ham bor, jumladan ular xalqimiz to`yga yoki bitta o`tirishga bemalol millionlab sarflashini ta`limga esa 100 mingni qiynalib berayotganini aytishgan.
Bu kabi fikrlarga xayrixohlik bildirgan Xalq ta`limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova shunday ma`lumotni o`z sahifasida e`lon qildi:
«Xabarlarni to`liq o`qimay eski kitob tarqatilsa narxi nega oshadi deb so`rayotganlar uchun!
60 million nusxada yangi avlod darsliklari chiqyapti bu yil, bu hazilakam raqam emas!
Bu yil Prezident Farmoni bilan 3-, 6-, 7- va 10-sinflar uchun to`liq, shuningdek 2- va 3-sinf uchun mashq daftarlari, barcha sinflar uchun ingliz tili, nemis tili va rus tili fanlaridan jami 60 million nusxa yangi avlod darsliklari (2021 yilda 25 million darslik) chop etilyapti.
Bu darsliklarni 2022 yil oxirigacha to`liq chop etib o`quvchilarga etkazish topshirig`i qo`yilgan, vazirlik bu vazifani noyabrgacha to`liq yakunlash harakatida!
DARVOQE!
Quyidagi fuqarolar darslik ijara to`lovidan ozod etilishini eslatib o`tamiz:
✅ birinchi sinf o`quvchilari;
✅ «Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimiga kiritilgan oilalarning farzandlari;
✅ «Mehribonlik uy»lari tarbiyalanuvchilari;
✅ Jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo`lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari o`quvchilari.
Bir yilda bir necha baravarga narxlar oshmoqda, sabab nima?
Xalq ta`limi vazirligi xabarida bunga shunday izoh berilgan:
«Joriy yilda yangi darsliklarning chop etilish xarajatlarining, xususan dunyo bozorida qog`oz narxi (faqatgina 2022 yilning o`zida qog`oz narxi 60-70 foizga oshgan) va qog`ozni mamlakatimizga etkazib berish bo`yicha transport xarajatlarining keskin oshib ketishi, tabiiyki darsliklarni chop etish uchun xarajatlarning ham oshib ketishiga olib keldi.
Ijara to`lovi miqdorlari darsliklar uchun amalga oshirilgan xarajatlardan kelib chiqib, bir dona darslik uchun yagona summasini to`plamdagi darslik va mashq daftarlari soniga ko`paytirish yo`li orqali belgilanadi. Bunda yagona summa barcha sinf va ta`lim tillar uchun bir xil etib belgilanadi.
Joriy o`quv yilida o`rtacha bir dona darslik (mashq daftari) uchun yagona ijara to`lovi 5 707 so`mni tashkil etmoqda va o`tgan o`quv yilidagi miqdor (2 740 so`m)ga nisbatan 2 967 so`mga (108%) oshgan.
Ijara to`lovi summasini ota-onalar darslik to`plamini to`liq olgach 1 oktyabrga qadar amalga oshirishlari mumkin».
Joriy yildagi narxlarni sinflar kesimida qanday belgilanganini quyidagi jadval orqali ko`rishingiz mumkin:
2021-2022 o`quv yilida ta`lim tili O`zbek sinflar uchun darsliklar to`plamlarining ijara narxlari quyidagicha edi:
Ko`rib turganingizdek, narxlar ancha farq qiladi. Byudjetdan moliyalashtiriladigan tizim uchun bunday favqulodda narxlarning oshirilishi ota-onalarning e`tiroziga olib kelishi tabiiy edi.
Rost24 bu mavzuga tez orada yana qaytadi. Kitoblarni nashr etgan nashriyotlar kimlarga tegishli, ular narxlarni qanday asosga ko`ra oshirgan va haqiqatda bu harajatlar asoslimi? Bu haqida keyingi materiallarimizda tanishishingiz mumkin bo`ladi.