Soglikni saklash bergan xulosa notugri bulganmi?

13.09.2025 17:24

Gazeta qizini avvaliga ayiq qafasiga tashlab yuborgan, so`ngra uni pichoqlab o`ldirgan ayol voqeasini o`rganishda davom etmoqda. Mirolim Isajonov mazkur masala yuzasidan bolalar ombudsmani, Ijtimoiy himoya milliy agentligi bo`lim boshlig`i, shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori bilan suhbatlashdi.

«Idoralararo tezkor axborot almashish tizimi mavjud emas»

 

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaga ko`ra, ruhiy nosog`lom shaxslar tomonidan bolalarga nisbatan zo`ravonlik qilish, hattoki buning oqibatida nobud bo`lish holatlari avval ham kuzatilgan.

«Bugungi kunda ruhiy kasal shaxslarni oila a`zolari, bolalarining sog`lig`i va hayotiga xavf tug`dirmasligi uchun chora-tadbirlar ko`rish, davolash jarayonini intensiv davom ettirish va noxush holarning oldini olish maqsadida Bolalar ombudsmani tomonidan Sog`liqni saqlash vazirligiga tegishli so`rov kiritilgan», — deydi u.

zilola to`laganova, reabilitasiya, ruhiy kasalliklar

Surayyo Rahmonova.

«Shuningdek, bu borada huquqni muhofaza qilish va sud organlariga ham axborot kiritganmiz. Bir qancha keyslar bo`yicha sudlar tomonidan e`tiborga olinishi zarur bo`lgan masalalar mavjud. Ya`ni qachonki ota yoki onada ruhiy buzilish aniqlanib, unga hukm emas, balki majburiy davolanish chorasi belgilanganda, albatta, vasiylik va homiylik organiga xabar berilishi shart. Shundagina, vasiylik organi oiladagi farzandlarga kelgusida xavf tug`dirmaslik choralarini ko`radi. Afsuski, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan vasiylik organiga xabar berilmagani uchun ham bunday masala nazoratga olinmay qolayotgan vaziyatlar kuzatilmoqda», — deya qo`shimcha qildi Rahmonova.

Uning ta`kidlashicha, aynan bu voqea inson omilidagi bo`shliq sabab sodir bo`lgan.

 

 

«Vafot etgan qizchaning bobo va buvisiga vasiylik belgilangan. E`tibor qarating, ayol shifoxonadan majburiy davolanib chiqqanidan keyin yana o`sha xonadonga, ya`ni avval ham yashagan ota-onasining uyiga boryapti va unda farzandlari bilan bevosita muloqot qilish imkoni bo`lyapti. Shu nuqtai nazardan biz shunday masalani ko`taryapmizki, davolanish yakunlangach yoki o`zgartirilgan holatlarda, albatta, tegishli tashkilotga xabar berilishi kerak. Shu tariqa, bolaning xavfsizligini ta`minlash uchun choralar ko`rilishi zarur», — deydi bolalar ombudsmani.

Surayyo Rahmonovaning qayd etishicha, idoralararo tezkor axborot almashish tizimi mavjud emas va buni tezroq yo`lga qo`yish zarur.

«Agar onaning shifoxonadan chiqqani haqida bizga xabar berilganida edi, bu oila va u erdagi vaziyatni nazorat qilish imkoni bo`lishi mumkin edi. Bunga ham to`liq kafolat yo`q, albatta. Afsuski, har bir oilaning ustidan to`liq nazorat o`rnatib, bolaning xavfsizligini ta`minlashning iloji yo`q. Nafaqat bolalar bilan bog`liq, balki zo`ravonlikka uchrayotgan ayollar masalasida ham shunday. Lekin idoralararo tezkor axborot berish tizimi yo`lga qo`yilishi zarur. Agar tezkor hamkorlik tizimi yaratilsa, mana shunday vaziyatlarning oldini olish yoki ularning xavfini minimallashtirish mumkin», — deydi u.

«Bu — sog`liqni saqlash tizimining xatosi»

 

Ijtimoiy himoya milliy agentligi bolalarni zo`ravonlikdan himoya qilish bo`limi boshlig`i Laylo Fayzimurodovaga ko`ra, sud ajrim chiqarganida shaxsni bevosita sog`lomlashtirish chorasini sog`liqni saqlash tizimiga yuklaydi. «U ayol 2022 yilda shifoxonaga yotqizilgan bo`lsa, 2025 yilning sakkizinchi oyida tashqi muhitga chiqyapti. Unga qilingan muolajalar shuncha davr ichida ijobiy natijani berishi kerak aslida», — deydi u.

«Masalan, men ruhiy shifoxonadan chiqyapmanmi, kaminaga berilgan tashxis va sog`lomlashtirish jarayonidan keyin sog`liqni saqlash tizimi xodimlari kafolat berishi kerak. Laylo davolandi, unga mana bunday muolajalar qilingani sababli ruhiyatida o`zgarish ijobiy tarafga ketdi, u endi boshqa shaxslarga xavf tug`dirmaydi, degan masalani birinchi navbatga qo`yishi lozim. Agar sog`liqni saqlash tizimi xodimlari o`sha ayolni xavf yo`q, deb shifoxonadan chiqargan bo`lsa, holat bevosita bu tizimning xatosi hisoblanadi», — deya qo`shimcha qildi agentlik rasmiysi.

zilola to`laganova, reabilitasiya, ruhiy kasalliklar


 

Laylo Fayzimurodova / Foto: Ijtimoiy himoya milliy agentligi

«Ayol majburiy davolanishdan chiqqanidan so`ng o`sha uy, o`sha oila va bolalar davrasiga borgan. Vafot etgan qizchani vasiylikka olgan buvining bir tarafida nevarasi, bir tomonida o`z farzandi bo`lgan. Unda ham „Farzandim tuzalib qaytdi“, degan fikr bo`lgan. Qizcha va uning akasi ham „Onam sog`lom bo`lib qaytdi“, degan o`yda yurgan. Jamiyat ham xuddi shunday fikrda edi», — deydi Fayzimurodova.

Uning ta`kidlashicha, agentlik mazkur voqeada onani ham, uning oilasi va farzandlarini ham ayblay olmaydi.

«Bu — sog`liqni saqlash tizimining xatosi, buni tan olish kerak. Ayol stasionar davolanishdan chiqqanidan keyin ambulator davolanish jarayonida ham nazorat va ogohlikni talab qiladi. Ayol uyiga qaytdi, chunki boradigan joyi yo`q. Uni yana jamiyatga integrasiya chorasini qo`llab-quvvatlashimiz kerak. Shu bois Ijtimoiy himoya milliy agentligi onani nohaq deb ayta olmaydi. Ruhiy kasal shaxsni qaysi talablar va qanday xulosalar asosida jamiyatga ziyoni yo`q, deb shifoxonadan chiqarilayotganini tahlil qilib, sog`liqni saqlash tizimi protokollarini qayta ko`rib chiqish zarur», — deydi u.

«Reabilitasiya markazlarini yo`lga qo`yish — juda muhim masala»

 

Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Zarifjon Ashurovning aytishicha, psixiatriya tizimida bemorlar majburiy tartibda to`rtta bosqichda davolanadi.

«Birinchi bosqich Chuqursoy mavzesidagi qamoq tipidagi Respublika kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy xastaliklar shifoxonasida o`tadi. Ikkinchi va uchinchisi qamoq tipidagi emas, balki umumiy tartibdagi psixiatriya shifoxonalari hisoblanadi. Bu ayol kuzatuv kuchaytirilgan qamoq tipidagi shifoxonada 1,5 yil, so`ngra umumiy tartibdagi psixiatriya shifoxonasida ham yana 1,5 yil yotib, davolangan edi. Umumiy tartibdagi shifoxona yopiq turda bo`lmaydi. Bemor u erdagi boshqa kasallar orasida o`zini yaxshi tutsa, ruhiy holati ijobiy tarafga o`zgarib turg`un bo`lsa, uyqusi joyida bo`lsa, keyingi bosqichga o`tkaziladi. Har bir jarayon mutaxassislardan iborat komissiya xulosasi asosida sud orqali amalga oshiriladi. Ambulator majburiy davolash to`rtinchi bosqich bo`lib, bu fuqaroning yashash joyida kechadi. Bunda fuqaro psixiatr kuzatuvi ostiga olinadi», — deydi Zarifjon Ashurov.

«Farzandini o`ldirgan o`sha bemor ayol 2 avgust va 5 sentyabr kunlari ko`rikdan o`tkazilgan va uning ahvoli qoniqarli bo`lgan. U bepul beriladigan dorilarni ham olib ketgan», — deya qo`shimcha qildi mutaxassis.

Uning qayd etishicha, bugungi kunda bemorning shifoxonadan o`z uyiga, ya`ni ambulator majburiy davolashga chiqib ketayotgani haqida ichki ishlarga, albatta, axborot beriladi. «Bu faqat qog`oz ko`rinishida, ya`ni qo`lda boshqariladigan tizim, mazkur jarayonni raqamlashtirish kerak», — deydi u.

zilola to`laganova, reabilitasiya, ruhiy kasalliklar

Zarifjon Ashurov / Foto: Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi
 

«Hozirgi kunda hamkor tashkilotlar uchun platforma yaratilyapti. Unda idoralar vakillari ijtimoiy xavfli bo`lgan shaxsni ham, xavfli bo`lmaganlarni ham, ayniqsa, majburiy davolanayotgan shaxslar bilan bog`liq har bir jarayonni onlayn kuzatib boradi. Ushbu platformada sog`liqni saqlash, sud, ichki ishlar, ijtimoiy himoya tizimlari integrasiya qilinadi», — deydi sog`liqni saqlash tizimi vakili.

«Bemor shifoxonadan chiqqanidan keyin u ish bilan ta`minlanishi, jamiyatga moslashishi, psixologik qo`llab-quvvatlanishi zarur. Bu bir so`z bilan ijtimoiy-psixologik reabilitasiya deyiladi va bular birgina psixiatr vazifasiga kirmaydi, bunday vakolat ham yo`q. Psixiatr har kuni bemorning uyiga borib kelishi kerakmi? Uyiga borganida ham nima o`zgaradi? Birga yotib, yashamaydi-ku. Hozirgi kunda bir tumanda 100 ming aholiga bitta psixiatr to`g`ri keladi. Ular qaysi biriga ulgursin. Psixiatrning vazifasi — tashxis va davo. Lekin nazorat, reabilitasiya, mehnatga joylashtirish kabi jarayonlarda ijtimoiy himoya, ichki ishlar, mahalla vakillari ham ishtirok etishi kerak. Bu masalaga chuqurroq yondashish zarur», — deydi Zarifjon Ashurov.

Uning so`zlariga ko`ra, O`zbekistonda ham ruhiy bemorlar uchun ijtimoiy-psixologik reabilitasiya markazlarini yo`lga qo`yish kerak, bu — juda muhim masala.

«Bemor majburiy ambulator davolanishga chiqqanidan keyin, albatta, yashash uyiga boradi, unda boshqa variant yo`q. Dunyoning ko`plab mamlakatlarida davlat hamda turli nodavlat notijorat tashkilotlari, fondlar tomonidan ruhiy kasallar uchun reabilitasiya uylari va markazlari tashkil qilingan. Bemor shifoxonadan chiqqach, ma`lum vaqt shunday joylarda yashab, jamiyatga moslashadi, bandligi ta`minlanadi, ijtimoiy munosabatlarni shakllantirib boradi. Afsuski, bizda bunday markazlar yo`q. Bugungi kunda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Inson markazlari, yoshi kattalar uchun bog`chalar faoliyatini yo`lga qo`ydi va yana ko`plab ishlarni amalga oshirmoqda. Lekin ruhiy kasallarning ham ijtimoiylashuvini o`ylab, bu borada reabilitasiya joylarini tashkil qilish juda muhim masala hisoblanadi», — deydi mutaxassis.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар